Bilasizmi?

2019 yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili nishonlanadi

Qozog‘iston parlamenti Senati qo‘mita raisi Darig‘a Nazarboyeva boshchiligidagi parlament vakillari Janubiy Qozog‘iston viloyatining O‘zbekiston bilan chegaradosh Sariog‘och tumanida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashdi, deb xabar qildi "KazTV".

Ikki mamlakat parlamenti a’zolari bu yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili, kelasi yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili bo‘lishi munosabati bilan o‘zaro do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash, madaniy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Iki mamlakat vakillari Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida sayyohlarning erkin kirib-chiqishini ta’minlash tartiblarini yanada yengillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, Sariog‘och tumanining chegara hududida yirik savdo majmuasi tashkil qilishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonda 2018 yilni O‘zbekiston yili deb e’lon qilganida, ushbu mamlakat bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani va tobora yaxshilanayotganini aytgan edi. "O‘zbeklar bizga yaqin insonlar, Markaziy Osiyodagi katta mamlakat, shu bois, u davlat bilan aloqalar muhim va foydali", — degan edi Qozog‘iston rahbari.