Bilasizmi?

Jamoat oldida chiqish qilishning 18 siri

Maktab sahnasidagi ilk chiqishingiz hali esingizda turgan bo‘lsa kerak. Badandan sovuq ter chiqib, so‘zlarning o‘rni almashib qolgan, hammaning nigohi bizga qadalganini o‘ylab asablar taranglashgan holat.

Jamoat oldida chiqish qilish, muzokara olib borish erkak kishi qila olishi kerak bo‘lgan muhim xislat hisoblanadi. Boisi erkak oila boshlig‘i sifatida har xil vaziyatga tushishi, muvaffaqiyatli ish yuzasidan amallarini so‘zlarida ham ifodalay olishi lozim.

Muloqot – hayotda inson eng ko‘p ehtiyoj sezadigan, umrining sezilarli bo‘lagi sarflanadigan jarayon. Uning ahamiyatli bo‘lishi umrning mazmun-maqsadiga ham ta’sirini o‘tkazadi.

Muvaffaqiyatli chiqish qila olish ko‘nikmasiga ega barcha insonlarning yagona yutug‘i – ularning mehnati. Ular gapirayotgan har bir so‘z zalvorining ortida shunga yarasha amal, ya’ni harakat turgan bo‘ladi.

Quyida sizga jamoat oldida samarali chiqish qilishda yordam beradigan 18 ta, eng ko‘p aytiladigan tavsiyani taqdim qilamiz.

  1. Olomon bilan emas, odamlar bilan bog‘laning.

Ma’ruza arafasida qarshimizda turgan olomonni ko‘rib bizni hayajon bosadi. Buning bosh sababi – qarshimizdagi odamlarning begona ekani. Biz 20-30 nafar yaqinlarimizdan iborat jamoa oldida bemalol, samimiy gapira olamiz. Ammo shuncha notanishning bizning himoya tizimimizga ta’sir o‘tkazishi tayin.

Shu sababli, ma’ruza boshlanguniga qadar yoki chiqish qilayotganingizda auditoriya bilan aloqaga kirishing. Savol-javoblar asnosida ular to‘g‘risida, mavzu yuzasidan munosabatlari, qiziqishlari haqida bilib oling.

Shunda sizga tikilgan olomon siz uchun qadrdon jamoaga aylanadi. Siz uning ba’zi jihatlari to‘g‘risida bilib olasiz va o‘zingizni uning qarshisida erkin his qilasiz.

  1. Qaddingizni tik tutib, o‘tkir va samimiy nigoh bilan boqing.

Tildan chiqayotgan so‘zlarning ko‘zlarda ifodalanishi chiqish ta’sirini oshiradi. Go‘yoki opera kuylayotgan san’atkorning mahorati uning yuz va ko‘z ifodasiga qarab ham baholanayotgani kabi, sizning chiqishingizda ham ko‘zning ahamiyati yuqori bo‘ladi.

Muvaffaqiyatli notiqlar faoliyati o‘rganilganda ularda ma’ruza jarayonidagi ikki o‘xshashlik aniqlangan. Biri – tik tutilgan qad-qomat va boshqasi – ovoz ohangi. Ovoz ohangi ba’zida xayrixoh, ba’zida qat’iy, ammo doimo samimiy bo‘lishi lozim.

Qaddingizni tik tuting. Ruhshunoslarning fikricha, qad-qomatini tik tutib so‘zlayotgan kishi rost va o‘ziga ishonib so‘zlar ekan. Shuningdek, tadqiqotlar so‘zlovchining tik va ravon qomati muvaffaqiyatli nutqning 60 foizini ta’minlashini ko‘rsatmoqda.

  1. Qo‘l va gavda tilidan foydalaning.

Omma oldida asab tizimi tez toliqadi. Natijada o‘ziga ishonchi pastroq inson turli qovushmagan harakatlar qila boshlaydi. Siz bu harakatlarni maqsadli va mazmunli harakatga aylantiring.

Ko‘pchilik notiqlik san’ati mutaxassislari gavda tilini tanqid qilishadi. Ammo bu harakatlar tinglovchiga siz mavzuni yoki masalani tushuntirishga chin yurakdan harakat qilayotganingiz haqida xabar yuborib turadi. Shu bois, yengil va juda tez bo‘lmagan, ohista qo‘l harakatlarini qilish, fikrlarni bosh bilan tasdiqlash mumkin. Bu kabi harakatlar auditoriyaning diqqati sizga qaratilishini ta’minlaydi.

Ammo yengil-yelpi, keskin harakatlar qilmang. Gavdangizni uyoqdan buyoqqa tashlamang.

  1. Nafas oling: chuqur-chuqur nafas oling.

So‘zlayotganda to‘g‘ri nafas olish so‘zlarning burro, chaynalmasdan talaffuz qilinishiga yordam beradi.

Chuqur nafas olganda tanaga yetarli kislorod qiradi. Natijada, miya ham, tana ham yaxshi faoliyat ko‘rsatadi. Biror masalani oyoqning uchiga qadar tafakkur qilish kerak, degan tushuncha bor. Bunday holatda ravon va bardam so‘zlash mumkin bo‘ladi. To‘g‘ri nafas olish tetiklikni ham ta’minlaydi.

  1. Ko‘z orqali aloqa o‘rnatish.

Ko‘z orqali aloqa auditoriya bilan bog‘lanishning muhim vositasi. Ma’ruzachi xonaga diqqat bilan razm solishi, auditoriyadagilarga diqqat qilib, ularga nigohini yo‘naltirishning o‘zidan katta kuch-quvvat olar ekan.

Ruhshunoslar ham insonlar ko‘zlari yordamida energiya almashishlarini tasdiqlashadi. Sizga tikilib turgan xayrixoh va do‘stona nigohlar dalda bo‘ladi.

Ko‘z orqali aloqa auditoriyadagi odamlarni "uyg‘oq" tutib turishning vositasi. Siz bir marotaba ko‘z urishtirgan odam ma’ruza davomida sizga diqqat qaratadi.

Yana bir qiziq jihati shundaki, ko‘pchilik oldida ma’ruza qilayotganda siz kimgidar qarasangiz uning atrofidagi 3-4 kishi sizni go‘yo o‘ziga qarayotgandek qabul qiladi va diqqatli bo‘ladi.

  1. Muvaffaqiyatli kirish va samimiy davom ettirish.

Boshlash – har ishning muhim pallasi. Ma’ruza taqdiri ham kirish qismiga bog‘liq. "Sizga ma’ruza qilishdan mamnunman", "Meni taklif qilganingiz uchun rahmat" degan kirish so‘zlari "aslida bunga munosib emasman" degan ma’noni beradi. Mohir notiq hatto u ma’ruza qilmoqchi ekanligini sezdirmasdan odamlar bilan suhbatga kirishib ketadi.

Mashhurlarning fikrlari, statistik ma’lumotlar, kunning biror dolzarb yangiligi, ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol orqali kirish qilish samarali usuldir.

Juda bo‘lmasa, nutqdan oldin sukut saqlang. Bu sukut tinglovchilar diqqatinining jamlanishiga xizmat qiladi. Hamma sergak tortadi, shovqin to‘xtab, ovozlar tinadi va sizga nigohini qadab, ma’ruzani qay yo‘sinda boshlashingiz, ovozingiz qanaqaligiga qiziqib qoladi. Undan keyin zalning sukunatini sizning samimiy va do‘stona ohangiz ta’sirli so‘zlar bilan buzsa, ajoyib ish bo‘ladi.

Bu go‘yo toshqin soydan kaftga suv olishga o‘xshaydi: kaftingizda suv yanada tiniq namoyon bo‘ladi va siz chanqog‘ingizni qondirasiz.

  1. Hikoya qiluvchi bo‘ling.

Jamoat oldida chiqish qilishning mahoratli ustalari faqatgina hisobot yoki ma’lumot berib cheklanib qolmaydilar. Ular so‘zlar yordamida tinglovchi tasavvurida suratlar chizishadi. “So‘zlama, ko‘rsatib bergin” degan qadimgi o‘gitga amal qilishadi.

Siz bu shaharda harakat qilganga omad kulishini aytish o‘rniga, buni uzoq tumandan kelgan, o‘zingiz bilgan insonning o‘z kuchi bilan o‘qigani va mehnati evaziga yillar o‘tib, shaharning muvaffaqiyatli tadbirkoriga aylangani misolida hikoya qiling.

Bunga  Deyl Karnegining tavsiya va maslahat beruvchi, ko‘p nusxada sotilgan "Do‘st orttirish va insonlarga ta’sir ko‘rsatish" kitobida ham guvoh bo‘lish mumkin. Ya’ni, unda tavsiyalar qatorida 30 ta turli voqea va hikoyalar ham keltirilgan.

  1. Sukutni boshqarib, bo‘shliqdan foydalaning.

Endi-endi ma’ruza qilishni boshlayotganlar uchun chiqish jarayonidagi qisqa sukutlar ham bilimsizlik bo‘lib tuyilib, o‘rtadagi chuqur jarlikka o‘xshab ko‘rinadi. Aslida mohir notiqlar uchun sukut – ayni muddao. Fikrlar o‘rtasidagi bu bo‘shliq go‘yo so‘zlar orasidagi vergulga o‘xshaydi: tinglovchilarga fikringizni mag‘zini chaqish, tushunish uchun yordam beradi. Bu jarayonda esa siz ko‘z bilan aloqani uzmang.

Notalarning ohangini ularni chalib emas, ular o‘rtasida bo‘shliq qoldirib maromiga yetkazish mumkin, degan mashhur fikr bor. Agar matndagi so‘zlar o‘rtasida ham bo‘shliq bo‘lmasa, bu matnning g‘aliz ekanini ko‘rsatadi.

  1. Insonlardan quvvat oling.

Olomon qarshisidagi qo‘rquvni yengishning yana bir usuli – insonlarga e’tiborli bo‘lish, ularning nigohlariga qarab, bundan quvvat olish.

Asabiylasha boshlaganingizni sezsangiz, pastga-tepaga emas, odamlarga boqing. Shunda ular sizga dalda kerakligini sezishadi va nigohlari, tabassumlari bilan xayrixohlik bildirishadi.

  1. Ma’ruzani yod olmang.

Ma’ruzani so‘zma-so‘z yod olish xato. Uning mohiyatini eslab qoling. Go‘yoki ma’ruza suyaklarini eslab qoling, jarayonda unga et bering. Ma’ruzani so‘zma-so‘z yod olish undagi asosiy fikrlarni unutib yuborishga olib keladi. Chiqish mobaynida nutqni she’r o‘qigan kabi bir tekis gapiradigan bo‘lsangiz, auditoriya bilan muloqot qilish qiyinlashadi. Bu vaqtda mulohaza xotirada yurgan, qarshisidagi odamlarni unutgan bo‘ladi.

Lekin chiqish jarayonida muhim fikrlar tushirilgan eslatma va qaydlardan foydalanish mumkin.

  1. Bilmagan mavzuda so‘zlamang.

Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, biror mavzuda mohir notiqlarni butunlay boshqa mavzu haqida suhbatga tortishadi. Siz o‘zingiz bilmagan narsa haqida gapirmang. Bu nomingizga ham, ruhiyatingizga ham salbiy ta’sir qiladi.

Yoki mavzu yuzasidan jiddiy tayyorgarlik ko‘ring. Ma’lumotlarni izlab toping va bilimingizni boyiting. Aks holda, 15 ta tinglovchi orasida sizni savol bilan yer tishlatishi mumkin bo‘lgan kimdir topiladi.

  1. Tajriba, mashq va amaliyot.

Ko‘pchilik odamlar o‘z taqdimotlari xususida amalda biror tajribaga ega bo‘lmaydilar. Bu esa jamoatchilik oldidagi chiqishning samarasiga ta’sir qiladi.

Vaqti kelganda auditoriyani jalb qiling, ularga savol bering. Ularning bilimi va tajribasini biling.

Apple Computer'ning ilk xodimlaridan biri, mashhur taqdimotchi va marketolog Gay Kavasakining "Boshlash san’ati"da yozilishicha, biror taqdimotni qilishdan avval 25 marotaba mashq va amaliyot qilish kerak ekan. Qancha ko‘p mashq qilsa, ma’ruzachining muvaffaqiyat qozonish imkoniyati, ma’ruzaning tabiiyligi, samimiy ruhiyati shunchalik oshib boradi.

Mashq qilishning yana bir yo‘li – o‘zingizni tasvirga olish yoki ovozingizni yozish va uni qayta-qayta tomosha qilish, tinglash. O‘z taqdimotingizni yozib olib birinchi marta ko‘rganingizda o‘zingizga o‘zingiz yoqmay qolasiz. Bunda kamchiliklaringizni hisobga olib, ularni bartarab qilish choralarini ko‘ring.

  1. Muvaffaqiyatni tasavvur qiling.

Genri Ford shunday deydi: "Qila olaman deb o‘ylasangiz ham, qila olmayman deb o‘ylasangiz ham - to‘g‘ri o‘ylagan bo‘lasiz". Sahnaga chiqqan insonning tasavvuri hammasini hal qiladi. Janob Ford aytmoqchiki, siz muvaffaqiyat qozonishingizga o‘zingiz ishoning.

Xo‘sh, nega endi ijobiy bo‘lib, o‘zimizni qo‘llab yubormasligimiz kerak? Muvaffaqiyatli chiqishimizni tasavvur qilish – aslida muvaffaqiyatdir.

Kimdir sizning ma’ruzangizdan ta’sirlanib kuladi, kimdir ruhlanadi, kimningdir ko‘zlariga nam inadi, yana boshqa birov bu nutqdan keyin ko‘chaga chiqqach, quyoshga tomon yuradi va soyalar ortda qoladi. Siz ular uchun muhim xabarni yetkazasiz. Shularni unutmang.

  1. Auditoriya kimligini bilish.

Oddiy aholi vakillariga boshqarish san’ati haqida gapirish katta xato bo‘lishi mumkin. Chunki bu ular uchun qiziq emas. Ma’ruza yoki chiqish maqsadli bo‘lishi uchun siz qarshingizda kim turganini bilishingiz kerak.

Siz sizni kuzatib turgan odamlarga so‘zlamang, ular bilan so‘zlashing. Buning uchun ular haqida ma’lumotga ega bo‘lish zarur.

  1. Taqdimot, bu – oq qog‘oz emas.

So‘nggi vaqtlarda proyektor yordamida taqdimot qilish urfga aylandi. Biroq ekrandagi taqdimotda butun boshli ma’ruzaning tiqishtirilgani tomoshabinni asabiylashtiradi. Boisi u bu yerda o‘qish uchun emas, tinglash uchun o‘tiribdi. Qolaversa, taqdimotdagi ma’lumotni o‘qish oson emas.

Taqdimotda so‘zlar emas, fikrlar muhim o‘rin egallasin. Misol uchun, Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs yangi qurilma taqdimotida doimo biror gadjetning nechta va necha kunda sotilganini aytishni yaxshi ko‘rgan. Deylik, "59 kunda 2 million dona iPhone sotildi" degan ma’lumotning o‘zi odamlarni taqdimotchini tinglashga, buning sababini bilishga undaydi.

  1. Ma’ruza qiladigan joy bilan tanishish.

Agar bir joyda 3-4 marta ma’ruza qilsangiz, bu joy ham sizga yaqin bo‘ladi va keyinchalik bu yerda  o‘zingizni yaxshi his qilasiz. Boisi, siz bu yerda nimaning qayerda joylashganini bilib olasiz, bu joy haqida axborot sizda mavjud bo‘ladi. Shu orqali siz va bu sahna yoki zal o‘rtasida aloqa o‘rnatiladi.

Sizning chiqishingiz juda muhim bo‘lsa va ma’ruza qilinadigan joy sizga yaqin bo‘lsa, u yerga tadbirga qadar hech bo‘lmasa 1 marotaba boring. Bir oz o‘tirib, u yerni kuzating. Sahnaga diqqat qiling, o‘zingizni xuddi bo‘lajak suhbatdagi notiqdek tuting. Shunda jamoat oldida chiqish uchun bu yerga kelganingizda sizda zal sizdan begonasirab, sizni ko‘chaga uloqtirayotgandek his uyg‘onmaydi.

  1. Asablarni asrang.

Ming mahorat bo‘lgani bilan, sahnadagi begona nigohlar qarshisida inson asabiylashadi. Jamoat oldida chiqishlar bo‘yicha mutaxassis Timoti Kogelning "O‘ziga xos taqdimotchi" kitobida yozilishicha, 4 mingdan ziyod shoular tashkil qilgan Jonni Karsonning hali ham sahnada asabiylashadi. Bu asabiylik kuchli mas’uliyat hissi bois yuzaga keladi.

Asabiylikning yo‘naltirish mumkin. Shunday paytda yuqorida qayd etilgani kabi, odamlarga diqqat qiling. Ularni qiyofalarini eslab, nigohlaridan quvvat oling.

  1. Xulosa.

Sizning bu sahnada ekaningiz – sizning bunga munosibligingizni anglatadi. Bu o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshirsin. O‘zingizga ishoning. Siz hozir yuzlab, minglab odamlarga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlaringiz rost va bunga o‘zingiz ham ishonasiz. Bu holda, sizning so‘nggi jumlangizdan keyin yangraydigan olqishlar sizga berilgan mukofotdir.

Doimo omadingizni bersin!