Bilasizmi?

Xitoyning eng boy tadbirkoridan 10 maslahat

Tanishing – Jek Ma! Bugungi kunda savdo aylanmasi bo‘yicha jahonning yetakchi Amazon va eBay onlayn do‘konlari bilan raqobat qilayotgan Xitoyning Alibaba savdo platformasi asoschisi.

U Xitoydagi "madaniy inqilob" davrida ziyoli sanalgani bois bir umr qochqinda yashagan o‘rta miyona musiqachilar oilasida o‘sib ulg‘aydi. Ammo mashaqqatli kechgan bolalik yillari uning orzulariga rahna solmadi va Jek Ma 100 milliard dollariga teng baholangan yirik biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ya oldi. Uning go‘zal va ibratli hayot yo‘li nafaqat tadbirkorlar uchun, balki oddiy o‘quvchi va talabalar uchun ham qiziqarli. Quyida bu inson tadbirkor va muvaffaqiyatli insonlar fe’l-atvoriga xos jihatlar, ularning omadiga xos sirlar haqida hikoya qiladi, maslahat va tavsiyalarini o‘rtoqlashadi.

Kompaniya rahbarining xodimlaridan farqli jihatlari xususida

Kompaniya rahbari o‘zining malaka va mahoratini hech qachon xodimlarning qobiliyati bilan taqqoslamasligi lozim. Sababi – xodim o‘z ustida ishlashi, mas’uliyatni his qilish uchun uning professional layoqatini doimo rahbarnikiga qaraganda ustun, deb hisoblash zarur.

Aks holda, ko‘p o‘tmasdan siz ish uchun nomunosib kadrlarni tanlaganingizga amin bo‘lasiz. Rahbarning kompaniyani rivojlantirishga oid rejasi doimo bir necha yil oldinni ko‘zlashi shart.

Matonat va qat’iylik – lider fe’l-atvorining asosi. Boisi, bu xislat oddiy xodimlarni ortiqcha bosimsiz boshqarishga imkon yaratib beradi.

Taqdirning kutilmagan zarbalariga dosh berishi, qochib bo‘lmas muvaffaqiyatsizliklardan omon chiqishi uchun yo‘lboshchi benazir qobiliyat va iste’dod egasi bo‘lishi zarur.

Shunday ekan, uzoqni ko‘ra bilish, qat’iylik va yaxshi xulq sardorni boshqalardan ajratib turadigan jihatlardir.

Siyosat bilan shug‘ullanish hammaga ham emas

Siyosat va biznesning bir qozonda qaynashi juda kamyob holat. Modomiki, siyosatga ishqiboz ekansiz, unda biznesni unuting. Yoki aksincha. Mablag‘ning siyosat bilan to‘qnashuvi gugurt donasi va dinamitning uchrashuviga barobar vaziyat: bir kuni kuchli portlashning sodir bo‘lishi aniq.

Zamonaviy yoshlarga savol

Sizning fikringizcha, chinakam muvaffaqiyatsizlik nima?

Aslida omad uchun boshlangan kurashni bas qilish bu – haqiqiy muvaffaqiyatsizlik.

Sizningcha, o‘zgaruvchanlik yoki moslashuvchanlik  deganda nimani tushunasiz?

Ayniqsa, omadsizlik tufayli umrning og‘ir vaziyatlarini boshdan o‘tkazayotganda va hayotdan norozilikni his qilganingizda o‘zgaruvchanlik nima ekanligini tushunasiz.

Bunday sharoitda sizning vazifangiz nimadan iborat?

Bu vaziyatda sizning  majburiyatingiz orzu va rejalarga e’tiqod bilan ergashib, qunt bilan hafsala qilish, boshqalardan ko‘proq mehnat qilib, maqsad sari intilishdan iborat. Faqat ahmoqlargina gapirish uchun og‘izni ishlatadilar. Aqlli inson idroki bilan ham gapiradi, dono kishining esa qalbi so‘zlaydi.

Biz bu yerga – hayotga o‘zimizdagi kuchning bir qisminigina sarflash uchun kelgan emasmiz! Tug‘ildikmi – undan to‘liq foydalanish zarur.

Men har doim o‘zimga mehnat qilish uchun emas, hayotdan zavqlanish uchun dunyoga kelganimizni ta’kidlashdan charchamayman. Kunimizni faqatgina ishga bag‘ishlash xato.

Aslida boshqalarga ularning hayotini yaxshilash uchun ko‘maklashish ham hayotning eng ulkan maqsadi. Bordi-yu, vaqtni faqatgina ishga sarflasangiz ertami-kechmi bundan qattiq afsuslanasiz.

Raqib va raqobat haqida

Yolg‘iz nodonlargina raqiblariga tajovuzkor kayfiyat bilan munosabatda bo‘ladilar. Agar siz raqiblaringizga dushmanga qaraganday qarasangiz, unda ko‘p o‘tmasdan ular chindan ham sizning g‘animingizga aylanadilar.

Kim bilandir raqobatga kirishsangiz, unga bo‘lgan nafratingizga barham bering. Aks holda, bu jangda siz mag‘lubiyatga duchor bo‘lasiz.

Raqobat bu – shaxmat o‘yiniga o‘xshaydi: yutqazsangiz yana bir qur o‘ynash uchun imkon topiladi. Bu o‘yinda mushtlashishga ham hojat yo‘q. Haqiqiy tadbirkorning dushmani bo‘lmaydi. Modomiki mana shu haqiqatni anglar ekansiz, sizni omadingizni hech kim to‘sib qo‘ya olmaydi.

Hayotdan nolish va shikoyatlar haqida

Siz o‘zingizga muntazam dashnom bersangiz, buning qo‘rqinchli yeri yo‘q. Agar tushkunlikka tushish va hayotdan nolish doimiy odatingizga aylanib qolgan ekan, sizning ichkilik kasalligiga chalingan odamdan farqingiz qolmabdi – qancha ko‘p ichsangiz, ahvolingiz shu qadar ayanchli tus olib boraveradi.

Omad sari olib boradigan yo‘lda nolimoqlik va maydagaplik eng xavfli to‘siqlar ekanini yodda saqlang.

Dunyo uchun sizning so‘zlaringiz muhim emas, u amalga oshirgan ishlaringiz bilan hisoblashadi.

Biznesmenlarga maslahatlar

Asl imkoniyatlar qimmatbaho toshlar kabi – ular ko‘zga tashlanmas joyda bo‘ladi.

Muhokama jarayonida biror masala yuzasidan taklifni ishtirokchilarning 90 foizi qo‘llab-quvvatlasa yoki rad qilsa, men bu taklifni qo‘llab-quvvatlashga shoshmayman. Sababi oddiy – agar muhokamadagi odamlarning barchasi mavjud imkoniyatni shunchalar aniq va oson ko‘rayotgan ekanlar, demak ko‘p o‘tmasdan boshqa kompaniyalar ham shu osongina loyiha ustida bosh qotiradilar, natijada bu yo‘nalishdagi yetakchilikni biz qisqa fursatda qo‘ldan boy beramiz.

Siz shunday yo‘l tutingki, xodimlaringiz ishga hafsala va ishtiyoq bilan kelishni odat qilsinlar.

2001 yilda katta bir xatoga yo‘q qo‘ydim. Men o‘zim bilan birga kompaniyani shakllantirishga hissa qo‘shgan xodimlarga ular uchun kareradagi yuksalishlarining chegarasi nari borsa menejer darajasigacha ko‘tarilishi mumkinligini tushuntirdim. Darajasi vitse-prezident va undan ham yuqori bo‘lgan bosh menejerlarni esa chetdan, shu sohaning ustalari orasidan qidirishim kerakligini o‘yladim.

Yillar o‘tib, atrofimda yollangan bu professionallarning birortasi ham qolmadi. Lekin men kasbiy mahoratiga shubha bilan qaragan xodimlar vitse-prezident va hatto undan ham mas’uliyatli vazifalarni a’lo darajada uddalab kelmoqdalar.

Birinchi navbatda mijozlar tomonda bo‘ling. Keyin xodimlarga yon bosing. Va undan so‘ng aksiyadorlar huquqlarini himoya qiling.

Yangi imkoniyat va shartlarga boshqalar ularni his qilmaslaridan avvalroq ko‘nikishga odatlaning.

Pul va uni qanday ishlab topish haqida unuting. Mening boshqaruvda shunday qoidam bor – ishga va chiqargan qarorlarga bo‘lgan munosabatim doimo o‘zimdagi qobiliyatlardan ustunroq turgan.

Siz barchani birdek fikrlashga majbur qila olmaysiz. Biroq barchani yagona maqsadga ishontirish sizning qo‘lingizdan keladi.

Hatto xodimlaringizni bir xilda fikr yuritishga majburlashni xayolingizga ham keltirmang. Bu imkonsiz. Qo‘l ostingizdagi ishchilarning kamida uchdan bir qismi sizga ishonmasa, ularga o‘z-o‘zlaricha ishlashlariga imkon yaratmang, ularning ham boshlarini bir maqsad atrofiga qovushtirib, jamoaviy ishlashga o‘rgating.

Odamlar tabiati shunday – ular rahbardan ko‘ra, qanchalar  aqlga to‘g‘ri kelmaydigan bo‘lsa ham, biror g‘oya atrofida tezroq jipslashadilar.

Bo‘lak-bo‘lak va kalta-kulta ishlar o‘rniga mustahkam va uzoq muddatli rejalarga diqqat qiling.

Sizning uzoqqa borishingizni ta’minlaydigan omil – bu sizning ishga munosabatingiz.

Tadbirkorlik haqida

Tez-tez shunday vaziyat bo‘ladiki, qulay imkoniyatni yaqqolroq ifodalash mushkul bo‘lib qoladi. Shunisi ma’lumki, oson ifoda va izohga moyil bo‘lgan narsalarni esa yaxshi imkoniyat deyish xato.

Hamkor sifatida sizning mahoratingizni yanada to‘ldira oladigan odamni tanlang. Buning uchun muvaffaqiyat qozonayotgan kishini tanlashga esa aslo hojat yo‘q. Sheriklikka eng zo‘r emas, eng to‘g‘ri odamni izlang.

Bu dunyodagi eng ishonchsiz va mo‘rt narsa bu – odamlar o‘rtasidagi munosabat.

"Bepul" aslida eng qimmatli so‘zdir.

To‘g‘ri, bugun oson bo‘lmaydi, erta esa yanada mashaqqatli bo‘ladi, lekin oxir-oqibat indinga hammasi ayon bo‘ladi.

Nimaga e’tiborli bo‘lish kerak?

Biznesmenning eng katta kamchiliklari – o‘z fikr va rejalariga o‘ralashib, xudbinlashib qolishi, vaziyatni to‘g‘ri baholay olmasligi, yuqori sur’atda ish boshlab, uning barqarorligini ta’minlay olmasligi, uzoqni ko‘ra bilmasligi.

Modomiki, o‘zingizning barcha raqiblaringizni bilmas yoki ularning imkoniyatiga to‘g‘ri baho bermas ekansiz, ulardan hayiqmayotgan bo‘lsangiz, raqobatda yutqazib qo‘yishingiz aniq.

Raqibingiz sizga nisbatan ahamiyatsiz va haddan tashqari kuchsiz bo‘lsa ham, unga teng munosabatda bo‘lishni kanda qilmang. Shu taxlit, agar u sizdan qudratli bo‘lsa ham, undan qo‘rqmang.

Biznesingiz haqida

Biznesingizni boshlaganingizda shuni esda tutingki, siz barqaror daromad manbai, davolanish ta’tili, yillik mukofot pullari va bonuslardan voz kechyapsiz.

Boshqa tomondan esa, biznes bu – siz uchun cheklanmagan daromad degani. Ya’ni, biznes orqali o‘z vaqtingizni yanada samaraliroq tashkil qilishingiz mumkin bo‘ladi va buning uchun boshqalardan ruxsat olishga zarurat qolmaydi.

Qaroringizning tengqurlaringiz qabul qilgan to‘xtamlardan farqli bo‘lishi – hayotingizning u yoki bu tomonga o‘zgarib ketishiga zamin yaratadi.