“Husnbuzar erkak yuzining chiroyi” degan gaplar haqiqatdan ancha yiroq hisoblanadi. U qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar egasiga juda ko‘p noqulayliklar keltirib chiqaradi. Avvalo shuni qayd etib o‘tish kerakki, yuzdagi husnbuzarlar erkaklik yoki balog‘atga yetishning emas, balki organizmdagi qaysidir organning noto‘g‘ri ishlayotgani yohud organizmda zararli bakteriyalar mavjudligining belgisi hisoblanadi. Agar siz o‘smirlik yoshida bo‘lsangiz yoki o‘smirlikdan ancha o‘tib ketgan bo‘lsangizu husnbuzarlar hali ham sizni ta’qib qilayotgan bo‘lsa darhol ular bilan kurashish choralarini ko‘rishni boshlang.
Yuzdagi husnbuzarlarning kelib chiqish sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, bunga stress, ortiqcha asabiylashish, ichak parazitlari (askarida, nana, gijjalar), qabziyat (ichning qotishi), qonda zararli bakteriyalarning mavjudligi, yuz terisida zararli bakteriyalarning mavjudligi sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois avvalo dermatolog vrach ko‘rigiga hamma ishingizni yig‘ishtirib, tez orada borishingizni maslahat beraman. Yuzingizdagi husnbuzarlar yo‘qolgach o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz ortadi, o‘z-o‘zidan yuzingizga tabassum yugurganini sezmay qolasiz.
Ushbu maqolada husnbuzarlar bilan kurashishda samarali bo‘lgan, juda ko‘p sinalgan usullar va vositalar haqida ma’lumot bermoqchiman.
1. Qatronli sovun (Degtyarnoye milo)
Juda arzon mahsulot, istagan attorlik do‘konidan topish mumkin. Bu sovun yog‘li yuzlardagi husnbuzarlarning tezda “qurishiga” yordam beradi. Bu sovun faqat tabiiy vositalardan tayyorlanadi, uning tarkibida suvsizlantiruvchi qayin qatroni va antebakterial moddalar mavjud. Uning biroz g‘alati hidi mavjud, lekin u saqlanib qolmaydi, shuning uchun bundan qo‘rqmasangiz ham bo‘ladi. Ushbu sovundan har kuni ertalabki va kechki yuvinish vaqtida foydalanish lozim. Sovun bilan yuvilgan yuzga undan keyin istalgan oziqlantiruvchi krem surtish mumkin. Sizga oziqlantiruvchi krem sifatida dorixonalardan bolalar kremini xarid qilishni tavsiya qilaman, sababi ham arzon, ham tarbiki foydali moddalar va vitaminlarga boy.
2. Aspirinli niqob
Aspirinli niqobni yallig‘lanishga qarshi va dezinfeksiyalovchi vosita sifatida qo‘llash mumkin. Aspirin tabletkasi tarkibidagi modda yuzdagi husnbuzar teshiklarini yaxshi tozalaydi. Buning uchun besh dona aspirin tabletkasi olinadi va ularni kukun holiga kelguncha maydalanadi biroz suv quyilib krem holatiga kelguncha aralashtiriladi. Hosil bo‘lgan aralashma yuz terisiga surtiladi va qurib qolguncha kutiladi. Shundan keyin paxtali tamponni namlagan holatda aylanma harakat qilib yuzdagi aspirin tozalab olinadi. Tozalangan yuzga istalgan namlantiruvchi kryem surtiladi. Ushbu niqobni haftada bir necha marta qo‘llash mumkin.
3. Aloe bargi sharbati
Aloe bargi sharbati tarkibida terini kuchli tozalovchi, yaralarni tez bitkazuvchi, yallig‘lanishga qarshi va antebakterial moddalar mavjud. U nafaqat husnbuzarlardan qutulishda, balki yara va husnbuzarlardan qolgan izlarni hamda dog‘larni ketkazishda ham foydalaniladi. Buning uchun aloe o‘simligining pastki barglaridan bir nechtasi olinib sovutkichda o‘n kun davomida saqlanadi. Bu aloe sharbatining samaradorligini oshirishga yordam beradi. Shundan keyin barglardan siqib olingan sharbat yuz terisiga surtiladi. Bundan tashqari kesilgan bargni ikkiga ajratib uning o‘zini yuzga surtish ham mumkin. Ushbu usulni ertalabki yuvinishdan so‘ng va kechqurun uyqudan oldin amalga oshirish mumkin.
4. Asal
Tabiatning noyob va bebaho tuhfasi bo‘lmish asal nafaqat yuzdagi husnbuzarlarga qarshi kurashishda, balki ularni yo‘qotgandan so‘ng ularning asoratlarini bartaraf etishda ham qo‘llaniladi. Buning uchun toza yuz terisiga asal yupqa qilib surtiladi va yengil massaj qilinadi. Yigirma daqiqadan keyin yuzni iliq suvda yaxshilab yuvib tashlanadi. Agar asal ichiga birozgina limon sharbati qo‘shilsa niqobning samaradorligi yana ortadi. Bundan tashqari asal ichida ikki tomchi yod eritmasini qo‘shish bilan asalning antebakterial xususiyatini oshirish mumkin, bir choy qoshiq kartoshka sharbatini qo‘shish bilan yuz terisining oziqlanishini faollashtirish mumkin.
5. Zinerit
Antebakterial vosita sifatida mahalliy mahsulotlar o‘rniga zineritdan foydalanish mumkin. Uning tarkibidagi eritromisin moddasi mikroblarni yo‘qotsa, rux asyetat yuzdagi yog‘ bezlari ishini nisbatan susaytiradi. Shu vaqtgacha husnbuzarlar bilan kuzatiladigan holatlarda Zinerit o‘zining yuqori samaradorligi bilan og‘izga tushgan. Natijasini uni qabul qilgandan keyin bir hafta ichida kuzatish mumkin. Lekin shuni ham qayd etish lozimki, uni qabul qilishda yo‘riqnomaga va vrach tavsiyasiga qattiq amal qilish lozim.
6. Baziron AC
Baziron AC geli yuz terisidagi mikroblarga qarshi kurashishda, yallig‘lanishning oldini olish va yuzni namlantirishda eng yaxshi vositalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari Baziron AC yuzdagi yog‘ bezlarining ishini susaytiradi. Ushbu geldan foydalanganda organizm unga o‘rganib qolmaydi va o‘z natijasini juda tez ko‘rsatadi.
7. Skinoren
Skinoren bu gel yoki krem ko‘rinishidagi mahsulot bo‘lib, husnbuzarlarni davolashda qo‘llaniladi. U o‘z tarkibida azalain kislotasini tutadi. Bu modda husnbuzarlarga qarshi yuqori samarali modda bo‘lib, husnbuzar hosil qiluvchi bakteriyalar bilan samarali kurashadi, yog‘ bezlari faoliyatini susaytiradi. Foydalanish vaqtida qichishish holatini yuzaga keltirishi mumkin, shuning uchun faqatgina husnbuzar chiqqan joyga surtish maqsadga muvofiq.
Yuqoridagilarning qaysi birini tanlagan ma’qul?
Shuni unutmaslik lozimki, har bir organizm o‘zi xos individuallikka ega bo‘lib, yuqoridagi usullar kimdadir yuqori natijaga erishishga sabab bo‘lsa, kimgadir umuman foydasiz bo‘lib chiqadi.
Men sizga eng birinchi galda qatron suvuni, zinerit va namlantiruvchi krem sotib olishni tavsiya qilaman. Qatronli sovun yuzdagi yog‘lilikni ketkazish bilan birga qizarishlarni kamaytiradi, faqatgina sovundan keyin namlantiruvchi yoki oziqlantiruvchi krem surtishni yoddan chiqarmang. Zinerit odatda juda yaxshi ta’sir qiladi, bir haftadan keyin husnbuzarlar sezilarli ravishda kamayadi, bir oy o‘tib ulardan faqat izlar qoladi xolos. Lekin oradan ikki oycha vaqt o‘tib husnbuzarlar yana bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Bu organizmning Zineritga o‘rganib qolishidan darak beradi va sizning qilgan ishlaringizni bekorga chiqaradi.
Baziron AC Zineritdan farqli ravishda 30 kunlardan keyin o‘zining samarasini ko‘rsatadi. Uch oy o‘tib husnbuzarlardan asar ham qolmaydi, lekin shunday bo‘lsa ancha vaqt o‘tib ular yana chiqishi mumkin, lekin ilgarigidan ancha kam. Organizm unga o‘rganib qolmaydi, shuning uchun uni istalgancha foydalanish mumkin.
Asal, aloe, aspirinli niqob eng tezkor va samarali usullardan hisoblansada husnbuzarlardan butunlay qutilishga yordam bera olmaydi.
Yana nimalar qilish mumkin?
Maqola boshida aytilganidek husnbuzarlar bir necha sabablarga ko‘ra kelib chiqadi. Faqat yuzni davolab organizm ichiga e’tibor bermaslik, natijani tuzatib, sabab bilan qiziqmaslik degani, bu esa sizni husnbuzarlardan uzoq vaqt azob chekishingizga sabab bo‘ladi. Husnbuzarlari mavjud kishilar ozodalikka qattiq rioya qilishlari lozim bo‘ladi, ayniqsa kiyim-kechak masalasida, yuz va badan sochiqlarini ikki kunda almashtirish, sochiqlarni yuvish jarayonida qaynatish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari oshqozon-ichak faoliyatiga ham e’tibor bering. Ichingiz qotib qolmasligiga harakat qiling, ko‘katlarni ko‘proq iste’mol qiling, yetarlicha suv iching, dukkakli mahsulotlardan biroz tiyiling. Sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzi ham husnbuzarlardan qutilishga yordam beradi.
Maqola so‘ngida barchangizga sog‘lik-salomatli
Baxtiyor ShERALIYeV