AQSh hukumati AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistondagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan korxonalarga mahalliy va xalqaro biznesni rivojlantirishda ko‘mak berib kelmoqda. Bu ko‘mak o‘zbek kompaniyalarini eng so‘nggi o‘simlik mahsulotlari va texnika vositalari yetkazib beruvchi AQSh firmalari bilan aloqa o‘rnatish hamda o‘z eksportlarini kengaytira olishlari uchun ularni yangi xalqaro bozorlarga tanishtirishni o‘z ichiga oladi.
AQSh Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Henri Ensher shunday yordam olayotgan korxonalarning biri – “Gold Dried Fruit Export” (GDF) masu’liyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. USAID ko‘magida, yetishtirayotgan yong‘oqlarining sifatini yaxshilash uchun GDF Kaliforniyada joylashgan amerikalik ishlab chiqaruvchidan ko‘chatlar sotib oldi. Shuningdek, xo‘jalik faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida u Amerikadan qishloq xo‘jalik texnikasini ham xarid qildi. Korxona bozorlarini kengaytirish maqsadida USAID ushbu kompaniyaga eskport bozoridagi potensial xaridorlar bilan aloqa bog‘lashda yordamlashib, uning ishlab chiqarayotgan mahsuloti sifatini yaxshilash bo‘yicha maslahatlar berdi. Shu yil 9-14 aprel kunlari Boltiqbo‘yiga uyushtirilgan bog‘dorchilikka oid savdo uchrashuvi hamda trasnport va logistika bo‘yicha o‘quv safari natijasida GDF kompaniyasi Latviya va Litvaning oltita kompaniyasi bilan 17 million dollardan ortiq summaga hamkorlik shartnomalari imzoladi.
GDF 2012 yili tashkil etilgan bo‘lib, yangi, quritilgan va muzlatilgan bog‘dorchilik mahsulotlari ishlab chiqaradi hamda ularni mahalliy bozorga va eksport qilish uchun qadoqlab, yetkazib beradi. Jahon bozorida O‘zbekistonda yetishtirilgan quruq mevalar va sabzavotlarning sotishga yaroqliligini oshirish maqsadida 2013 yili GDF yetti gektar hududda qayta ishlab chiqaruvchi zavod qurdi. 2015 yili esa bu zavod yonida tayyor mahsulotni saqlash, muzlatish va qadoqlash uchun yuqori texnologiyaga asoslangan sovutgich omborxonasi barpo etildi.
Kompaniya bog‘dorchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda innovatsion yondashuvni tadbiq etgani uchun e’tirof etilib, 2017 yil 18-19 oktyabr kunlari Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan VII Markaziy Osiyo Savdo forumida bog‘dorchilikni rivojlantirish, mahsulotlarni qayta ishlash va saqlash uchun mukofot bilan taqdirlangan.
Korxonaga tashrifi chog‘ida Davlat kotibi o‘rinbosari Ensher shunday dedi: “Biz bugun faoliyati bilan tanishayotgan kompaniya singari korxonalar, sotuvga chiqarishdan avval mamlakatning yuqori sifatli meva va sabzavotlari qiymatini yanada oshirgan holda, O‘zbekiston bo‘ylab ish joylari yaratayotgani bilan ahamiyatlidir. Ko‘p yillardan buyon, USAID O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sektori rivojlanishini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. U ishlab chiqaruvchilarga xalqaro bozor talablariga javob berishda ko‘maklashish uchun O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda ish olib bormoqda.”