Oila

Erimga yoqmay qoldim!

Turmush davomida ayolda shunday fikr paydo bo‘lishi tez-tez uchrab turadigan holat. Ayol turmush o‘rtog‘i uchun o‘zini yoqimsizdek his eta boshlaydi. Bu katta muammo.

Sababi

  • Birinchidan, ayol tabiatan yoqimli ekanligini his etib yashashi kerak;
  • Ikkinchidan, eri uchun ayol yoqimsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa, demak oilada munosabatlarga dars ketmoqda;
  • Uchinchidan, o‘zini yoqimsiz deb bilgan ayol haqiqatdan yoqimli ekanligiga ishonmay qoladi;
  • To‘rtinchidan, eriga yoqmasligini bilayotgan ayol o‘zini kamstishni boshlaydi va erining ko‘zida yanada pastroqqa tushadi;
  • Beshinchidan, "yoqimsiz" ayol erining ko‘plab aybiga ko‘zini yuma boshlaydi.

Haqiqatdan ham ayol o‘z turmush o‘rtog‘iga yoqimsiz bo‘lib qoladimi? Buning sababi nima?

Vaqt o‘tib, erkak ham ayol ham o‘zgaradi. Ular bir-biriga mos ravishda o‘zgarib borsa, muammo yo‘q. Lekin, ba’zida er-xotin har xil yo‘nalishda va turlicha tezlikda o‘zgara boshlaydi yoki umuman o‘zgarmay yuraveradi. Mana shu mutanosiblikning buzilishi munosabatlarda muammolar keltirib chiqaradi.

Erkak birdaniga xotinidan o‘zgarishini talab qilib qoladi. Unga bo‘lgan e’tirozlari ko‘payib qoladi. Ayolining jismoniy ko‘rinishi, gapirishi, o‘zini tutishi, hidi, jinsiy munosabatlardagi o‘rni va hokazolar yoqmay qoladi. Yoki undan yomoni, hech qanday talab e’tirozsiz xotinidan sekin-asta sovushni boshlaydi.

Xotin barcha aybni o‘ziga olib o‘zgarishga harakat qila boshlaydi, lekin negadir o‘zgarayotgan bo‘lsa ham, erining e’tirozlari kamaymayotgan bo‘ladi. Shunda u o‘zini aybdordek his etib boshini egib erini yanada balandroqqa ko‘tarib qo‘yadi.

Erkakning xotinidan ranjishiga nima sabab bo‘lishi mumkin?

Asosiylarida to‘xtalib o‘tamiz.

Boshqa ayolni sevib qolishi.

Agar erkakning xotinidan ranjishiga sabab bu bo‘lsa, u holda bu oddiy hiyonat bo‘lib, xotinida hech qanday ayb yo‘q. Qo‘lidan kelsa, erini qaytarib oladi, qo‘lidan kelmasa, erini yo‘qotadi. Hiyonat tufayli eriga yoqmay qolgan ayol qancha urinmasin erining chetdagi "asal oyi" davrida uning ko‘ziga yoqimsiz bo‘lib ko‘rinaveradi. Vaqt o‘tishi kerak. Chetdagi munosabatlardagi ehtiros kamayganida xotini kurashishni boshlasa bo‘ladi.

O‘zbek ayoli erining mehrini qozonish uchun birinchi navbatda ovqatni yanada mazaliroq, tortni yanada kattaroq qilishga harakat qiladi. Bu yo‘l maqsadga erishishga yordam bermaydi. Qo‘shimcha "qurol" sifatidagina qo‘llanilishi mumkin.

Biron tanishining ayoliga xavas bilan qarashi.

Birovlarning xotiniga xavas bilan qaraydigan erkaklar kam emas. Ular shu qadar bo‘sh va qo‘rqoq bo‘ladiki, o‘zi unday ayolga uylanishga ma’naviy, jismoniy va psixologik kuchi yetmaydi, yonidagi ayoli shunday bo‘lishi uchun imkoniyat yaratib bermaydi va birovga xavas bilan kifoyalanib yashaydi. Xotini u ayolga o‘xshamaganligi sabab unga mehr bilan qaray olmaydi. Bunday erkaklar xotini u uchun harakat qilishiga, o‘zgarishiga arzimaydi. Ular haligi yoqimli ayolga munosib bo‘lishga harakat qilmaydilar-u, nega xotinidan yuqori parametrlarga ega bo‘lishini talab qiladi? Xotini qanchalik o‘zgarmasin, harakat qilmasin, o‘sha qo‘shnining ayoli yoqimli bo‘lib ko‘ziga ko‘rinaveradi, ayoli yoqimsiz bo‘lib, ayolida qo‘shimcha kamchiliklar topilaveradi. Bunday erkak bilan o‘zgarishga hojat yo‘q. Agar kuchi yetsa, o‘zi birinchi o‘zgarsin, ana undan keyin xotini unga munosib bo‘lishini talab qilsin. Erkak qanday bo‘lsa, yonidagi ayol aynan unga mos va munosib bo‘ladi. Bunday erkak bilan ayol o‘zini qadrini ko‘tara olishi kerak.

O‘zi o‘zgarib ayolidan ham yuksalishni kutishi.

Bu yuqoridagi ko‘rinishning aksidir. Bunda erkak ma’lum bir sabab(moliyaviy, jismoniy va boshqa)larga ko‘ra ijobiy tomonga o‘zgargan bo‘ladi. Bunday erkak yonida o‘ziga mos ayol bo‘lishini istaydi va bunga haqqi bor. Agar ayol eri haqiqatdan ijtimoiy yuksalganini his etayotgan bo‘lsa, u holda u ortda qolmay o‘z ustida ishlashi lozim. Eri ko‘p kitob o‘qimoqdami, u ham adabiyotga qiziqishi lozim. Eri jismoniy holatini yaxshiladimi, ayol ham o‘z jismoniy ko‘rinishiga ahamiyat bermog‘i lozim. Eri katta uchrashuvlarga bormoqdami, ayoli yonida munosib ko‘rinishda va muomilada bo‘lishi darkor. Bunday oilalar yuksalaveradi, undagi farzandlar esa yangi ijtimoiy cho‘qqilarni zabt etadilar.

Ayoli keskin ravishda o‘ziga qaramay qolishi (vazni keskin oshib, soch va yuzida ayollik isi qolmasligi va hokazolar).

Bir nechta farzand tuqqan ayol qizlik paytidan farq qilishi ajab emas. Lekin 30-35 yoshida ayol 80kg bo‘lib, yuzini, sochlarini parvarish qilmay qo‘yib, tovonlari qotib ketib yursa, hamma erkak ham bunga chidashi oson bo‘lmaydi. Ayol 20 yoshida ham, 70 yoshida ham o‘ziga qaragan bo‘lishi muhim. O‘zini yosh ko‘rsatish shart emas, lekin parvarish qilinganligi bilinib turishi lozim. Kiyimidan doimiy tarzda faqat yo‘g hidi kelib turgan ayol, hech bir erkakka yoqimli ko‘rinmaydi.

Ayolning o‘ziga qarashga vaqti yetmayotgan bo‘lsa, eridan yordam so‘rashi kerak. So‘rayolmaydigan, yordamni ola bilmagan ayol eriga yoqishi tobora qiyinlashib boraveradi. Erning ko‘ziga stoldagi tort, toza idishlar, supurilgan xovli emas, ayolining yuzidagi dog‘lari, kiyimining kirligi, sochidagi yog‘ isi aniqroq bilinadi.

Erkak o‘zidan ranjib, alamini xotinidan olishi.

Bu holat ham ko‘p uchraydi. Bunday erkakning o‘ziga bo‘lgan ishonchi kam bo‘ladi. U o‘zidan ich-ichida nafratlanadi. Tayinli ish qilmaydi, qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Mana shu kabi erkaklar, o‘zini o‘zgartirishning o‘rniga, xotinini kamsitishga o‘tadi. Uni astoydil o‘ziga qaramaydigan, o‘zini kamsitadigan, boshini ko‘tara olmaydigan ayolga aylantirib qo‘yadi. Yillar davomida xotinini yerga uraversa, maqsadiga erishadi. Natijada esa, boshi egilgan, o‘ziga qaramaydigan, kamsitilgan ayolni ko‘rib, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib o‘tiradi. Ayol bunday erkak bilan sinmasligi kerak. O‘z qadrini bila olgan, o‘zini seva oladigan, erka bo‘la oladigan ayol bunday vaziyatda o‘zi sinmay, balki erini ham botqoqdan chiqara oladi.

Erkakda jinsiy muammolar paydo bo‘lishi (jinsiy ojizligining sababini xotinidan izlaydi).

Erkak o‘zida jinsiy ojizlikni his eta boshlasa, negadir sababini tibbiy muammodan izlamay, xotinidan izlashni boshlaydi. Xotinining qo‘shimcha 2-3 kilosi, soch rangi yoki turmagini uning jinsiy ojizligiga sabab deb biladi. Jinsiy ojizlikning asosiy sababi tibbiy muammolardir. Vaqtida davolangan kasalliklar jinsiy ojizlikning oldini oladi.

Aynan shu ayolga uylanganidan achinishi.

Erkak ota-onasining qistovi yoki boshqa sabablar bilan bir ayolga uylanadi. Lekin turmush davomida unga hech mehri uyg‘onmaydi. Yillar o‘tgan sayin xotini yoqmay ketaveradi, erkak ham ajrashmay shunday mehrsiz turmushni davom etaveradi. Agar turmush qurishdan oldin ayol eriga yoqmagan bo‘lsa, u holda turmush davomida uni mehrini qozonishga harakat qilishi lozim. Mehr qozonish uchun manti pishirish shart emas, tili shirinlik, erkalik, o‘z qadrini bilish va albatta jinsiy munosabatlarning boyligi erkakni mehrini qozonishda eng oson yo‘ldir.

Hayotda erkak ham ayoliga yoqmay qolishi mumkin. Lekin bu holat kamroq uchraydi. Asosan erkaklar turmush davomida ayoliga e’tirozli bo‘lib qoladi. Buning sababi oddiy. O‘zbek ayoli o‘z qadrini bilmaydi. Qadrini bilgan ayolni erkak ham qadrlaydi, unga e’tirozi ham kam bo‘ladi. O‘zini kamsitadigan ayolni esa kamsitish juda oson. Yerga urish, ayblash bilan unday ayollarni qo‘lda ushlash oson.

Ayol qanchalik boshini baland tutsa, boshini baland tutishiga o‘zida minglab sabablarni topa olsa, yonidagi erkak ham xotinini yoqtirish uchun shu sabablarni ko‘ra oladi.

Maqola yoqqan bo‘lsa, do‘stlaringiz bilan bo‘lishing!

Manba: Uzbaby.Uz