Yetakchilikka intilish deyarli barchaning tabiatida bor, agar kimki bunga intilmas ekan, bu qobiliyati hali o‘zini namoyon qilmabdi. Ayniqsa, erkaklar o‘z qat’iyati, bir so‘zligi, keskinligi bilan yetakchilikka moyil jins sanaladi. Haqiqiy yetakchilarning muvaffaqiyati vaziyatni o‘ziga xos tarzda idrok etib, qaror qilishlaridadir.
Oddiy odamlar voqeani idrok etguncha yetakchilar buning mohiyatini anglaydi, qolganlar tushungunicha yetakchilar munosabat bildirish bosqichiga yetadi.
Yetakchida tafakkur qobiliyati bo‘lishi lozim: u o‘z tajribasiga tayanib eski muammolarni yechishning yangi yo‘llarini qidirmog‘i darkor. Kundalik tutish dunyoga turli tarafdan boqishga yordam beradi, hodisani boshqatdan baholay olasiz, raqobatchilaringizdan avval qaror qabul qila olasiz.
Ko‘p yillar biznes-maslahatchi bo‘lib ishlagan Nensi Adler (Nancy Adler) o‘z tajribasiga asoslanib kundalik tutishni tavsiya etadi.
Nensi Adler
Professor, tadqiqotchi, rassom. Yetakchilik mavzuida tadqiqot o‘tkazadi va kishilarga maslahat beradi. 125dan ortiq maqola yozgan. Uch film prodyuseri. 10 kitobning muallifi.
Nima qilmoq kerak?
- Daftar sotib olish kerak. Onlayn kundalik yuritsangiz, qo‘lda daftarga yozganchalik miriqib shug‘ullanmaysiz.
- Kunda 15 daqiqa vaqtni kundalik yozishga ajrating. Bu oson emas. Mabodo 15 daqiqa ham bo‘sh vaqtingiz topilmasa, uch daqiqa ajrating. Har nima bo‘lsa ham kundalikni tashlab qo‘ymang.
- Hech kim xalaqit bermaydigan tinch joy toping.
- Har kuni aniq bir vaqtni belgilab oling. 15 daqiqangizga hech qaysi yumush daxl eta olmasin, siz o‘z-o‘zingiz bilan maslahatlashyapsiz.
- Nimaiki xayolga kelmasin qog‘ozga tushiring. Imlo xatolariga bosh qotirib o‘tirmang, o‘zingizni erkin qo‘yib, bamaylixotir yozing.
- Kundaligingizga hech kimning ko‘zi tushmasin. Mulohazalaringiz o‘zingizgagina tegishlidir. Hech bir ekspert bermagan maslahatni undan olasiz.
Kundalik yuritishni nimadan boshlash kerak?
Agar kundalik yuritishda tajribangiz bo‘lmasa, Nensi Adler sizga ko‘maklashadi. Bir varaqqa savollar va javoblarni yozing.
- Ayni vaqtda o‘zimni qanday his qilyapman?
- Yetakchiligim to‘g‘risida o‘zimning fikrim qanday?
- Yetakchilikda, hayotda va olamda nimalarga diqqatimni qaratsam arziydi?
- Oxirgi 24 soatda qanday eng yoqimsiz (yoki yoqimli) g‘oyani eshitdim?
- So‘nggi haftada o‘z faoliyat sohamga yoki boshqa sohaga tegishli qanday maroqli tashabbus haqida eshitdim?
- Bu haftada nima meni hammadan ko‘proq quvontirdi? Baxtli bo‘lish uchun nima qilishim kerak?
Tasavvuringizni san’at boyitsin
San’atga murojaat qilish yetakchilarga yordam beradi. Yetakchi tasviriy san’at asarlariga boqib yangicha nuqtai nazarlarni kashf etadi.
Bu uydirmadek tuyulishi mumkin. Ammo surat va hayotiy muammolarni idrokda taqqoslash g‘aroyib g‘oyalar tug‘ilishiga turtki beradi. Masalan, Yel universitetida yosh shifokorlarga san’at tarixidan umumiy kurs o‘tilgach, tashxis qo‘yishni yaxshiroq uddalaganliklari aniqlangan. Sabab nimada? Sabab shuki, inson rassom, shifokor, direktor yoki boshqa kasb egasi bo‘lsa ham, san’at mazmunni anglashga o‘rgatadi. Mazmunni ijodiy anglash ko‘plab nuqtai nazarlarning biridir.
Maqsadni esdan chiqarmang
Yetakchilarning qo‘lida ko‘p imkoniyatlar bor, ammo ularning ayrimlari mazmunni anglay olmaslikka chalingan. Hozirgi vaqtda sizga yoki jamiyatga aynan nima kerak? Shu savolni o‘zingizga berib ko‘ringchi. “Bugun nima ish qilaman? Hayotda mening vazifam nima?” - degan savollarni ham.
"Tinglang. Ichki ovozingizni qanchalik diqqat bilan tinglarkansiz, tashqi ovozlarni cho‘chimasdan shunchalik yaxshi eshitasiz." Dag Xammarshyold (Dag Hammarskjöld), 1953–1961 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi
"Xuddi boshqalar o‘z davri uchun mas’ul bo‘lgani singari biz ham o‘z zamonamiz uchun javobgarmiz. Muhimi tarix kuyiga yo‘rg‘alab qolmasdan uni yaratishdir". Madlen Olbrayt (Madeleine Albright), 1997–2001 yillarda AQSh davlat kotibi
Sizning yetakchiligingiz shunchaki muvaffaqiyatli emas, ahamiyatli bo‘lsin. Aniq belgilangan maqsadsiz strategiya va taktika behudadir.
Kundalik sahifalarini to‘ldirib borgan sari uni qayta mutolaa qilishga berilasiz. O‘zingizga chetdan baho berasiz. Dunyoni va odamlarni boshqa nuqtai nazardan anglaysiz.
lifehacker.ru maqolasi asosida tayyorlandi