Hayotda har xil vaziyat bo‘ladi. Kimdir sizga, siz ham kimgadir yordam berasiz. Biroq, shunday holatlar ham bo‘ladiki, “ilojim yo‘q” deyishni bilmaganingiz uchun zimmangizga qiyin, ortiqcha vazifa va majburiyatlarni yuklab olasiz.
Shunday odamlar ham borki, sizning bu odatingizdan o‘z maqsadi, manfaati yo‘lida foydalanadi. Xo‘sh, bunday noqulay holga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak, qanday javob qilsak o‘zimizni qiynamagan holda so‘rovchiga ham yomon ko‘rinmasligimiz mumkin?
Quyida psixologlarning ayrim tavsiyalarini e’tiboringizga havola etamiz:
1. Javobni sekinlik bilan bermang. Zudlik bilan berilgan javobdan keyin sabablarini o‘ylab olishga imkoniyat yaratiladi.
Masalan, darrov “Uzr, ilojim yo‘q” deb javob bersangiz keyin nimaga ilojingiz yo‘qligi sabablarini o‘ylab olish uchun ko‘proq vaqtinigz bo‘ladi.
2. So‘rovchining sizga bo‘lgan munosabatidagi qandaydir ziddiyatli jihatni esga oling va e’tiborni shunga qarating. Psixologik jihatdan siz “xujum”ga o‘tasiz va noqulay vaziyatdan osonroq chiqib ketasiz.
Masalan, so‘rovchi sizga bir vaqtlar bergan vadasini ustidan chiqa olmagan bo‘lsa, shuni eslatib, nega vadasidan chiqa olmaganini so‘rang. Shundan so‘ng, so‘raguvchi "aybini yuvib olguncha", sizdan so‘raganlari esdan chiqadi yoki so‘rashga hojat qolmaydi.
3. Agarda so‘rovchi bilan o‘rtangizda biror jiddiy munosabatni eslay olmasangiz, uni o‘zingiz yaratishingiz mumkin.
Masalan, undan biror bajarib bo‘lmaydigan iltimos qiling. Agarda sizga rad javobini bersa, sizda ham unga bemalol “yo‘q” deyishingiz mumkin.
4. “Ha” deya javob berish o‘rniga so‘rovchini tanqid qiling. Yoki mavzuni uning uchun yoqimsiz bo‘lgan mavzuga burib yuboring. Shu orqali u siz bilan suhbatni davom ettirish yoki sizdan biror iltimosni so‘rash istagidan voz kechishga erishishingiz mumkin.
Masalan, so‘rovchi nimadir qilib berishni so‘radi, shuni nega o‘zi qila olmasligini, hali yosh ekanligini, ko‘p narsani o‘rgana olishiga qurbi yetishini, nega yalqovlik qilib vaqtini bekorga o‘tkazayotganini aytishingiz, kifoya.
5. Suhbatni to‘xtating.
Masalan, kimgadir muhim qo‘ng‘iroqni amalga oshirish kerakligini yoki tabiiy ehtiyojni qondirishni ““eslab” qoling. Bu bilan biror chorani o‘ylab olishga imkon tug‘iladi.
6. Mo‘ljalni boshqa odamga burib yuboring.
Masalan, siz Akmaldan ham so‘rab ko‘rdingizmi, deng. So‘rovchidan nima uchun boshqa birovga emas, aynan sizga murojaat qilganini so‘rang va fikrini asoslashni talab qiling.
7. So‘rovchiga o‘z muammolaringizni aytib tashlang.
Masalan, o‘zingizni qanday qiyin ahvolda ekaningiz, boshqalardan yordam so‘rab turganingiz haqida gapiring. Bu so‘rovchining psixologiyasiga ta’sir ko‘rsatadi.
8. So‘rovchi xiralik qilaversa, boshqa biror bajarilishi imkonsiz vazifani tugallagandan keyingina yordam berish mumkinligini ayting.
Masalan, boshqa payt (bir hafta, ikki oy, 15 yildan keyin).
9. Biror qonun-qoida, prinsip yoki e’tiqodga oid bahonani ilgari suring.
Masalan, “men har shanba-yakshanba kunlari ota-onamning uyida bo‘laman...” yoki “bunday qilishga e’tiqodim yo‘l qo‘ymaydi...”.
10. O‘zingizga nisbatan ishonchsizlikni ilgari surib, bu ishni o‘z vaqtida, sifatli ado etolmasligingizni ayting.
Masalan, “bu ishni qilish uchun menda tajriba yetarli emas”...
>Eng muhimi — manipulyatsiyaga tushib qolmaslik va hissiyotlarni bildirib qo‘ymaslik. O‘z dalillaringizni sekinlik bilan, bir necha marotaba takrorlagan holda ilgari suring. Unutmangki, muvaffaqiyatingizni tashqi omillar ham belgilab beradi. Tashqi qiyofangiz “men hammasiga yordam beraman, aytganingizni qilaman”, deb tursayu, tilingiz “yo‘q” desa, bunga hech kim ishonmaydi.