Bilasizmi?

“Yalqovman” deb koyinmang

Siz muhlat tugamasdanoq elektr-gaz va uy-joy solig‘ini, mashinaning sug‘urtasini to‘lab qo‘yish uchun o‘zingizga tez-tez so‘z berasizmi? Zimmangizga yuklangan yumushni bajarish yoki mashina moyini almashtirishni orqaga surasizmi? Shifokorga “dori ichyapman” deb, asli allaqachon dori ichishni yig‘ishtirib qo‘ygan paytingiz bo‘lganmi? Istak va rejalaringizni vaqtida amalga oshirmasdan o‘zingizni dangasalikda ayblaganmisiz? Shubhasiz, ayblagansiz. Bu satrlarni yozayotgan muallif ham maqolani chala tashlab qo‘yib, so‘ng davom ettirganligi uchun o‘zini yalqovlikda ayblamoqda.

Bu erinchoqlikmi yoki…

Inson dangasalikka moyil jonzot. O‘z-o‘zini yengish, irodani tarbiyalash haqida minglab jild asarlar yozilganligiga qaramay “orqagasurarlik” degan odatni yenggan kam. “Orqagasurarlik” nima deysizmi? Ruschada “prokrastinatsiya”, inglizchada “procrastination” deb atalib, shoshilinch va muhim ishlarni-da ortga surib o‘ziga muammo yaratish holati ruhiyatshunoslikda shunday nomlanadi. Prokrastinatsiya dangasalikdan farqlanadi, chunki dangasa hech narsa qilishni istamaydi, “orqagasurar” esa ishning muhim va shoshilinchligini tushunib tursa-da, o‘z-o‘zicha bahona topib ishni orqaga tashlaydi.

Qizig‘i shundaki, ayrim ishlarni bajarishga sira yalqovlik qilmaymiz. Lazzatli taomni yeyishga, qorni og‘riganda hojatxonaga kirishga yoki jinsiy aloqaga kirishishga erinadigan kishini topib ko‘ring-chi.

“Bu ishlar hisob emas”, deya kulib yengishga urinmang. Nega ayrim yumushlar yalqovligimizdan mustasno bo‘lishi kerak?

Har kuni o‘nlab ishlarni bajaramiz, biroq ularning ko‘pi yodda qolmaydi. Bu yumushlar hayotimizning bir qismiga, kundalik odatimizga aylanganligi tufayli beixtiyor ijro etamiz. Bajargan ishimiz bugun bo‘lmasa, erta samara berishiga ishonamiz.

Boshqa ishlarga esa “orqagasurarlik” odatimiz to‘sqinlik qiladi.

Nega bir yumushni ishtiyoq bilan bajarib, ikkinchisini orqaga suramiz?

Tasavvur qiling: siz avlodini davom ettirishi, o‘z olamni rivojlantirishi uchun bir jonzot yaratdingiz. Uning qaysi bir xatti-harakatining oqibati yaxshi, qaysi biriniki esa noxush bo‘ladi. Tabiiyki, u o‘zini yaxshi tutishini istaysiz va bunga erishish uchun ikki yo‘l bor.

Birinchidan, xatti-harakati oqibatini bashorat etadigan dasturni uning miyasiga joylaysiz. Shu yo‘l orqali u nima yaxshiyu nima yomonligini anglaydi.

Ikkinchi usulida esa yaxshi xatti-harakat unga huzur baxsh etishini miyasiga dasturlab joylaysiz.

Bizning miyamiz ham ikkinchi usul singari dasturlashtirilgan. Miyamizning azaliy qismlaridan biri limbik tizim tanamizni ovqatga yo‘naltirish, xavfdan himoyalash vazifasini bajaradi. Yaxshi va to‘g‘ri xatti-harakatlarimiz tanamizga huzurbaxsh ta’sir ko‘rsatishi oldindan “dasturlab” qo‘yilgan.

Orqagasurarlik va evolyusiya

Yog‘li va shirin mahsulotlarni tanovul qilish yoqadi. Chunki bunday oziqbaxsh mahsulotlar yegan individ uzoqroq yashash va nasl qoldirish imkoni ko‘proq.

Yalqovlikka chek qo‘yishning iloji bormi?

Nega hanuz soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, sport bilan muntazam shug‘ullanish kabi ishlarni bajarishga erinamiz? Bu yumushlar foydali-ku.

Chunki bizni o‘rab turgan muhit miyamizdan tezroq o‘zgarmoqda. Nafaqa jamg‘armasi, o‘tirib ishlash tarzi, turli dori-darmonlar nisbatan yaqinda paydo bo‘ldi. Evolyusiyaga nisbatan olsak, kechagina yuzaga keldi.

Yashash uchun zaruriy amalni osongina bajaradigan toifadagi odamlar tabiiy tanlanish natijasida shakllanib ulgurganicha yo‘q. Bu xususiyatlar genomga o‘rnashib, avloddan avlodga uzatilib ulgurmadi.

Tabiiy odatlarimiz texnik taraqqiyotni quvib yeta olmadi. Shunday qilib, agar siz muayyan ishga erinchoqlik qilsangiz, uni huzurbaxsh mashg‘ulotga aylantirishingiz zarurdir. Uning yoqimsiz jihatlarini yo‘qotish, yoqimli elementlar qo‘shish kerak. Masalan, sport bilan shug‘ullanishga erinsangiz, o‘zingiz yoqtirgan turi bilan shug‘ullaning. Ertalab yugurishni har gal “dushanbadan boshlashga” qaror qilsangiz, musiqa tinglagancha yuguring.

Zerikarli, ammo muhim yumushni yoqimli mashg‘ulot bilan omixtalashtirib maqsadga erishish oqillikdir. Bunda ortiqcha kuch sarflab zo‘riqmaysiz.

lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi