O‘zbekiston poytaxtida Tashkent City xalqaro biznes markazi ob’yektlarini qurilishiga 9 ta xalqaro kompaniya 1,3 milliard dollarlik sarmoya kiritishga tayyor ekanligini bildirishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Tashkent City biznes markaz qurilishi bilan tanishdi.
“Bugungi kunda 7 ta lot bo‘yicha qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Ular hududlarida 9 ta xalqaro investorlarning 1 milliard 325,6 million dollar sarmoya kiritishni nazarda tutgan loyihalarni amalga oshirish tasdiqlangan”, — deyilgan xabarda.
Investorlar tarkibida Corso Solutions LP (Britaniya), Hyper partners GmbH (Germaniya), Bomi Engineering and Construction (Janubiy Koreya). Hozirgi vaqtda bir qator xorijiy kompaniyalar bilan istiqbolli loyihalar bo‘yicha ish olib borilmoqda.
2016 yil yakunida O‘zbekiston hukumati Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik dasturni tasdiqlagandi. Unga asosan 1 milliard dollar miqdorida bo‘lgan Tashkent City xalqaro biznes markazni qurilishi boshlangandi.
Tashkent City xalqaro biznes markazi poytaxtning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda barpo etiladi. Loyihaga muvofiq Tashkent Cityda biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sun’iy ko‘l, favvoralar, ijtimoiy va boshqa ob’yektlar quriladi.
Qurilishni 2022 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Biznes markazni moliyalashtirish va qurilish xorijiy mablag‘lar va kompaniyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.
2017 yil avgust oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tashkent City qurilishi va boshqaruvi bo‘yicha ma’muriy kengash rahbari etib tayinlandi. Loyiha maslahatchisi — Germaniyaning Drees & Sommer kompaniyasi hisoblanadi.