Taniqli ruhshunos, professor Karl Sishorning fikricha, o‘rtacha odam o‘z xotirasining tug‘ma qobiliyatining faqat o‘n foizidan foydalanar ekan. Imkoniyatning qolgan to‘qson foizi esa o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Eslab qolishning tabiiy qonunlari nihoyatda oddiy. Ular bor-yo‘g‘i uchta: taassurot, takrorlash va tasavvur.
Esda saqlab qolishning birinchi sharti — siz xotirlashni xohlagan narsa to‘g‘risida chuqur, yorqin va mustahkam tasavvur hosil qilishdir. Buning uchun diqqat-e’tiboringizni bir joyga jamlang.
Teodor Ruzvelt uni bilgan kishilarni ajoyib xotirasi bilan lol qoldirgan. U qunt, tirishqoqlik hamda diqqat-e’tiborini bitta nuqtaga yig‘ishni o‘rgangan edi. Jamoat va davlat arbobi shovqin-suronda ham kitob o‘qish ko‘nikmasiga ega edi.
"Men bir narsani qo‘lga kiritdim, u barcha narsalardan afzal, — degan edi bir yilda milliondan ziyod foyda oluvchi "Betlexem stil" kompaniyasi prezidenti Yujin Greys, — uni har kuni, har qanday sharoitda qo‘llayman — men ayni vaqtda shug‘ullanadigan ishimga butun diqqat-e’tiborimni to‘la-to‘kis sarflayman".
Avraam Linkoln bolaligida qishloq maktabiga qatnar, maktab poli omonat, derazadagi oyna o‘rniga daftardan yirtib olingan va yog‘ surtilgan qog‘oz qo‘yilgan edi. Maktabda faqat bittagina darslik bo‘lib, uni muallim ovoz chiqarib o‘qir, boshqa o‘quvchilar ortidan darsni jo‘r bo‘lib takrorlashardi.
Uning xotirasi odatdan tashqari o‘tkir edi. "Mening aqlim, — degan edi Linkoln, — po‘lat parchasiga o‘xshaydi. Unga nimanidir tirkash nihoyatda qiyin, ammo biror kun yozilgandan keyin mutlaqo o‘chirib bo‘lmaydi".
Linkoln ongiga kerakli ma’lumotni yozib olish uchun ikki his-tuyg‘u a’zosidan foydalangan. Siz ham xuddi shuni amalga oshirishingiz mumkin.
Eng muhimi — ko‘rish hisoblanadi. Insonda asosiysi, ko‘rish idroki hisoblanadi. Ko‘rish idroki, taassuroti juda-juda mahkam mustahkamlanadi. Xotirada saqlashni istasangiz, telefon raqamini, ma’ruza rejasini yozib oling. Yozib olganlaringizni ko‘rib chiqing. Ko‘zingizni yuming. Olovli harflar bilan yozganlaringizni ko‘z oldingizga keltiring.
Butun boshli kitobni qanday yod olish mumkin?
Qohiradagi Al-Azhar universiteti dunyoda eng yirik oliy o‘quv yurtidir. Ushbu muassasada yigirma bir ming talaba tahsil oladi. Kirish imtihonida har bir kiruvchidan Qur’onni yoddan aytib berish talab qilinadi. Bu kitob ham taxminan Injil kabi hajmga ega bo‘lib, uni ovoz chiqarib o‘qishga uch kun vaqt ketadi!
Takrorlash vositasida, bu — eslab qolishning ikkinchi "tabiiy qonuni"dir.
Siz cheksiz miqdordagi ma’lumotni yetarli darajada tez-tez takrorlab tursangiz, yodlab ololasiz. Eslab qolishni istagan ma’lumotlarni takrorlang. Ulardan foydalaning. Amalda tatbiq eting.
O‘zaro suhbatlarda yangi so‘zlarni ishlating. Yangi tanishlarning ismini tilga oling. Ko‘pchilik oldida so‘zga chiqishda gapirmoqchi bo‘lgan holatlarni suhbatlarda eslab turing. Foydalanishda ishlatilgan ma’lumotlar xotirada joylashib qoladi.