Maqolaning I qismida xabar berganimizdek, erkaklar hayoti uzoq o‘rganilgan – Grant tadqiqot loyihasi 1938 yilda Harvard tibbiyot maktabining bir guruh tadqiqotchilari tomonidan boshlangan va u hozir ham davom etmoqda. Unda universitetning 1939-1944 yillarda tahsil olgan 268 nafar ikkinchi bosqich talabalari ishtirok etganlar.
Grant tadqiqot loyihasi doirasida bolalikning salomatlik, baxtiyorlik, muvaffaqiyatga kuchli ta’siri o‘rganilganida shunday xulosaga kelindi: modomiki bola sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan xulosa chiqarib borar ekan, uning hayotga moslashuvchanligida ijtimoiy ahvol, nobop ota-ona, jismoniy ojizlikning yaxshi yoki yomon ta’siri kuzatilmaydi. Bolaligida juda ko‘p ko‘ngilsizliklarga duchor bo‘lgan bolaning holatini o‘sha vaqtdagi ijobiy voqealar yaxshi tomonga o‘zgartirar ekan. Misol, otasiz bo‘lsa-da, bola onasi, aka-ukalarini mehriga to‘yadi, sovuqqon ota-onasi bo‘lsa-da, mehribon bobo-buvisining e’tiboridan quvvat oladi.
456 nafar bostonlik yoshlar tanlab olinib, ularning hayoti o‘rganilganida kambag‘al oilada, yetarli muammolar girdobida ulg‘aygan, otasining oila farovonligi yo‘lida qilgan qattiq mehnatiga guvoh va onasining g‘amxo‘rligi va mehri bilan o‘sgan farzandning kun kelib yuqori ijtimoiy-iqtisodiy mavqega ega bo‘lishi o‘z isbotini topdi. "Garchi kabag‘al bo‘lsak ham, ota-onamizning jokuyarligi tufayli bola bo‘lib, buni his qilgan emasmiz," deyishadi ko‘pchilik shunday farzandlar.
Hatto bolalik chog‘larida ota-onasidan erta yetim qolish holatida, garchi bola qattiq tushkunlikka tushsa ham, bu uning ruhiy va jismoniy salomatligiga, yorqin kelajagiga daxl qila olmaydi.
Farzand hayotiga onaning ta’siri
Ota va ona farzand kelajagiga ta’sir o‘tkazuvchi ikki muhim omillar. Ma’lum bo‘lishicha, bolaning onasi bilan yaxshi aloqalarda bo‘lishi uning:
- samarali ishlashi;
- hayotining so‘nggi yillarigacha yaxshi yashashi;
- mard va dono bo‘lib ulg‘ayishi;
- oq-qorani erta tanishi;
- kollejda yaxshi o‘qishi;
- o‘qishda yaxshi natijalar ko‘rsatishi;
- 80 yoshda ham ruhiy salomat bo‘lishini ta’minlar ekan.
Onasi bilan munosabatlari iliq bo‘lmagan farzandlar keksalikda o‘zlarini boshqalarga qaraganda 3 karra baxtsizroq his qilar ekanlar.
Xulosalar shunday bo‘ldiki, onaning farzandi tashabbusi va yutuqlaridan huzurlanishi, buni e’tirof etishi ham bolaning istiqboliga beqiyos hissa qo‘shar ekan. Munosib hayot o‘nkurashida yuqori ballni olgan omadli erkaklarning onasi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlarda ularning "o‘g‘lim juda jasur", "bolajonim mard va tanti" kabi maqtovlarni ko‘p ishlatishlariga guvoh bo‘lingan. Ya’ni, o‘g‘lining qo‘rqmas-jasur ekani bilan faxrlangan onalar bolalariga yaxshi hayotga erishishlariga katta yordam bergan bo‘ladilar.
Farzand hayotiga otaning ta’siri
Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, farzand uchun mehribon va g‘amxo‘r otaning borligi uning:
- sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi;
- sayohatlarda toblanishi;
- hazil-mutoyiba va ijobiy fe’l-atvorga ega bo‘lishi;
- nafaqa yoshida ham ruhiy balansi saqlashi uchun xizmat qilar ekan.
Ona emas, aynan ota tarbiyasida kamchiliklar kuzatilgan umr egalari turmush masalasida xatoliklar qilib, o‘zlarini baxtsiz his qilar ekanlar. Otasi bilan yaxshi aloqada bo‘lmagan insonlar o‘zlarining pessimist ekanliklari, odamlar bilan yaqin munosabat qurishdan cho‘chishlarini tan olganlar.
Erkak hayotida oilaning o‘rni
Erkakning hayotiga nafaqat bolalik xotiralari, shu bilan birga o‘rta yoshlardagi muhim o‘zgarish – turmushning ham ahamiyati yuqori.
Tadqiqotning 268 nafar ishtirokchilari orasidan kasbda yuksalish, o‘z ishida nom qozonish, ruhiy va jismoniy salomatlik, chiroyli turmush, sadoqatli do‘stlik, o‘z farzandlariga e’tiborli bo‘lish, ishdan zavq olish, muhabbatni tuyish, baxtiyorlikning nisbiy darajasini his qilish kabi «umr mohiyatining o‘nkurashi»ga muvofiq, "eng yaxshi" deb saralab olingan 55 nafar kishi 30 yoshga kirmasdan uylangan va ular 85 yoshga kirganlarida qayta o‘rganilganida faqat 1 nafarining turmushi ajrim bilan yakun topgani aniqlangan. Hayot o‘nkurashida oxirgi o‘rinlarni band etgan 78 nafar erkakning hayoti tahlil qilinganida ulardan 37 nafari (45 foiz)ning turmushida ajrim holati qayd etilgani aniqlandi.
Shuningdek, Bostonga qo‘shni shaharlardan kelgan 456 nafar shaharlik talabalar hayoti o‘rganilgan Glueck Study tadqiqotida shu dalil ma’lum bo‘ldiki, ularning har uchtasidan 2 nafari hech qachon uylanmagan. Sabab – ijtimoiy munosabatlarda no‘noqlik, topish-tutishining kamligi. O‘nkurash omillari asosida tuzilgan reytingda past o‘rinni olgan 50 nafar talabaning 71 foizi ruhiy kasal, deb topilgan.
Ajrashib ikkinchi turmush qurgan 85 yoshdagi 27 nafar erkaklardan 23 nafari oilaviy hayotda omadga erishganini qayd etgan. Ilk nikohning ajrim bilan tugashi erkakni oila yukini torta olmaslikda ayblash uchun asos bo‘la olmaydi.
Aksariyat holda, ya’ni bu ajrimlarning 57 foizida bosh omil ichkilikbozlik bo‘lgani aniqlandi.
20-70 yoshlarida ishtirokchilarning 18 foizi oilaviy turmushda goh baxtli, goh baxtsiz ekanliklarini aytishgan. Ammo yillar o‘tib, ular 85 yoshlarida qayta so‘roq qilinganlarida ularning 76 foizi oilaviy turmushlaridan roziliklarini bildirishgan. Keksalikda er-xotinlar bir-birlariga suyanib, qadriga yetib, hayotlarining yaxshi xotiralarini esga olib, yomonliklarni unutar ekanlar.
Oilaviy baxtiyorlikning siri hammani qiziqtirishi tabiiy. Baxtli juftliklar hayotlari davomida ko‘p sayohat qilishlari, har kuni yayov sayr qilib o‘zaro suhbat qurishlari, hazil-mutoyiba bilan yashashlari, biror masala yuzasidan bir-birlari bilan ochiqcha fikr almashishlari ma’lum bo‘ldi.
Yoshlikdagi muhabbat – oilaviy baxt siri
Inson hayoti va bolaligi, turmushining uzviy bog‘liqligi o‘rganilganida 30 yoshgacha muhabbatini topgan, unga erishgan insonlarning deyarli hammasi bu borada chinakam omadga erishgan. Ularning oilaviy turmushi ma’naviy-ruhiy tuyg‘ularga, romantika va sadoqatga boy bo‘lgan.
Buning sababi – erkak ruhiyatining sog‘lomligi, tuyg‘ular barqarorligi, uning samimiyligiga putur ketmagani ekan. Natijada bu omillar erkakning ayolga hirs bilan emas, xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishini, mustaqil qarorlar qabul qilishini, o‘ziga ishonchining paydo bo‘lishini, ijtimoiy va hissiy salohiyatining oshishini ta’minlar ekan. Bu borada oshig‘i olchi erkaklar kasbiy hayotda ham yuksak natijalarni qayd etishlari tasdig‘ini topdi.
Bolaligi yomon xotiralarga to‘la kishilar esa yaqin munosabatlarni o‘rnatishga qiynaladilar. Ularda pessimizm va shubha kuchli bo‘ladi. Bu kabi odamlar tashabbuskorlikda sust bo‘lganlari uchun muvaffaqiyatli navqironlik davrini o‘tkazib yuboradilar. Ammo bir haqiqat ma’lum bo‘ldi – ma’yus bolalik egalari ham o‘z taqdirlari va hayot yo‘llarini yaxshi tomonga o‘zgartirishga qodir ekanlar. Buning poydevori esa munosib turmush o‘rtoq, mustahkam oila, ruhiy himoya ekan.