Bilasizmi?

Xorijda mehnat qilib qaytgan o‘zbekistonliklar OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi

“O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida” Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qonun loyihasini qabul qilinishidan maqsad, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIV infeksiyasiga majburiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazishning qonuniy asoslarini yaratish hisoblanadi.

2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonunining 15-moddasi birinchi qismi “uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslar” mazmundagi xat boshi bilan to‘ldiriladi.

Shu bilan birga, “Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida” hukumat qarori muhokamaga qo‘yildi.

Xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tekshiruvdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida Ichki ishlar, DXX Davlat chegaralarini himoya qilish, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi bu yo‘nalishdagi aniq vazifalari, mas’uliyati belgilab berildi.

Bunda, IIV DXX  chegara qo‘shinlari tomonidan fuqarolarni yagona avtomatlashtirilgan xisobga olish tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan har bir shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotni xududiy ichki ishlar organlari orqali mahalla fuqarolar yig‘iniga yetkazilishini ta’minlaydi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslar o‘rtasida OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi, ularni OIVga tekshirish uchun tibbiyot muassasasiga yo‘naltiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqaroning yashash joyidagi tibbiyot muassasasi xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tishini tashkil etadi. OIVga tekshiruvdan o‘tgan shaxslar bo‘yicha ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi.

Moliya vazirligiga uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun test-sistemalarni, shprits, skarifikator, reagentlar va boshqa sarflanuvchi materiallarni xarid qilish uchun davlat byudjetidan zarur mablag‘ ajratilishini ta’minlash vazifasi yuklatiladi. Buning uchun Davlat byudjetidan qo‘shimcha 30,0 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini talab etadi.