Shu yilning 14-fevral kuni 84 yoshli xitoylik erkak xotini bilan o‘tkazgan 67 yillik turmushi davomida birinchi marta ayoliga kutilmagan sovg‘a tayyorladi. Mehmonxona yonidagi maysazorda er-xotin o‘z to‘ylari yubileyini nishonlashayotgan bir paytda, mehmonxona binosida “I love you” (“Men seni sevaman”) yozuvi paydo bo‘ldi.
“Biz juda ko‘p qiyinchiliklar va janjallarni boshdan kechirganmiz. Hali ham janjallashamiz va bir-birimizdan ranjiymiz, lekin hech qachon ajrashish xayolimizga kelmagan” deydi xitoylik qariya. Ularning bir armoni bu ayolning sira to‘y ko‘ylagi kiymaganligi va u paytlarda rasmiy nikoh marosimi bo‘lmaganligi ekan. Yaqin yillarda rafiqasining sog‘lig‘i yomonlashib borgan, shu sababdan u nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan edi. Oldin hech qachon o‘z turmush o‘rtog‘iga biror romantik sovg‘a qilmagan yoki “Sevaman” deb aytmagan erkak judayam kech bo‘lishidan avval o‘z rafiqasiga ajoyib nikoh marosimi bilan “qayta uylandi”.
U rafiqasini bag‘riga bosib, sevgi izhor etdi va bu osiyolik katta avlod vakillari uchun juda kam uchraydigan holat sanaladi. Bu marosimni kuzatib turgan odamlar ham o‘z ko‘z-yoshlarini yashira olishmadi.
Binoda ko‘rsatilgan so‘zlar shunchaki raqamli displeyda aks etgani yo‘q! Bu so‘zlar mehmonxonadagi 220 ta xona derazalaridan taralgan chiroq nurlari bilan paydo bo‘ldi. Bu xonalar qariyaning boy nabirasi tomonidan shu marosim uchun alohida band qilingan edi.
Garchi ularda nikohni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa ham, o‘rtadagi muhabbat ularni qattiq bog‘lab turibdi va bu tantana er o‘z xotini bilan o‘tkazayotgan har bir soniyani unutilmas qilishga bo‘lgan harakatining yaqqol timsoli bo‘ldi.
Qadrli erkaklar, o‘z turmush o‘rtog‘ingizni xursand qilish uchun 67 yil kutish yoki 220 ta mehmonxona xonasini band etishning hojati yo‘q. Buning uchun bir dona gul va bir og‘iz shirin so‘zning o‘zi kifoya.
Xorij matbuoti asosida Islomjon Abdumuhtorov tayyorladi