Zahiriddin Muhammad Bobur haqida 7 dalil
- Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga kelgan;
- 1494 yili otasining o‘limidan so‘ng 12 yoshida Farg‘ona hokimi etib tayinlangan;
- 1504 yili Shayboniyxon Andijonni ham qo‘lga kiritgandan so‘ng, Bobur janubga qarab yo‘l oldi va Kobul ulusida o‘z hokimiyatini o‘rnatgan;
- 1526 yil aprelida Panipatda Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘di bilan va 1527 yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan bo‘lgan janglarda Boburning qo‘li baland kelgan;
- Bobur 1530 yilning dekabr oyida Agra shahrida vafot etadi. Uning xoki keyinchalik vasiyatiga ko‘ra Qobuldagi “Bog‘i Bobur”ga olib kelingan;
- Zahiriddin Boburning «Boburnoma» asariga qadar Hindiston hech qachon bunchalik chuqur o‘rganilmagan va u hind olimlariga mamlakat tarixini o‘rganishga katta yordam bergan.
- Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qilgan «Boburiylar sulolasi»ning «Buyuk mo‘g‘ullar» nomi bilan atalishi Ovro‘po tarixchilarining xatosidir.
Shoh shoir shaxsiyatiga xos 7 fazilat
-Vatanparvarlik;
-Yuksak himmatlilik;
-Jasurlik;
-Boshqaruvda benazirlik;
-Odamlarga farovonlik sog‘inish;
-Jangchilar ko‘ngliga yo‘l topish;
-Adolat qilmoqlik.
Zahiriddin Bobur hikmatlaridan namunalar
"Shafqatsiz kishi azobga loyiqdir."
"Yaxshi kishilarni Yaratgan yaxshi do‘stlar bilan siylaydi."
"Ko‘pchilik bahodirlar qanchalar kuchli bo‘lmasinlar, ular hargiz o‘z jahllari va qo‘rquvlaridan ustun kela olmaydilar."
"Ko‘nglingni dinlarning muhokama maydoniga aylantirma. Adolat o‘rnatishda insonlarning e’tiqodiga chuqur hurmatda bo‘l."
Mirzo Bobur to‘g‘risida 6 ta jahonshumul fikr
1. Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mumtoz insonlarni dunyoga bergan xalq hech qachon xor bo‘lmaydi, muqarrar tarzda saodatga erishadi.
Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
2. Bobur Hindistonga kelgandan keyin katga siljishlar yuz berdi va yangi rag‘batlantirishlar hayotga, san’atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi.
Javaharlal Neru, jamoat arbobi
3. Bobur fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan.
Eduard Holden, tarixchi olim
4. Mirzo Boburning Hindistondagi qudrati uning bosib olgan yerlari bilan emas, u hind xalqining ko‘nglida uyg‘ota olgan hurmat-ehtirom bilan o‘lchanadi.
Qamar Rais, jamoat arbobi va adabiyotshunos
5. Boburning hind xalqiga qilgan eng katta xizmati shuki – u xalqimizning ruhiy-ma’naviy olamini kengaytirib, ularni o‘z kulbalaridan tashqariga qarashga, dunyoning naqadar katta ekanini anglashga majbur qildi. Bobur san’at va, ayniqsa, adabiyotni sevardi.
Javoharlal Neru, jamoat arbobi
6. Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati, ularga mashg‘ulligi bilan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta hukmdor topilmaydi.
Uilyam Erskin, "Boburnoma"ning ingliz tarjimoni
Boburiylar sulolasi haqida 10 dalil
Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasi nomi bilan tarixga kirgan Boburiylar sulolasidan oldin ham, undan keyin ham Hindiston tarixida bu qadar qudratli davlat barpo etilmagan. Bu sulola ham ma’rifat, ham qudrati bilan buyuk va ibratli podshohlarni tarbiyaladi. Quyida sizga bu imperiyaga oid 10 dalilni taqdim qilamiz.
1. Imperiya hayoti: 1526–1857 yillar
Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasi nomi bilan tarixga kirgan sulolaning 5 vakili – Zahiriddin Bobur, shoh Humoyun, Jahongir Mirzo, Shoh Jahon va Avrangzeb davrida imperiya har jihatdan rivoj topdi. Bahodir Shoh II sulolaning so‘nggi podshohi bo‘lgan.
2. Kelib chiqishi
Mirzo Bobur sulolaning asoschisi bo‘lib, uning kelib chiqishi Amir Temur va Chingiz Xonga bog‘lanadi. 1526 yil bo‘lgan Panipat jangidan keyin Bobur Mirzo Hindistoning shimoliy hududlarida mutloq hukmdorlik o‘rnatadi.
3 Imperiya hukmronligining cho‘qqisi
Shoh Avrangzeb davrida Hindiston aholisining deyarli barchasi sulola hukmronligini his qildi. Podshohlik chegarasi Afg‘onistondan Hindistonning janubiy viloyatlariga, Hind ummoni yaqinigacha o‘rnatilgan.
4. Me’moriy inshootlar
Zahiriddin Bobur Dehlini egallagach, saroy g‘aznasini go‘zal inshootlar barpo etishga sarfladi. Bu odat har bir Boburiy hukmdorning fazilatiga aylandi. Natijada, Toj Mahal, Jome’ Masjid, Qizil saroy, Humoyun maqbarasi kabi binolar, bog‘-rog‘lar yaratildi.
5. Shoh Jahonning “Toj Mahal”i
Inshootlar orasida eng jozibalisi – bu Toj Mahal. Sevikli yori Mumtoz Mahal sharafiga bunyod etilgan maqbarani qurish uchun Samarqand, Eron ustalari olib kelingan. Bugun Hindistonga bu me’moriy mo‘’jizani ko‘rish uchun har yili 4 million nafar sayyoh keladi.
6. Milliy taomnoma
Bobur bilan birga madaniyat va an’analar ham kirib bordi. Misol uchun, bugun hindlar sevib iste’mol qiladigan palov, kabob, non ham aynan Markaziy Osiyodan kirib borgan.
7. San’at
Adabiyot va san’at Boburiy hukmdorlar davrida uyg‘un holda, yuksakka ko‘tarildi. Ayniqsa, bobolaridan keyni Akbar, Shoh Jahon va Jahongir shohlarning e’tibori tufayli Hamzanoma, Nizomiy "Xamsa"si, Darabnoma kabi asarlar uchun suratlar ishlangan.
8. Til
Sulola asosan forsiy va turkiyni davlat tiliga ko‘targan. Keyinchalik fors, turk va arab tillari qorishmasidan urdu tili paydo bo‘lgan.
9. Imperiyaning yemirilishi
Avrangzeb davrida erishilgan ulkan hudud o‘z navbatida podshohlik armiyasining mustahkamligiga ham jiddiy zarar yetkazgan. Natijada, mamlakat janubida o‘zini qirol deb e’lon qilgan sarkardalar tomonidan qo‘zg‘olonlar ko‘tarilgan.
10. Sulolaning tugatilishi
Bahodir Shoh II yoki Bahodir Shoh Zafar – so‘nggi Boburiy hukmdordir. Bobosi Mirzo Bobur kabi, shoh va shoir. U 1857 yilda saroydan qochib, aholining inglizlarga qarshi qo‘zg‘oloniga boshchilik qiladi. 1858 yilda sud hukmi bilan Birmaning Rangun shahriga surgun qilinadi.
Bahodir Shoh Zafarning 4 xotini va kanizaklaridan 22 o‘g‘li, 32 ta qizi bo‘lgan. Ularning avlodlari bugun Hindiston, Pokiston, Birma va AQShda istiqomat qilishmoqda.
“Ko‘hi nur” olmosi
“Boburnoma”da tilga olingan, “dunyodagi eng katta olmos” deya ta’riflanadigan bu javohir uzoq yillar davomida Boburiy hukmdorlar tasarrufida bo‘lgan. Nomi “tog‘ning nuri” ma’nosini anglatuvchi tosh unga ega bo‘lgan hukmdorning kuch-qudratining ramzi bo‘lgan. Uning og‘irligi 191.10 karat bo‘lib, Mirzo Bobur uning bahosiga dunyo aholisini 2.5 kun boqish mumkinligini aytgan. Hind afsonalariga ko‘ra, bu tosh ham o‘z egasini tanlaydi. Unga ega chiqqan kimdir qudratli, boshqasi xonavayron bo‘lgan. Ko‘hi nur olmosi Boburiy shahzodalarga kuch-qudrat olib kelgan. Uni Humoyunga Ibrohim Lo‘di xonadoni vakillari shahzodadan shafqat ko‘rgani bois sovg‘a qilishgan. Inglizlar bosqinidan keyin Ist-Indiya kompaniyasi uni qirolicha Viktoriyaga sovg‘a qiladi. So‘nggi 150 yildan buyon Britaniyada saqlanadi. U dunyodagi eng qimmat bosh kiyim bo‘lmish Qirolicha Elizabetning tojining markaziga o‘rnatilib, tojdagi 2.800 nafar qimmatbaho toshlarning eng kattasidir. Qayta ishlash jarayonida uning 43 foiz vazni yo‘qolgan.