Salomatlik

Kardiolog har doim aytadigan yurak xastaligiga olib keluvchi 10 ta sabab

Yurak xuruji, yoki infarkt yurakka borayotgan qon oqimining yo‘li to‘silib qolganida sodir bo‘ladi. Bu to‘siqlar asosan yurak arteriya tomirlariga qon yetkazib beruvchi tomirlarda xolesterinning quyuqlashib, to‘planib qolishi, yog‘ va boshqa ta’sirlar natijasida hosil bo‘ladigan tiqinlar ko‘rinishida bo‘ladi.

Mutaxassislarning fikricha, yurak kasalliklariga chalinish yoshi tobora yosharib borayotgan ekan. Bugun yurak, qon-tomir kasalliklari yoshlarda ham kuzatilmoqda. Kam harakatlilik, kuchli tushkunlik, noto‘g‘ri va nosog‘lom turmush tarzi, zamonaviy mahsulotlar, genetik omillar buning bosh sabablari hisoblanadi. Qolaversa, oiladagi nosog‘lom muhit, muammo va mojarolar, tamaki chekish asab tizimiga ta’sir qilib, yurak xastaligini keltirib chiqarishi mumkin.

Quyida yurak faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillar bilan sizlarni tanishtiramiz.

  1. Yosh

Erkaklar 45 yoshdan, ayollar 55 yoshdan boshlab yurak parvarishiga alohida e’tibor berishlari zarur bo‘ladi. Yurak xuruji erkaklarga ertaroq yoshda ko‘p kuzatiladi. Tana keksaygani sayin yurak kuchsizlanib boradi. Yurak xurujidan vafot etganlarning 83 foizidan oshig‘ini 65 yoki undan katta yoshdagi insonlar tashkil qiladi.

  1. Diabet

Oshqozonosti bezi tomonidan ishlab chiqariladigan insulin gormoni tanaga glyukoza yoki qand moddasini yetkazib beradi. Qandli diabet — organizmdagi modda almashinuvi buzilishi sababli yuzaga keladi. U qonda glyukoza moddasi miqdorining oshishi yoki kamayib ketishi oqibatida sodir bo‘ladi. Bu jarayonni nazorat qilmaslik ham yurak xurujiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu kasallikka chalinmaslik uchun sabzavotlar – karam, salat bargi, rediska, bodring pomidor va  ko‘katlarni, mevalardan uzum, olma, anor, apelsin, limon, olxo‘ri, rezavor mevalar iste’mol qilish tavsiya qilinadi.

  1. Oilaning kasallik tarixi

Ota-ona, bobo-buvida yurak xastaligi bilan belgilar mavjud bo‘lsa, bu kasallik keyingi avlodda ham kuzatilishi mumkin. Bunday vaziyatda garchi sog‘lom bo‘lsangiz ham, shifokor ko‘rigidan o‘tib turishga odatlaning. Ayniqsa, erkaklarning 55 yoshdan keyin salomatliklariga jiddiy qarashlari tavsiya qilinadi.

  1. Tushkunlik

Tushkunlikka mag‘lub bo‘lish, g‘azabni jilovlay olmaslik ham yurakni jarohatlaydi. Stress kortizol (stress gormoni) miqdorini ko‘paytirib yuboradi. Aslida, hozirgi zamonda kortizol miqdorining oshib yurishi odatiy hol bo‘lib qolgan. Ushbu gormon mushaklarning degradatsiyasiga va yog‘ miqdorini ko‘payishiga olib keladi. Ruhshunoslarning fikricha, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va har daqiqadan unumli foydalanish, maqsadli rejalar tuzish, ichki xotirjamlikka berilish insonni tushkunlik changalidan xalos qilar ekan. Shuningdek, tez-tez massaj olib turing, meditatsiya bilan shug‘ullaning.

  1. Yuqori qon bosimi

Gipertoniya – eng ko‘p tarqalgan yurak xastaligi omili hisoblanadi. Inson tanasidagi sog‘lom qon bosimi 120 ga 80 bo‘lishi kerak. Yuqori qon bosimi kasalligi ateroskleroz rivojlanishini jadallashtiradi. Yog‘li va yuqori kaloriyali ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish, kam harakat qilish,  ruhiy-hissiy zo‘riqish ateroskleroz rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Tanadagi normal qon bosimi minglab qon tomirlari devorlarining qon oqimiga nisbatan ko‘rsatgan qarshiligi hisobiga paydo bo‘ladi. Organizmdagi qon tomirlar kengayib-torayib turish xususiyatiga ega bo‘lib, muhitga moslashib, o‘rtacha muvozanatda turadi. Buyrak va yurak tomiri kasalliklari, jahl qilish, darg‘azab bo‘lish qon bosimining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qon bosimi yuqori bemorlarga 8 soatdan kam bo‘lmagan uyqu, to‘g‘ri va ratsional ovqatlanish, har kuni 2,5-3 km. masofa piyoda yurish, ularni asab tizimiga salbiy ta’sir qiladigan omillardan himoya qilish tavsiya qilinadi.

  1. Xolesterin miqdorining oshib ketishi

Qon tarkibida ko‘payib ketgan “zararli” xolesterin arteriyaning ichki devorlarida cho‘kib qoladi. Vaqt o‘tishi bilan arteriya torayib qoladi, ya’ni tiqinlar bilan to‘silib qoladi. Bu insult, infarktga sabab bo‘lishi mumkin.

Tanadagi oqsillar birikuvi, hujayralar o‘sishida xolesterin muhim o‘rin tutadi. Asab to‘qimalari, gormonlar va D vitaminlari tarkibida ham xolesterin bo‘ladi. Har kuni tanamiz1 grammdan 5 grammgacha xolesterin ishlab chiqaradi. Xolesterin yangi asab hujayralarining rivojida muhim o‘rin tutadi. Shu sababli ham, xolesterinning taxminan 20 foizi bosh va orqa miyada joylashgan. Qonda “foydali” va “zararli” xolesterin bo‘ladi.

Baliq mahsulotlari, yong‘oqlar, o‘simlik moylari, olma, ko‘k choy va tabiiy sharbatlar “foydali” xolesteringa boy bo‘ladi.

  1. To‘yingan yog‘lar iste’moli

To‘yingan yog‘larga boy bo‘lgan taomlarni, yog‘li go‘shtlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish yurak xurujiga olib keladi. Jahon yurak federatsiyasi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga qaraganda, insultga chalingan bemorlarning 11 foizi, yurak-qon tomirlari bilan og‘rigan bemorlarning 31 foizi haddan ziyod yog‘li mahsulotlarni xush ko‘rar ekan.

Mol va qo‘y go‘shtidagi yog‘larni iste’mol qilishni kamaytiring, sariyog‘, pishloq, qaymoq, smetanani me’yorida iste’mol qiling. Ammo tanaga yog‘ning kirmasligi ham yurak faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi.

  1. Kamharakat turmush tarzi

Tibbiy tadqiqotlar natijasida, harakatsizlik yurak xuruji bilan og‘rish xavfini 50 foizga oshirishi aniqlangan. Yurak xuruji xavfini kamaytirish, tananining salomatligini ta’minlash uchun inson hafta mobaynida kamida 150 daqiqa faol harakatda bo‘lishi kerak. Hech bo‘lmaganda, haftada 3 kun yengil bo‘lsa ham, sport mashqlarini bajarib turing.

  1. Ortiqcha vazn

Dunyo miqyosida 1,5 milliard odam ortiqcha vaznga ega, 600 millionga yaqin kishi semizlikdan aziyat chekmoqda. Noto‘g‘ri ovqatlanish, kechki mahalda yuqori kaloriyali mahsulotlar, taom iste’molidan so‘ng cho‘zilib olish, Natijada oshqozonga kirgan taom hujayralarga kislorod tashib darmon bo‘lish o‘rniga, ortiqcha yog‘ga aylanadi.

Ortiqcha yog‘ yurak mushak tolalarida yog‘ saqlovchi hujayralarning ko‘payishi, natijada yog‘ zahirasi kattalashib, yurakning umumiy og‘irligining yarmidan oshib ketadi. Yurak devorlari yog‘ bosganligi uchun u ko‘p ishlashga majbur bo‘ladi va shu tufayli kengayadi.

  1. Tamaki chekish

Chekuvchi tamaki tarkibida 300 ga yaqin zararli moddalar bo‘lib, u tutayotgan vaqtda o‘zidan nikotin, is gazi, karbonat angidrid, radiaktiv poloniy, qo‘rg‘oshin, turli qatronlar, sitsil, chumoli va bosh-qa kislotalar, oltingugurt, benzopiren, ammiak, for-maldegid, qorakuya kabi zararli moddalar chiqaradi.

Chekish yurakni qon bilan ta’minlovchi koronar arteriyalarni zararlab, umumiy ateroskleroz rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Mutaxassislar yurak xuruji oldindan aniqlab, davolash mumkinligini, o‘z vaqtidagi muolajalar halokatning oldini olishini ta’kidlashadi. Yurak xuruj qilganida zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling!