Hayotda u-bu narsaga yetishish yo taraqqiy etish uchun inson qiyinchiliklarni yengib o‘tishi lozim. Ya’ni, insonni majburlamasa, harakat qilishi qiyin. Qullarni boshqalar zo‘rlasa, ozod kishi o‘zini o‘zi zo‘rlaydi. Farqi shunda. Ozodlik o‘zi mif, yo‘q narsa, erishib bo‘lmaydigan makon: erkak kishiga ozodlik berilsa, tez orada degradatsiya bo‘ladi, ozodlikka chiqqan ayollarni ko‘ramiz — yarim yalang‘och, siyosatga aralashmoqchi bo‘ladi.
Ko‘chada yosh yigit-qizlarni ko‘rib qolaman, ingliz tilini o‘rganishga qatnashadi. A shuni uyda o‘qisa bo‘lmas ekanmi, deb o‘ylardim. Keyin xayolimga keldiki, bular o‘zini mustaqil o‘qishga majburlay olmaydi, shuning uchun o‘quv markazlari ushbu bosimni, raqobatni tashkillashtiradi.
Oila, xotin ham erkak kishi uchun shunday bir “nagruzka” — harakat qilish uchun undaydi, stimul bo‘lib xizmat qiladi. Ayollar uchun esa farzand stimul rolini o‘ynaydi, hech qanday biznes yo ofisdagi ish ayolning psixikasiga yetarlicha yuk bo‘la olmaydi.
Muhimi, hayotni tushunaman, demaslik; ko‘p narsalar irratsional asosga ega. Hamma narsaga mantiqiy yondashadigan bo‘lsak, yutkazib qo‘yamiz. Misol ham ko‘z o‘ngimizda, ikkita huquqshunos Rossiya ayollarini tug‘ishga undamoqchi bo‘lishdi. Vladimir Vladimirovich bilan Dmitriy Anatolevich aholini ko‘paytirish uchun ayollarga bola puli berishni qonuniylashtirishdi. Huddi ayol kishi pul uchun tug‘adigandek. Bu siyosati foyda bermadi. Sharoit qanchalik yaxshi (zahmatsiz, bosimsiz, yengil) bo‘lsa, ayol kishi shunchalik tug‘ishdan qochadi, boshqa bo‘lar-bo‘lmas xobbilar bilan band bo‘ladi. Pul ko‘p bo‘lgani aslida to‘sqinlik ham qiladi. Mol-dunyoga bog‘liq bo‘lganida bola ko‘rish, Moskvadagi ayollar farzandlarni ko‘paytirardi, biroq Kavkazda ayollar ko‘proq bola ko‘radi, chunki bu narsa sharoitga bog‘liq emas, balki sababi oddiy — ayol kishini tug‘ishga majburlash lozim.
Albatta, ulamolarimiz dabdabali to‘ylarga qarshi chiqishyapti, ko‘p narsa isrof, xo‘jako‘rsinlik, orzu-havas. Lekin gohida o‘ylab qolaman, agar shu tang‘ir-tung‘urga aldanib, yaltir-yultur matohga uchib, oilasi gapiga ko‘nib, qiz erga tegsa, ofis-menedjerlikning o‘rniga yaxshi kelin, xotin va ona bo‘lsa, balki to‘ylar ham kerakdir — ayollarni majburlash faqat eri tarafidan bo‘lmaydi — erining kuchi yetmaydi: oila, mahalla, jamiyat ham qo‘shilishi lozim.
Baxtli hayotning asosiy qoidalaridan, qanchalik g‘alati tuyulsa ham, turmushda qiyinchilik bo‘lmog‘i lozim, bu moddiy boylikka bog‘liq emas, bilaks, pul ko‘p xatolarni va kamchiliklarni yopadi, ko‘zdan berkitadi, biroq hal qilmaydi.
Bosim bo‘lmasa, hatto tarbiya ko‘rgan, qattiq qo‘llik bilan yetishtirilgan insonlar ham yo‘ldan og‘ishadi.
«Deklariruyutsya semeynie sennosti, a na dele molodej ememeskami drug drugu peresilayet pornuxu. Babushka uchit, kak bit nastoyaщim chechensem, a potom yunosha vklyuchayet MTV, a tam, myagko govorya, uchat drugomu». https://lenta.ru/articles/2016/08/18/sadulaev/
Grinkarta o‘lkamizda ma’lum va mashhur bir o‘yinga aylanib qoldi, hatto Xalq Banki lotereyasidan ham taniqli va ardoqliroq. Biroq, grinkarta bilan ketgan eri-xotinning AQShda yashab ketishining o‘zi lotereya. Hayot go‘zal, pul topish bemalol, xohlaganingni qil, oilaning keragi ham yo‘qdek. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, deb, tuppa-tuzzuk oilalar ham o‘zgarib qoladi — erlar javobgarlikni his qilmaydi, ayollar esa latta-puttaga sotilib, oilasini, erini tashlab ketadi.
Yaqinda bir maqola o‘qib qoldim, o‘rta xol aholi kamayib ketayapti, o‘rta klass kichiklashyapti degan. Bir tarafda boy, zabardast, ijodkor qatlam, boshqa bir tarafda sag‘al kasalmand, sag‘al semizroq, sag‘al smartfoniga bog‘langan, oddiy qora ish bilan kun kechiradigan aholi. Bularning farqi ayni shu o‘zini majburlash yo majburlay olmaslikda, konsentratsiya va e’tiborni jamlashda.
Maqolaning nomini nima deb qo‘yishga qiynaldim — ruschasiga “nasiliye” bo‘lardi, o‘zbekchasiga zo‘rlash, desam, odamlar xayoli boshqa tarafga og‘ib ketadi. Xullas, odam atrofdagilarni majburlashi kerak — o‘zidan boshlab…
Manba: B. Ismoilov Shaxsiy Blog