Bilasizmi?

Yangi tangalar 2 iyuldan muomalaga chiqariladi

2 iyuldan boshlab Markaziy bank tomonidan 50 (ellik), 100 (yuz), 200 (ikki yuz), 500 (besh yuz) so‘mlik tangalar ko‘rinishidagi yangi pul belgilari muomalaga chiqariladi, deb yozmoqda Kun.uz.

50 so‘mlik tanga 

Yangi namunadagi «50 so’m»lik tanga nikel qoplamali po‘latdan tayyorlangan, oq rangda.

Tanganing old tomonida tanga qiymati «50» raqami va «so'm» so‘zi bilan botiq bosma harflar bilan bosib chiqariladi. Raqamning har ikki tomonida do‘ppi milliy bosh kiyimi ko‘rinishidagi bezak bo‘rtma ko‘rinishda tasvirlangan.

Tanga qiymatining tashqi aylanasi bo‘ylab 72 donadan iborat dumaloq sharsimon nuqtalar bor.

Tanganing teskari tarafi markazida O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasvirlangan. «O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI» so‘zlari gerb tashqi qirrasi bo‘ylab bosma harflar bilan yozilgan.

Gerb ostida «2018» raqamini ko‘rsatilgan, u ikkita bo‘rtma nuqta bilan cheklangan - ular tanga chiqarilgan yilni bildiradi.

Tanasining diametri - 18,0 mm., qalinligi 1,0 mm., og‘irligi - 2,0 g.

100 so‘mlik tanga

«100 so’m»lik tanga nikel qoplamali po‘latdan tayyorlangan, oq rangda.

Tanganing old qismida Mustaqillik va ezgulik monumenti tasvirlangan.

Monumentning chap tomonida tanganing qiymati «100» raqami va «so'm» so‘zi bilan bosma harflar orqali bildirilgan.

Tanganing teskari tarafi markazida O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasvirlangan. «O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI» so‘zlari gerb tashqi qirrasi bo‘ylab bosma harflar bilan yozilgan.

Gerb ostida «2018» raqamini ko‘rsatilgan, u ikkita bo‘rtma nuqta bilan cheklangan - ular tanga chiqarilgan yilni bildiradi.

Tanga diametri 20,0 mm., qalinligi 1,0 mm., og‘irligi - 2,5 g.

200 so‘mlik tanga

«200 so’m»lik tanga nikel qoplamali po‘latdan tayyorlangan, oq rangda.

Tanganing old tomonida Samarqand shahridagi Sherdor madrasasining ichki tomonidagi sher ornamenti tasvirlangan.

Ornamentning pastki qismida tanga tanga qiymati «200» raqami va «so'm» so‘zi bilan bildirilgan.

Tanga qiymatining tashqi aylanasi bo‘ylab 72 donadan iborat dumaloq sharsimon nuqtalar bor.

Tanganing teskari tarafi markazida O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasvirlangan. «O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI» so‘zlari gerb tashqi qirrasi bo‘ylab bosma harflar bilan yozilgan.

Gerb ostida «2018» raqamini ko‘rsatilgan, u ikkita bo‘rtma nuqta bilan cheklangan - ular tanga chiqarilgan yilni bildiradi.

Tanganing diametri 22,0 mm., qalinligi 1,1 mm., og‘irligi - 3,3 g.

500 so‘mlik tanga

Yangi namunadagi «500 so’m»lik tanga nikel qoplamali po‘latdan tayyorlangan, oq rangda.

Tanganing old tomonida Toshkent shahridagi Xalqaro Forumlar saroyi tasvirlangan.

Tasvirning pastki qismida tanga tanga qiymati «500» raqami va «so'm» so‘zi bilan bildirilgan.

Tanga markazida joylashgan tasvirning tashqi aylanasi bo‘ylab milliy tasviriy san’at namunasi aylana shaklida chizilgan.

Tanganing teskari tarafi markazida O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi tasvirlangan. «O‘ZBEKISTON MARKAZIY BANKI» so‘zlari gerb tashqi qirrasi bo‘ylab bosma harflar bilan yozilgan.

Gerb ostida «2018» raqamini ko‘rsatilgan, u ikkita bo‘rtma nuqta bilan cheklangan - ular tanga chiqarilgan yilni bildiradi.

Tanganing diametri - 24,0 mm., qalinligi 1,1 mm, og‘irligi - 3,9 g.

Muomalaga chiqarilayotgan 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar, muomaladagi pul belgilari bilan birga, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan amalga oshiriluvchi to‘lovlar bo‘yicha cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, muomalada bo‘lish muddati: - eski namunadagi 50 so‘mlik, 100 so‘mlik tangalar hamda 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotalar uchun 2019 yilning 1 iyuliga qadar;

- eski namunadagi 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotalar uchun 2020 yil 1 iyulga qadar belgilangan.

Belgilangan muddat davomida ushbu banknota va tangalar qonuniy to‘lov vositasi hisoblanib, ular bilan naqd puldagi to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Ushbu tangalar va banknotalar savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa soha sub’yektlarining kunlik tushumi sifatida bank kassalariga topshiriladi hamda qayta muomalaga chiqarilmaydi.

Aholi qo‘lidagi eski namunadagi tangalar va banknotalarni banklar orqali yangi namunadagi tangalarga almashtirib olishlari ham mumkin.

Eski namunadagi tangalar va banknotalarni banklar orqali yangi tangalarga almashtirib olish:

- 50 so‘mlik, 100 so‘mlik tangalar hamda 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotalar yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarilgan kundan boshlab;

- eski namunadagi 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotalarni 2019 yil 1 iyuldan boshlab bank kassalari orqali amalga oshiriladi.