Bilasizmi?

Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari faoliyatini baholashning reyting tizimi joriy etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport  vazirining “Jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.

Nizomga ko‘ra, pedagog kadrlarning malaka tavsiflariga muvofiqligi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi hamda tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan xodimlarning asosiy lavozimlari malaka tavsiflaridagi talablar asosida o‘rganiladi.

Quyidagilar pedagog kadrlarni faoliyati samaradorligini baholashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

o‘quv fani bo‘yicha malakasi, dars o‘tish mahorati, mehnati samaradorligi va malaka oshirish kurslarida bilimlarini oshirgan pedagog kadrlarni rag‘batlantirish;

jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etgan hissasi uchun ish haqi miqdorini oshirish imkoniyatlarini yaratish;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi, chet tillarini bilishi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishni ta’minlash.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashning asosiy prinsiplari davriylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish hamda xolislik hisoblanadi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholash maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlari uchun har o‘quv yili yakuni may-iyun oylari bir marta o‘tkaziladi.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashni o‘tkazishda hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Muvofiqlashtirish ishlari, faoliyat samaradorligini baholash jadvallarini ishlab chiqish va jarayonga oid faoliyatni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma qarorlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etishdan, uzluksiz ta’lim tizimi pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashni o‘tkazishdan hamda ularning natijalarini e’lon qilishdan iborat.

Pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholashni nazorat qilish, uning natijalarini tahlil qilish, baholash hamda mazkur Nizom talablari buzilgan holda qabul qilingan qarorlarga oid ma’lumotnomalarni tasarrufida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga yuborish orqali amalga oshiriladi.

Pedagog kadrlar asosiy ish joyi bo‘yicha faoliyati samaradorligini baholashga jalb etiladi. Ta’lim muassasalarida o‘rindoshlik asosida dars beradigan va asosiy ish joyi bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmaydigan pedagog kadrlar o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasida faoliyati samaradorligini baholashdan o‘tadi.

Quyidagilar pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholash komissiyasining vazifalari hisoblanadi:

a) pedagog kadrlarni faoliyati samaradorligini baholashdan o‘tkazish;

b) pedagog kadrning dars o‘tish mahorati - dars tahlillari, ochiq darslar o‘tganligi, ta’lim oluvchilarining reyting ko‘rsatkichlari, ta’lim berish vositalari hamda shakllarini maqbul ravishda tanlashi, tavsiya etilgan ilg‘or pedagogik uslub va texnologiyalarni (zamonaviy uslubi, loyihalar uslubi, hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulotlar o‘tish, interfaol ta’lim uslubi va boshqalar) qo‘llashi;

v) pedagog kadrning mehnat samaradorligi - ta’lim oluvchilarni tayyorlaganligi, ta’lim oluvchilar va faoliyati samaradorligini baholashdan o‘tuvchilarning tuman, shahar, viloyat, respublika, xalqaro va turli musobaqalarda erishgan yutuqlari;

g) axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanishni bilishi, xorijiy tillar hamda ijtimoiy-siyosiy bilimlarini suhbat orqali aniqlash;

d) pedagog kadrlar faoliyati samaradorligini baholash komissiyasining yakunlari bo‘yicha natijalarni tahlil qilish va Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga hisobotni taqdim etish.

Pedagog kadrlarning faoliyati samaradorligini baholash quyidagi ballar yig‘indisi asosida belgilanadi:

faoliyati samaradorligi qoniqarli – 56 balldan 75 ballgacha; faoliyati samaradorligi o‘rta            – 76 balldan 85 ballgacha; faoliyati samaradorligi yuqori         – 86 balldan 100 ballgacha.

O‘quv-tarbiya jarayoniga katta shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan iqtidorli pedagog kadrlariga ustama haq to‘lov miqdorlari quyidagicha belgilanadi:

faoliyati samaradorligi qoniqarli deb qaror qabul qilinsa eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida;

faoliyati samaradorligi o‘rta darajasi deb qaror qabul qilinsa eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida;

faoliyati samaradorligi yuqori deb qaror qabul qilinsa eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida.