Rivoyat qilinishicha, Odam alayhissalomning o‘rgangan-bilgan hunarlarining son-sanog‘i bo‘lmagan ekan. Bugun taraqqiyotga yetishgan sayin turmush tarzi ham yengillashib bormoqda. Natijada, ko‘p bilim va ko‘nikmalarni unutib qo‘ymoqdamiz. Lekin ularning ba’zilari bizga tez-tez kerak bo‘lib qoladi.
Oldingi maqolamizda hayotda sizga kerak bo‘ladigan 10 ta uquv va hunar haqida ma’lumot bergan edik. Mazkur materialda ham hayotning turli vaziyatlarida er kishiga asqotadigan hunar va bilimlarni diqqatingizga havola etamiz. Bu ma’lumotlar ilmiy kuzatuv va katta yoshli insonlarning hayot tajribasiga asoslangan.
- Birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish
Futbol o‘ynayotganda to‘satdan jiddiy jarohat olgan yoki avtobus bekatida yuragi xuruj qilib qolgan odamga yordam berishga ojizlik qilishdan og‘ir vaziyat bo‘lmasa kerak. Shuning uchun favqulodda vaziyatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini ham o‘rganib oling. Tadqiqtolar har 4 erkakdan biri bu kabi vaziyatga tushib qolishini ko‘rsatgan.
- Muzokara olib borish
Erkak – oila boshlig‘i, misoli bir davlatning rahbari. Oila uchun va oila nomidan kelishuvlar qilish uning yelkasiga tushadi. Narx-navoni kelishish, o‘zaro munosabatlarda aniq va tiniq rejalarni belgilab, qat’iylik bilan ikkinchi tomonga buni tushuntirish va biror masala yuzasidan rozilik olish oson emas. Muzokara olib borayotganda ikkinchi tomonning nigohiga tik boqib, kezi kelganda jiddiy yoki muloyim, ammo samimiy ohangda so‘zlang. Sizning bu jarayonda qat’iy odam sifatida taassurot qoldirishingiz ishning oson va ko‘ngildagidek bitishiga xizmat qiladi.
- Soqolni qirtishlash
Bu juda kerakli uquv. Tasavvur qiling, ishga yoki muhim uchrashuvga borganingizda soqolingiz yaxshi olinmagan bo‘lsa, sizga pala-partish va tartibsiz degan tamg‘aning bosilishi uchun shuning o‘zi yetarli.
- Tugma qadash
Shoshib turgan mahalda yaqinlaringiz ham sizga yordam bera olmasliklari mumkin. Ko‘chaga tugmasiz kiyimda chiqqandan ko‘ra, bu hunarni o‘rganib olganingiz foydali. Aytganday, diqqatli bo‘ling, statistika har 10 erkakdan 7 nafari tugmani teskari qadab qo‘yishini ko‘rsatmoqda!
- O‘tin yorish
Ha! Qadimda kuyovga bekorga o‘tin yordirishmagan ekan. Qishda xonadonga issiqlik olib kirish uchun o‘tin yorishdan boxabar bo‘lish kerak. Buning uchun kuch va mahorat kerak. Aks holda, siz yorgan o‘tin pechka tuynugiga ham sig‘may qolishi mumkin.
- Ichimlik suvi topish
Hayotda turli xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Ba’zida sayohatga ichimlik suvisiz chiqqan bo‘lsangiz, qarshingizdagi daryo yoki ko‘l suvini ichishga oshiqmang. Imkon bo‘lsa, ularni filtrlang va oldin og‘zingizda uning ta’miga diqqat qiling. Yomg‘ir suvi esa tabiiy chuchuk suv hisoblanadi.
- G‘ildirak almashtirish
Avtomobil shinasining teshilib qolishi – haydovchi uchun eng yoqimsiz holatlardan. Ayniqsa, shoshib turganda. Uni mustaqil almashtirish chinakam erkakka xos hunar. Magistral yo‘llarda yordamsiz qolib ketgandan ko‘ra, buni o‘rganib qo‘yganingiz ma’qul.
- Suratga olish
Smartfonlar yuqori sifatli tasvirga olish imkonini anglatadi. Ammo, rakurs va manzarani to‘g‘ri tanlash zarur. Aks holda, hayotning eng go‘zal xotiralari xira va tushunarsiz suratlarda aks etadi. Farzandingiz bo‘lsa, uning baxtli bolaligini, ota-onangiz bilan o‘tayotgan lahzalarni kelajak uchun muhrlang.
- Pichoqni o‘tkirlash
Har oyda kamida bir marta rafiqangiz pichoqlarning o‘tmaslashib ketganidan hasrat qilsa va buni kunora eslatib tursa, buni dashnom deb qabul qilaverasiz. Dashnomni ko‘tarish esa oson emas. Oshxonada ayolingizning anjomlari risoladagiday tursa, kayfiyati ham yaxshi bo‘ladi. Tabiiyki, dasturxon ham mazali va to‘liq bo‘ladi. Bu uquv to‘g‘risida tanishlar bilan tajriba almashing yoki internet tarmog‘idan shunga doir tajribalarni ko‘zdan kechiring.
- Taglikni almashtirish
Shoshmang! Diqqatingiz bo‘linib, ensa qotirmang! Farzand – sizning jigaringiz. Uning tagligini almashtirish katta muammo emas. Ayniqsa, to‘lib qolgan taglikdan bolangiz jabr ko‘rmasligi uchun shunday qilishga majbursiz. O‘z bolangizdan irganishni xayolingizga ham keltirmang! Men ham ayolim ikkinchi farzandimiz uchun tug‘ruqxonaga yotganida bu "hunar"ni o‘rganib olgan edim :).
Doimo omadli bo‘ling! Omad kaliti esa uquvda!