Gilos – kamqonlikning shifosi
Gilos mevasi o‘zining vitaminlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Vujudimizda kechuvchi moddalar almashinuvi jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kalsiy, temir, magniy, fosfor, kaliy, natriy minerallariga ham boy hisoblanadi.
Shu bilan birga, gilos mevalari organik kislotalar, saxaroza (fruktoza, glyukoza), RR va V6 vitaminlari, yod, ftor, xrom, kremniy, nikel, rux, marganets singari mikroelementlar, pektinlar, flavonoidlar guruhiga mansub antotsianlarni o‘zida saqlab, salomatligimizni mustahkamlashda ko‘maklashadi.
Gilos buyrak va jigar faoliyatini yaxshilab, qon aylanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Gipertoniya bilan og‘rigan bemorlar uchun faol birikmalarga boy bo‘lgan to‘q qizil gilosning eng foydali miqdori kuniga 250-300 grammni tashkil etadi.
Ichak vorsinkalari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun gilos mevalari ichaklar atoniyasi (ichak faoliyati susayishi), kolit (qabziyat) va boshqa ichki xastaliklarda davo sifatida qo‘llaniladi. Gilos sharbati va qaynatmasi ovqat hazm qilishi tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Uning mevalari tarkibida kam miqdorda organik kislotalar mavjudligi sababli uni iste’mol qilish me’da shilliq qavatining yalig‘lanishi (gastrit) bilan og‘rigan bemorlarda kislota miqdorining ortishini keltirib chiqarmaydi.
Shuningdek gilos mevalarida temir va vitaminlar ko‘pligi bois kamqonlikda iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Malina – saratonga qarshi foydali meva
Tabiat ne’mati bo‘lmish malinaning inson salomatligiga foydasi haqida ko‘p eshitganmiz. Okean orti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida mazkur mevaning yana bir ijobiy jihati kashf etildi.
Tadqiqotchilar tomonidan saraton hujayralari mavjud jonivorlarda sinab ko‘rilgan malina 90 foizdan ortiq saraton hujayralarini yo‘q qilib yuborgan. Malina antioksidant xususiyatlariga ega bo‘lish bilan bir qatorda, unda saratonga qarshi maxsus modda mavjud.
Avvalgi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra olimlar malinaning faqat ayrim turlarigina saraton xujayralarini yo‘q qilishi mumkin deb hisoblashardi. Masalan, qora malina. Ammo, so‘nggi izlanishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, malinaning har qanday turi saratonga qarshi kurashish xususiyatiga ega.
Shu bilan bir qatorda malina S vitaminiga boy bo‘lib, bu erkaklar uchun nihoyatda foydalidir.
Shunday ekan, bozor peshtaxtalarini to‘ldirib turgan gilos va malina mevalaridan sotib olib, foydali mevalarni oilangiz bilan baham ko‘rishni unutmang.