Bilasizmi?

Focusbook yordamida Facebookni yenging

Focusbook Chrome brauzeri uchun yangi kengaytmadir, u Facebookka mixlanish kasalligiga qarshi kurashda asqotadi. Uning yordamida feysbukka qaramlikni yenga olasiz.

Facebook degan vaqt o‘g‘risi ish unumdorligimizning beliga tepayotibdi. Birrovga kirib, bir kun vaqtimizdan ajralamiz. Yangiliklar tasmasi va rasmlardan diqqat uzish mashaqqatning o‘zi. Kengaytma yaratilishiga undagan sabab shudir.

Focusbook boshqa kengaytmalardan farqli ravishda feysbukdagi vaqtingizni cheklamaydi, to‘sib qo‘ymaydi. Buning o‘rniga sizni mas’uliyatga chaqiradi, va’dada turishga chorlaydi.

Har gal feysbukni ochganingizda Focusbook maqsadingizni so‘raydi. Savoldan qochib qutulishning iloji yo‘q. Tepadagi havorang oyna maqsadingizni yozmaguningizcha saytni berkitib turaveradi.

Maqsadni ko‘rsatgach, yangiliklar tasmangizni ko‘zdan kechirishga o‘tasiz. Qutuldim, deb xomtama bo‘lmang, 2-3 daqiqa o‘tgach, Focusbook yana “ishga kirishadi”. Peshonaningizda tag‘in havorang oyna paydo bo‘lib “Bo‘ldimi? Ishga kirishing!” deya eslatadi. Bu ko‘k tugma bilan batamom yopib qo‘ysa bo‘ladigan oddiy eslatma oynasi emas.

Bir qarashda Focusbook feysbukka qarshi juda yumshoq vositaga o‘xshaydi, biroq foydalanuvchiga yetarlicha ta’siri bor. Hammasidan ham ijtimoiy tarmoqqa bor bo‘yicha sho‘ng‘ib ketishning oldini oladi, “qirg‘oqqa qaytish” kerakligini bot-bot eslatadi. Agar Focusbook sizga qat’iyatsiz tuyulsa, boshqa “qattiqqo‘l” vositalarni ishga soling.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi