Suriya futbol federatsiyasi portugaliyalik murabbiy Joze Mourinoga Suriya terma jamoasiga murabbiylik qilishni taklif qildi. Bu haqda federatsiyaning Facebook’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
"Suriya futbol federatsiyasi rahbarlari uchrashuvidan keyin Joze Mourinoga Suriya terma jamoasiga murabbiylik qilishga rasmiy taklif yuborishga qaror qilindi", deyilmoqda xabarda.
Terma jamoaning avvalgi bosh murabbiyi Fajr Ibrohim o‘z lavozimini 29 martda tark etdi, u jamoaga 2015 yil 6 yanvardan boshchilik qilib kelgandi.
Avvalroq OAVda hozircha ishsiz bo‘lgan Mourino "Manchester Yunayted" bilan shartnoma shartlarini kelishib olgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra portugaliyalik "o‘zgacha" murabbiy 3 yilda 60 mln yevro maosh oladi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar 1,5 oy davom etgan.
Suriya terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatining Osiyo mintaqasidagi saralash bosqichining 3-raundiga chiqdi.
Manba: Kun.uz