Joriy yilning yanvar - may oylarida O‘zbekiston Respublikasida jami 16 551,7 mlrd. so‘m qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,5%ni tashkil etdi. Bu haqda Kun.uz yozmoqda.
Jami qurilish ishlari hajmidan yirik pudrat tashkilotlari tomonidan 5 402,0 mlrd. so‘m qurilish ishlari bajarilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 32,6% hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 134,0%ni tashkil etdi.
Kichik korxona va tashkilotlar, mikrofirmalar hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 41,8%i yoki 6 912,7 mlrd. so‘m to‘g‘ri keldi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,3%ni tashkil etdi, norasmiy sektor hissasiga esa 25,6% yoki 4 237,0 mlrd.so‘m to‘g‘ri keldi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 95,3%ni tashkil etdi.
Yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlarining eng kam ulushi Jizzax viloyatida kuzatildi 1,3%. Bu hududda qurilish ishlarining asosiy qismi kichik tashkilotlar va mikrofirmalar tomonidan bajarilib, mazkur hududdagi jami qurilish ishlarining 61,1%ini tashkil etdi. Norasmiy sektor tomonidan esa 37,6% qurilish ishlari bajarildi.
Sirdaryo viloyatida kichik tashkilotlar va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan qurilish ishlarining ulushi eng katta bo‘ldi – 75,7%. Mazkur hududda yirik tashkilotlarning ulushi 4,1% va norasmiy sektorning ulushi 20,2%ni tashkil etdi.
Qurilish ishlarining hududlar kesimida eng yuqori o‘sish surati Navoiy hamda Toshkent viloyatlarida kuzatildi. Navoiy viloyatida «Auminso-Amantoy konlari» da oltin-ma’danli konlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha konlarni qurish, Amudaryo-Zarafshon suv yo‘lida nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning amalga oshirilayotgani tufayli ushbu hududda o‘sish suratining 124,7% bo‘lishini ta’minladi.
Toshkent viloyatida yakka tartibda turar joy qurilishining jadal borishi tufayli o‘sish surati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,8% bo‘lishi ta’minlandi. Toshkent shahridagi yuqori o‘sish surati, ya’ni 111,7% metro liniyalarining qurilishi,
Toshkent shahar halqa yo‘lida elektropoyezdlar uchun temir yo‘l qurilishi va boshqa loyihalarning bajarilishi natijasidir.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qurilish ishlarining asosiy qismi qurilish loyihalarini ishlab chiqish, turar joy va yashash uchun mo‘ljallangan binolar qurish hamda yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bo‘yicha amalga oshirilgan qurilish ishlaridan tashkil topdi. Ularning ulushi jami qurilish ishlari hajmida 78,8%ni tashkil etdi va o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,6% punktga ko‘paydi.
Fuqarolik ob’yektlari qurilishi hajmi joriy davrda 10,3%ni tashkil etib, o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,1% punktga kamaydi. Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hissasiga esa 10,9% to‘g‘ri keldi hamda o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,5% punktga kamaydi.
Binolar va inshootlarni qurish bo‘yicha qurilish ishlari tarkibida yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi ulushi 31,7%ni tashkil etib, o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 6,9% punktga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha kichik tashkilotlar va mikrofirmalarning ulushi 36,5% (1,0% punktga ko‘payish) va norasmiy sektor 31,8%ni (5,8% punktga kamayish) tashkil etdi.
Fuqarolik qurilishi ob’yektlarini qurish ishlari bo‘yicha yirik pudrat tashkilotlarining ulushi 47,0%ni tashkil etdi va o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 6,2% punktga ko‘paydi. Shuningdek, kichik tashkilotlar va mikrofirmalar ulushi 47,8% (5,3% punktga kamaydi) va norasmiy sektorning ulushi 5,2%ni (0,9% punktga kamaydi) tashkil etdi.
Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari tarkibida yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmining ulushi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 4,8% punktga kamaydi va 25,8%ni tashkil etdi. Qolgan 74,2% kichik tashkilotlar va mikrofimalar hissasiga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 4,8% punktga ko‘paydi.
Binolar va inshootlarni qurish bo‘yicha ishlarni hududlari kesimida ko‘radigan bo‘lsak, eng yuqori ko‘rsatkich 83,7% Navoiy viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich 65,3% Toshkent shahrida qayd etildi.
Fuqarolik qurilishi ob’yektlarini qurish ishlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida qayd etilib, 25,0%ni tashkil etdi. Bu boradagi eng past ko‘rsatkich 6,1% Andijon viloyatida kuzatildi.
Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi va ushbu hududdagi jami qurilish ishlarining 23,7%ini tashkil etdi.