Yaqinda yosh ijodkor ukalarim bilan vodiy safariga borib keldik. Maqsad yurtimizda ro‘y berayotgan yangilanish, bunyodkorlik ishlari bilan chuqurroq tanishish, betakror diyorimizning go‘zal tabiatidan bahra olish, eng muhimi, mehnatsevar, sodda va samimiy xalqimizga “hormang-bor bo‘ling” qilib kelish edi.
Bizga ajratilgan mashinaning haydovchisi Bahrom aka favqulodda shinavanda chiqib qoldi. Hamma narsadan xabardor: tarixdan gap ochsangiz, fikringiz to‘xtagan yerdan ilib ketadi, “Real”ning yutuqlari sababi nimadayu Odil Ahmedovning ustun tomoni qayerda – bu kishiga tan, adabiyot tahlilini ham qo‘yib beravering. “Xafa bo‘lmanglar-u, haqiqiy shoir xalq fikrini o‘zgartirishi, ko‘nglini ko‘tarishi, qiyofasini asrab qolishiga xizmat qilishi kerak. Men oddiy fermerman. Bu gaplarim sizlarga malol kelmasin-u, ukalar, haqiqiy shoirning yuragi otning kallasiday bo‘ladi, o‘z jonini ayamaydi, zarur paytda kerakli so‘zni aytadigan mard bo‘ladi”, deydi Bahrom aka. Yoshlar qiziqqon emasmi, darrov suhbat bahs-munozara bilan alanga olib ketdi. Kimdir adabiyotni ko‘ngil ishi, ijodkor o‘z qalbining musavviri deb sharhlasa, boshqasi chinakam she’riyat xoslar uchun yaratilgan deydi, keyingisi esa she’r bu qo‘shiq degani, qo‘shiqqa aylanmagan satrlar panada qolib ketadi, deb qat’iy xulosasini aytadi. Gap shu yerga kelganda Bahrom aka: “Ha barakalla, mana hozir sizlarga bitta zo‘r qo‘shiq qo‘yib beraman, qolgan gapni keyin davom ettiramiz”, deya mashina magnitafonini yoqdi. Hammaga qadrdon bo‘lgan qo‘shiq yangradi mashhur hofiz yosh, navqiron ovozda faxru iftixorga to‘lib millat madhiyasini kuylardi. Bu she’riyatimiz gultoji bo‘lgan, ne-ne avlodning ko‘zini ochgan, zehnini uyg‘otgan, tafakkurini charxlagan, tarixni jonlantirgan “O‘zbegim” qo‘shig‘i edi.
Yo‘l tanobini qo‘shiq tortadi. Ohang maromida tebranib, hamma o‘z xayoli bilan band. Mening tasavvurimda o‘smirlik davrim – saksoninchi yillar, manfur sho‘roning qattol zamoni gavdalanadi. Shu qo‘shiqni eshitib sinfdoshlarim bilan qancha bahslashganimiz, tongotar suhbatlar, shoirga o‘tkazilgan tazyiqlar haqidagi mish-mishlar, hofizni “qamab qo‘yishgani” haqida... hamma-hammasi bugun tarix.
Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko‘ksim osmon, o‘zbegim.
deyish uchun naqadar katta jur’at, o‘ziga ishonch, xalqiga e’tiqod kerak!
Men qo‘shiq tinglab ketayotgan ukalarimni zimdan kuzataman: ular ovoz chiqarmasdan hofizga jo‘r bo‘lib kuylashyapti. Dovonning kuzga tobin chiroyli manzaralariga ham e’tibor bermay, qo‘shiqqa mahliyo. Daho shoirning sehrli satrlarini jon ozig‘iday simirib borishyapti.
Mir Alisher na’rasiga
Aks sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo‘ldi
Shohu sulton o‘zbegim.
1989 yil bahor kunlaridan birida Toshkentga “she’rlarimni o‘tkazgani” keldim. Xullas, gazeta-jurnallarga birma-bir bosh suqib, goh ranjib, goh ko‘nglim ko‘tarilib mashqlarimni tarqatib bo‘lgach, shahar aylanishga tushdim. Avvalo, Arpapoyadagi G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga borib akademik shoirning havosidan nafas oldim. Keyin “Bizning uyga qo‘nib o‘ting do‘stparim”da tilga olingan ko‘l bo‘ylarini katta shoirlarga taqlidan xayolchan kezib yurdim. Farg‘onada urf bo‘lmagan antiqa kiyimlar kiygan, yuzlari ochiq, bir-biridan anvoyi qizlarni suqlanib tomosha qilaman. Meni hech kim tanimaydi, men hech kimni tanimayman. Bundan ham zerikib, Hamza teatriga ravona bo‘ldim. Spektakl kechqurun bo‘larkan, men Farg‘onaga qaytishim kerak. Hafsalam pir holda endi janubiy vokzalga jo‘nayman deb tursam, shundoq yonginamda oq mashina to‘xtab, men hamma she’rlarini yod bilganim, eng sevimli shoirim, dadamning ta’biri bilan aytganda “zamonamiz Navoiysi” bo‘lgan naqd Erkin Vohidovning o‘zi tushib keldi. Bu holatni, Erkin Vohidov bilan so‘rashish tugul ko‘rishni ham tasavvuriga sig‘dirmagan menday o‘smirning ahvolini ko‘z oldingizga keltiravering. Shoirga to‘q ko‘k kostyum-shimi, oppoq ko‘ylagi, qoramtir qizg‘ish bo‘yinbog‘i ajib ulug‘vorlik baxsh etgan, butun bo‘y-bastidan, ayniqsa, yuzlaridan nur taralayotganday ko‘rindi ko‘zimga. Chamamda kutib olishi kerak bo‘lgan odamni izlab atrofga salobat bilan nazar tashladi. Keyin xuddi yerga ozor berishdan istihola qilganday ohista qadam bosib teatr binosiga kirib ketdi. Xullas, men angrayganimcha qoldim. O‘zimga kelganimda kech bo‘lgandi. Men ustozning qo‘lini olib, dastxat so‘ramaganimga o‘zimni o‘zim rosa so‘kdim. Qishlog‘imga borib, Toshkentda Erkin Vohidovni ko‘rdim desam kim ishonadi endi? Keyinchalik ustoz bilan yaqindan tanishib, bemalolroq so‘zlashadigan bo‘lganimda, o‘sha birinchi marta ko‘rganimdagi holatni aytsam, u kishi miyig‘larida kulib: “Shart borib, yengimdan tutib, menga qarang, men O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bo‘laman desangiz, quchoq ochib ko‘rishardim”, deya lutf etdilar. Men ham javoban: “Yengingizdan tutardimu, ammo qo‘lim band edi, avvalroq etagingizdan tutgandim”, dedim.
Toleimdan xursandman, ustoz bilan qancha safarlarda yonma-yon yurdim, suhbatlaridan bahra oldim, adabiyot haqida, borliq to‘g‘risida hech bir kitobda yozilmagan nodir xulosalarni eshitib, qulog‘imga quydim. Mo‘’tabar xonadonda tuz totdim, Gulchehra aya opam, Xurshidbek do‘stim bo‘ldi. Ustozning nazarida ekanligim hamisha yuragimni nurlantirib turadi. Xalq orasiga maqolday singib ketgan, hech qachon tildan va dildan tushmaydigan durdona satrlarini eshitganimda, hayotning o‘zi bot-bot yodga soladigan misralarini eslaganimda, davralarda umriboqiy she’rlarini shavq bilan o‘qiganimda... bu qadar teranlik, kenglik, falsafa, hayotiylik, samimiyat, milliylik uyg‘unligi faqat va faqat Xudo suygan va siylagan buyuk iste’dodgagina nasib etadi, degan fikrlar ko‘nglimdan kechib, butun borlig‘imni shogirdlik iftixori chulg‘ab oladi.
Vodiy safarida qalamkash ukalarim maza qilishdi: yangi qiyofa kasb etgan shaharlarimizni, chiroy ochib borayotgan qishloqlarimizni, ravon yo‘llarimizni, tadbirlaru izdihomlarni ko‘rib, ko‘plar bilan suhbatlashib katta taassurot va ilhom olishdi. Mushoiralarda, bahru baytlarda asosan ustozning she’rlari aytildi.
El ustozim, men esa tolib,
So‘z durlarin termoqdir ishim.
Odamlarning o‘zidan olib,
Odamlarga bermoqdir ishim.
Shoirning ashaddiy muxlisi, do‘stim Olimjon bilan bir kuni ustoz xonadoniga yo‘qlab borganimizda, eshik qo‘ng‘irog‘i sadosini eshitgan hamrohim menga qarab: “Aka, maktabning qo‘ng‘irog‘iga o‘xsharkan-a ovozi”, dedi. Men: “Rostanam bu juda katta maktab, ichkarida bizni ustozlarning eng ulug‘i kutyapti. Har safar shu ostonaga kelib, qo‘ng‘iroq chalamanu katta darsga, saboq olgani kirib ketaman”, dedim javoban. Erkin Vohidovning umrboqiy saboqlari qanchadan-qancha avlodni kamolga yetkazadi, adabiyot va ko‘ngil qo‘ng‘irog‘i biz shogirdlarni doimo ustoz qabuliga chorlayveradi.
2016 yil, iyun
Iqbol MIRZO,
O‘zbekiston xalq shoiri