Bilasizmi?

Harbiy xizmatdan qaytganlar avvalgi ish joyiga qaytadimi?

— O‘g‘lim harbiy xizmatga chaqirilgani sababli ishdan bo‘shagan edi. U zimmasidagi armiyadan kelganidan so‘ng avvalgi ishiga qaytishi mumkinmi? Qonun hujjatlarida bu borada kafolatlar bormi?

Sharif Namozov

Buxoro shahri

Savolga huquqshunos Otabek Shodmonov javob beradi:

— Siz so‘ragan masala qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan. Xususan, Mehnat kodeksining 68-moddasida aholining ayrim toifalari uchun ishga joylashishdagi qo‘shimcha kafolatlar belgilangan. Unga ko‘ra davlat muayyan toifalarga mansub fuqarolar bilan bir qatorda muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarga qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) xodim rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqanidan keyin, basharti, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safidan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shinlaridan bo‘shatilgan kunidan boshlab uzog‘i bilan uch oy ichida ishga joylashish masalasida ish beruvchiga murojaat etgan bo‘lsa, avvalgi ish joyida ishga joylashish huquqiga egadir.

Harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan), lekin keyinchalik rezervga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan xodim, agar uning harbiy xizmatga chaqirilgan (o‘tgan) kunidan boshlab uch oydan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, avvalgi ish joyiga (lavozimiga) qaytib kelish huquqiga ega. Korxona qayta tashkil etilganda uning huquqiy vorisi, korxona tugatilganda esa mahalliy mehnat organi harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarni ishga joylashtiradi. Xodimlarga ushbu moddada nazarda tutilgan kafolatlarni berish mumkin bo‘lmagan hollarda, mahalliy mehnat organi ishga joylashtirishni, zarur hollarda esa, kasbi bo‘yicha bepul o‘qitishni ta’minlaydi.

Yuqorida qayd etilgan kafolatlar muqobil xizmatga chaqirilgan xodimlarga ham tatbiq etiladi.

Manba: Tafsilot.uz