Bugungi kunda odamlarning uzoq va sog‘lom umr kechirishlarini tibbiyotning yuksak rivoji bilan izohlash mumkin. Ammo jamiyatning yuksak taraqqiyoti ko‘pchilik odamlarni ishga mukkasidan sho‘ng‘ish, boylikka mehr qo‘yish kabi illatlarga boshlab, bosh va miya, asab bilan bog‘liq zamonaviy kasalliklarga sabab bo‘lmoqda.
Ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda keksalikda inson eng ko‘p murojaat qiladigan tibbiyot yo‘nalishi – nevrologiya xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Xususan alsgeymer (orttirilgan aqli zaiflik) kasalligi taraqqiy etgan jamiyatda yashayotgan aholining xavfli dushmaniga aylangan. Misol uchun, birgina Amerikada bu kasallik bilan og‘rigan 7 million nafar bemor mavjud. Siz esa quyidagi tavsiyalarga ham amal qilib ko‘ring. Ko‘p o‘tmasdan bosh va miya bilan bog‘liq dardlardan forig‘ bo‘lsangiz ajab emas.
Tongni yaxshi kayfiyatda qarshi oling
Stendfor universiteti olimlari tabassum yoki ijobiy kayfiyatning ham miya va asab tizimi uchun foydali ekanini isbotlashdi.
Gap shundaki, yaxshi mahsulotlar iste’mol qilgan bilan, inson tanasidagi ijobiy kayfiyat yetarli darajada bo‘lmasa, miya faoliyati ham, tana faoliyati ham yaxshi tomonga o‘zgarmaydi. Unga avvalo, pozitiv ruhiyat kerak.
Erta tongda uyg‘ongandan boshlab bugungi kun ham sizga bekorga berilmaganini, qarshingizda turgan 24 soatni yangi reja va muvaffaqiyatlar bilan qarshi olishga tayyor ekanlingizni o‘ylang. Aynan tongda tanada uyg‘ongan ijobiy kayfiyat tufayli miyada zarur gormonlar faollashadi va kun davomida sizning kuch-quvvatga boy bo‘lishingizni ta’minlaydi.
Unutmang, baxtiyorlik tongda tanaga kirishi kerak bo‘lgan eng muhim ozuqa. Aks holda, xafa va tushkun kayfiyat miyaning tobora so‘nishiga olib keladi.
Tana faolligini oshiring
Tana jismonan faol bo‘lsa, yurak qonni yaxshi haydaydi. Shunda miyaga ham kislorod yuqori sur’atda yetib keladi. Natijada miyada yangi to‘qimalar tez rivojlanadi. Yangi miya to‘qimalari qancha tez rivojlansa, bizning odamlar bilan muloqotimiz, fikrlash doiramiz, eslab qolish qobiliyatimiz ham shu qadar mustahkam bo‘ladi.
2014 yilda The New York Times gazetasida e’lon qilingan Illinoys universitetining tadqiqotida yozilishicha, sport mashg‘ulotlariga qatnaydigan bolalarda diqqatli bo‘lish va mulohaza qilish, vazifaga nisbatan mas’uliyatni his qilish darajasi yuqori bo‘lar ekan.
2003 yilda Jorjia universitetida olib borilgan tadqiqotlar xulosasi esa miyaning shaklini o‘zgarishi, faoliyatining yaxshilanishi, tananing g‘ayratga kirishi uchun 20 daqiqalik jismoniy mashqlarning yetarli ekanini ko‘rsatgan. Sababi, ortiqcha terlash ham miya faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Unutmang, harakat qilish har jihatdan olg‘a borish degani.
Miya muskullarining chigalini yozing
Ha! Tanamizdagi kabi, miyada ham muskullar bor. Modomiki, miya muskullari bo‘y ko‘rsatmas ekan, tananing bo‘rtib chiqqan muskullaridan naf yo‘q. Ularning chigalini yozmaslik esa, tananiki kabi yo‘qolib ketishlariga sabab bo‘ladi.
Massachusets Texnologiya instituti olimasi Tara Svartning fikricha, ayniqsa yangi til o‘rganish, she’r yod olish, biror musiqiy asbob chalishni o‘rganish kabi mashg‘ulotlar miya muskullarini rivojlantirar ekan.
Amerikalik taniqli muallif Jeyms Altacherning fikricha, biror nimani eng sodda va ixcham usulda ifodalashga harakat ham miyani "jarohatlab" uni ishlashga majbur qilar va shu orqali muskullarini harakatga keltirar ekan. Misol uchun, oq qog‘ozning bir betiga 10 ta g‘oya va ularni amalga oshirish usullarini bayon etish insondan mulohaza va idrokni talab qiladi.
Harvard universiteti ruhshunosi ham inson dunyoqarashi va qiziqishlarining chegaralanmasligi, ya’ni uning universalligi hamda hayotdagi qiyin vaziyatdan oson chiqib ketish uchun qilingan idrok ham miyani muskuldorligini ta’minlar ekan.
Qaddingizni tik tutib o‘tirishga odatlaning
Onalar doimo qaddi bukchayib qolgan bolalariga tanbeh berib, ularga qaddilarini rvon va tekis qilib o‘tirishlari kerakligini aytishadi. Qad-qomatni tik tutib o‘tirish tanadagi quvvatni oshirib, kayfiyatni ham ko‘tarar ekan.
Shu bilan birga, Harvard professori Eymi Kaddi 2013 yilda o‘tkazgan tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, qad-qomatni tekis tutib o‘tirish odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham oshirar ekan.
Mazkur ilmiy tajriba uchun saralab olinganlarning turmush tarzi o‘rganilganida qaddi bukchayib qolganlarning aksari smarfton, planshet va boshqa mayda elektron qurilmalar foydalanuvchilarini tashkil qilar ekan.
Olimlarning diqqatini tortgan jihat shu bo‘ldiki, tajriba jarayonlari tugaganidan so‘ng, bu kabi qurilmalar foydalanuvchilari, ya’ni asosan yoshlar indamasdan xonadan chiqib ketishgan.
Kompyuter va noutbuk foydalanuvchilari nisbatan katta avlod vakillari bo‘lgan ishtirokchilar esa tajriba tashkilotchilaridan xonani ruxsat so‘rab, xayrlashib tark etishgan.
Gap shundaki, qomatning bukilishi inson shuurining umidsizlik va tushkunlikka, salbiy xotiralarga g‘arq bo‘lishiga olib kelar ekan. Buni olimlar bir necha ming yillar oldingi, inson hali yovvoyi mavjudot olamidan qudratli jonzod sifatida ajralib chiqmagan, "gavda tili" yordamida tillashgan davrdan "meros" qolgan intuitsiya yoki refleks sababi, deb izohlashmoqda.
San-Fransisko universiteti olimi Erik Peperning fikricha, kun davomida bardam va g‘ayratli bo‘lish uchun inson o‘z tanasining nazoratini qo‘lga olishi, kichkina qurilmalar monitoriga tomon egilish o‘rniga ularni ko‘ziga yaqin olib kelishi kerak.
Elektron qurilmalarni boshdan uzoqqa qo‘yib uxlang
Smartfonlarning miyaga yomon ta’siri haqida yarim afsona, yarim haqiqat gaplar yuradi. Ammo, Harvard universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, uyqu mahalida elektron qurilma yoki boshqa turdagi yoritkchilarni yoqib qo‘yish miya va tana uchun juda zararli.
Izlanuvchilar xobgohimizni yoritib turgan oy nuridan tashqari har qanday yorug‘lik salomatlik uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini isbotlashgan. Chunki bu soxta yorug‘lik tananing biologik soatiga ta’sir o‘tkazadi va miriqib dam olishiga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, monitor, displey va qurilmalar quvvatini to‘ldirishga xizmat qiladigan zaryadkaning ko‘k nuri tanaga ikki marotaba ko‘proq zarar yetkazadi. Natijada, diabet, saraton, yurak xuruji va semizlik kabi kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Olimlar yotoqxonada yoritgich sifatida xira nur tarqatuvchi, qizil nurli chiroqlardan foydalanishni maslahat berishadi.
Massachusets Texnologiyalari instituti olimasi Tara Svart miya o‘z tizimlarini tozalashi va hordiq olishi uchun odam kamida har kuni 6-8 soat uxlashi kerak bo‘lishini aytgan. Aks holda miyada beta-amiloid neyrotoksinining miqdori oshib, aqli zaiflikka sabab bo‘lishi mumkin. Uyqu vaqtida tanamizga tushib turgan turli xildagi nurlar esa bunga to‘sqinlik qiladi.
Olimlar miya ham qon kabi har kuni tozalanishga muhtoj ekanini bilishardi, ammo bu ilmiy qarash 2013 yilda Rochester universiteti qoshidagi Neyrotibbiyot markazida Meyken Nedergaard tomonidan isbotlandi.
Gap shundaki, odam uyqu jarayonining eng osuda nuqtasiga yetganida miyadagi "yashirin g‘or"chalar ochilib, miya ichkarisida suyuqlik orqali tozalash tizimi ish boshlaydi va mavjud moddalar neyrotoksin, ya’ni asab tizimi uchun zaharli moddalarni yuvib tashlaydi. Toksinlar umurtqa orqali chiqarib yuboriladi.
Hozircha, qurilmalarni boshga yaqin joyda qo‘yib uxlashning zarari o‘z isbotini topmagan. Lekin, har ehtimolga qarshi salomatlik uchun o‘zimizni ulardan himoya qilish maqsadga muvofiq.
25 yoki 50 yoshdamisiz, bundan qat’inazar yuqorida taqdim qilingan mashq va tavsiyalar miya to‘qimalari paydo bo‘lishi, yangi asab yo‘llarining rivojlanishi, zehn va idrokning oshishi, ijobiy kayfiyatning shakllanishi orqali salomatligingiz uchun xizmat qiladi.
Yuksak tibbiy texnologiya, yangi tadqiqotlar odamlarga asab va miya xastaliklaridan himoyalanishga oid yana boshqa qator tavsiyalarni beradi. Ayniqsa, bu holatda tabiiy usullarda, xususan antioksidant bo‘lgan mevalar, yong‘oq, baliq mahsulotlari, dukkakli ekinlar iste’mol qilish orqali davolanishning samarasi yuqori.
Mazkur tavsiya va ma’lumotlarning barchasi ilmiy asosga ega va xorijiy ommaviy axborot vositalari, universitet hamda tadqiqot markazlari veb-saytlarida e’lon qilingan.
Doimo sog‘-salomat bo‘ling!