Sumka har bir erkak kishi uchun zarur bo‘lgan buyumlardan biri. Unga ayollar kabi sanoqsiz narsalar solmasalar-da, erkaklar uchun baribir uning borligi ma’qul. Xo‘sh, bugun qanday sumkalar urfda va ular qanday tanladi?
Eng asosiy qoidani eslab qoling: erkaklar sumkasining o‘lchami uning bajaradigan vazifasiga qarab, aniqlashtiriladi. Demak, erkaklar uchun sumka turlari bilan tanishing:
Bu sumkacha avval boshda ayollar uchun aksessuar sifatida ishlab chiqarilgan edi. Biroq vaqt o‘tib, bu ixcham matoxning erkaklarga moslashtirilganlari ham paydo bo‘ldi. Ayollar va erkaklar klatchi ranglari va vazifalariga ko‘ra farqlanadi. Unga eng kerakli buyumlar joylanadi.
Klatch ish uslubidagi kiyimlar uchun mos sanaladi. Casual uslubiga esa mos emas.
BARSETKA
Siz agar eng so‘nggi moda ketidan quvadigan odamlar toifasidan bo‘lmasangiz, klatchka talpinmay, barsetka xarid qilsangiz ham bo‘laveradi.
An’anaviy barsetka belgacha tushib turadigan uzun tasmali ko‘rinishda bo‘ladi. U og‘ir sumkalarni ko‘tarib yurishga toqati yo‘q erkaklar uchun mo‘ljallangan. Unga bemalol smartfon, turli kalitlar, pul, tashrif qog‘ozlari va hakazolarni joylashtirish mumkin. Bunday sumkadan nafaqat ish kunlari, balki katta charm portfel ko‘tarib yurish shart bo‘lmagan kunlarda ham foydalanish mumkin.
U casual uslubidagi kiyimlar uchun ayni muddao. Ish uslubidagi kiyimlar “o‘tirmaydi”.
ChARM PORTFEL
Erkaklar portfeli — bu doim o‘z karerasi bilan band bo‘luvchi ishchan odamlarning asosiy hamrohi. Unga ish haftasida kerak bo‘ladigan barcha buyumlarni batartib joylashtirish mumkin. Erkaklar portfeliga kitoblar, noutbuk va boshqa hujjatlarni bemalol sig‘dirsa bo‘ladi. Hatto sevimli rafiqasi tomonidan tayorlangan ovqatlarni ham joylash mumkin.
Zamonaviy texnologiyalar ko‘magi natijasida bugungi portfellar 80-90 yillardagi charm sumkalardan ancha ixchamlashdi. Hozirda zamonaviy portfellar ko‘proq teridan tayyorlanmoqda.
Bunday portfel ishga mos uslubdagi kiyimlar, hatto jinsiga ham tushaveradi.
POChTAChI SUMKASI
Bu sumka haqida nomi ham so‘zlab turibdi. Uning “ajdodlari”da pochtachilar xat-xabar tashishgan.
Klassik pochtachi sumkasi teridan tikiladi. Bu hozirda yigitlar orasida keng tarqalgan sumkalardan biri sanaladi. Shaharda istiqomat qiluvchilar uni yaxshi ko‘rishadi. Katta ochib-yopiladigan qismi, keng-mo‘l cho‘ntaklari, turli yozuvlarga boy ko‘rinishi, yelkaga osib yurish uchun qulayligi ko‘pchilikka manzur. Ayniqsa, buning asosiy xaridori talabalar.
Pochtachi sumkasi ish kiyimiga mos, bir oz to‘ldirilgan casual uslubidagi kiyimga ham yarashadi.
GAZETA TARQATUVChI SUMKASI
Uning pochtachilar sumkasidan yirikroq o‘chlami va turfa xil materiallardan tayyorlanishi bilan farq qiladi. Mazkur buyum yelkan osha osish uchun mo‘ljallangan. U asosan matodan tayyorlanadi va turli bezaklar bilan ham boyitish mumkin.
Bunday aksessuarlar erkin uslubda kiyinuvchilar uchun mos, masalan, talabalar, ijod ahli. Unga bir necha gazeta, kitob, bloknot, iPad, sport uchun krossovka, idishda suv va boshqa buyumlarni joylash imkoni bor. Gazetachilar sumkasi ryukzakning eng asosiy va munosib o‘rinbosaridir.
NOLDALL SUMKASI
Bu tipdagi sumka bor narsasini o‘zi bilan olib yuruvchilar uchun mo‘ljallangan. HoldAll sumkasi “bag‘rikenligi” jihatidan harbiy-dengiz flotining Duffle sumkasiga o‘xshab ketadi.
Unga bemalol noutbuk, turli hujjatlar, sport kiyimlari va boshqa zaruriy buyumlarni joylash mumkin. Zamonaviy erkak uchun zarur bo‘ladigan ko‘p buyumlar uchun undan joy topiladi.
HoldAll sumkasini tanlashda imkon qadar qora va jigarranglisi tavsiya etiladi. Uning rangi qancha to‘q bo‘lsa, shuncha yaxshi. Yaltiroq va yorqin ranglilari ayollarnikidek ko‘rinadi. Shu bois, unday ranglardan qoching!
U barcha turdagi kiyimlarga mos keladi. Agar u yaxshi charmdan ishlangan bo‘lsa, bahosi yanada qimmat bo‘ladi. Sayru sayohat va xizmat safarlari uchun bemalol ola ketishingiz mumkin.
Shunday qilib, ta’kidlanganidek, ishingiz talabi, qiziqishlaringiz, iqtisodiy imkoniyatlaringizga qarab, sumka tanlayverasiz. Eng muhimi, o‘zingizga ma’qul bo‘lsin va ko‘p yillar sizga xizmat qilsin!
Internet materiallari asosida tayyorlandi.