Bilasizmi?

"Aslo nolima, hech qachon o‘zingni sharhlama"

Bu qoida ilk marotaba britaniyalik siyosatchi, bosh vazir Benjamin Dizraelli tomonidan ilgari surilgan va juda ko‘p ingliz mansabdor erkaklari unga amal qilishgan. Hatto qirol oilasining a’zolari ham! Va hattoki taniqli davlat arbobi Uinston Cherchill ham bu qoidaning to‘g‘riligini tan olgan.

Aksariyat erkaklar uchun begona bo‘lgan "hech qachon" jumlasi nisbiy va barcha vaziyatga ham mos kelavermaydi. Ammo qayerda, qachon va nima uchun uni ishlatishni anglay olsak, o‘z-o‘zini idora qiluvchi va serg‘ayrat kishilar safida qolamiz.

Hech qachon sharhlamang

Amerikalik adib va noshir Elbert Habbard shunday deydi: "Hech qachon sharhlama – do‘sting sening izohingga muhtoj emas, dushmaning esa baribir bunga ishonmaydi".

Kimgadir qaysidir masala yuzasidan izoh berish sizning unga bo‘lgan tobeligingizni oshiradi, tinglovchiga sizga hukmronlik qilishiga kuch beradi. Kezi kelganida kimdandir tanbeh yoki haqorat eshitsangiz, rejalaringiz haqida sizdan so‘rashsa yoki qarorlaringizning sababi bilan qiziqib qolishsa, bunga nisbatan munosabat bildirish, ya’ni suhbatdoshga uning fikri xatoligini aytish, bu – tabiiy holat.

Agar u odam siz bilgan va hurmat qilgan, o‘zingizga yaqin kishi bo‘lib, sizga jo‘yali biror taklif yoki fikr aytgan bo‘lsa, unda u bilan reja va qarorlaringizni muhokama qilishingiz mumkin.

Agar u odam sizning rahbaringiz yoki mijozingiz bo‘lsa, ishda qolish yoki foydani boy bermaslik uchun ham sharh-izoh berishga majbursiz.

O‘rni kelganida sevimli kishi va do‘stga ham biror masala yoki vaziyat yuzasidan izoh berishning aybi yo‘q.

Ammo o‘zingiz shaxsan bilmagan (ayniqsa bugun onlayn tarmoqda ko‘payib ketgan), oilaviy va shaxsiy hayotingiz yuzasidan fikr bildirishga haqqi bo‘lmagan odamlarga nimanidir izohlab, vaqtingizni ketkazmang.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘z doirangizdan tashqarida bo‘lgan odamga izoh berish – uning darajasiga tushib qolish bilan barobar.

O‘zimizni sharhlashning yagona sababi – boshqa birovning ma’qullashini eshitishni xohlashdir. Qilishingiz kerak bo‘lmagan ishning xatoligini bilib turib, boshqalardan bu haqida so‘rash – boshqalarga o‘zingizning kuchsizligingizni ko‘rsatishdan boshqa narsa emas.

Biror masala yuzasidan izohlaringiz tan olinmay, fikr-mulohazada boshqaga yutqazib qo‘yishingiz – o‘z-o‘zingizni nazorat qilish qobiliyatini pasaytiradi.

Izoh va sharhda chuqurlashib ketish, valakisalang suhbatdoshingizga yanada kuch bag‘ishlaydi. U sizni to‘g‘ri qarorlaringizdan biriga qarshi borishga undamoqchi bo‘ladi. Bunday onlarda siz unga o‘zingizdagi ikkita qadrli manbaani bekorga hadya qilasiz – vaqt va e’tiborni. Natijada siz hujum emas, himoyaga o‘tib olasiz. Suhbatda ahmoq sherigingizning qo‘li baland kela boshlaydi. Tabiiyki, bundan qattiq asabiylashasiz. Bu kabi suhbatlar bora-bora sizni ma’nan va ruhan ega boshlaydi. Ammo siz buning sababi shu kabi gurunglar ekanini doim ham anglab yetmaysiz.

Reja va qarorlaringiz to‘g‘risida so‘ragan kishiga izoh bermasligingiz nari borsa uning sizni ojiz deb o‘ylashi bilan yakun topadi. Ammo, bu – sizning eng katta yutug‘ingiz. Boisi sizning ishlaringizga qiziqayotgan, siz begona hisoblagan odamlar aslida sizdagi g‘ururni mo‘ljalga olgan bo‘lishadi. Shu orqali ular sizni kuchsizlantirishga urinishadi.

"Aslo nolima: hech qachon izohlama" qoidasi sizga hasrat qilayotgan, sizni tanqid qilayotgan odamni jimgina tinglashni anglatmaydi. Siz me’yorni buzmagan holda unga munosabat bildiring.

Suhbatda aytish joiz bo‘lgan gapni gapiring. O‘zingiz xohlamagan gapni bildirishdan tiyiling. Fikrni lo‘nda qilib ifodalash va ishonch bilan gapirish sizni chalg‘itishga urinayotgan suhbatdosh uchun katta zarba.

Birovlarga hadeb sharh berish odamni hayotidan nolish xastaligiga duchor qiladi. Oxir-oqibat bunday odamlar Jek London kabi, "dunyo ahmoqlarga to‘la bo‘lgani bois, u meni tushunishga ojizlik qiladi!" degan fikrga kelishadi. Sabab o‘zingizni qancha ko‘p sharhlasangiz, o‘zingizga qarshi dalil va ayblarni shuncha ko‘p oshkor qilasiz.

Nolishga odatlamang

Hindlarda "Xudoga yo‘lbarsni yaratgani uchun nolima, unga qanot bermagani uchun shukur qil," degan maqol bor. Universitetning qattiqqo‘l professori uchun kurs ishi yozayotgan talabalarning holatini tasavvur qiling. Kimdir professorni "talabaning qoniga tashna" desa, boshqasi uning talabchanligini o‘z muvaffaqiyati bilan bog‘laydi.

Eslang, Endryu Karnegi – ha, po‘lat sanoatining otasi Buyuk Britaniyadan qashshoq bola sifatida AQShga borganida cho‘ntagida hemiri ham yo‘q edi. Yillar o‘tib, u yirik milliarderga aylandi. "Insonlar bilan ishlashda ularni koyish, ulardan nolish yaramaydi. Bu jarayonda o‘zingizni tilla izlovchisiga qiyoslang: yig‘ilayotgan tilla zarralarini ko‘rib xursand bo‘ling va tuproqning changini unuting," degan ekan po‘lat magnati.

Agar yosh, kuch-g‘ayratga to‘la bo‘lsangiz, hozirdanoq tanangizda o‘zingizga munosib ko‘rgan shaxsiyatni shakllantirishga kirishing. Birovlarga o‘zingizni sharhlab, o‘zligingizdan voz kechmang va boshqalarga ham yaxshi yashashlariga yordamlashing.