Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida XTV markaziy apparatining barcha boshqarma va bo‘lim boshliqlarini lavozimidan ozod qildi. Bu haqda «Gazeta.uz"ning vazirlikdagi axborot manbasi xabar qildi.
Mazkur qaror O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning vazirlik kadrlar tarkibini yangilash bo‘yicha topshirig‘i asosida amalga oshirildi.
Uchrashuvda Sherzod Shermatov Xalq ta’limi vazirligining bosh maqsadi yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash ekanini ta’kidlab o‘tdi. Tizim xodimlari ushbu maqsaddan og‘masliklari kerak.
XTV rahbari vazirlik faoliyati uch tamoyilga asoslanganini ma’lum qildi. Ular: sifat, adolat va shaffoflik. «Ushbu maqsad va uch asosiy tamoyilga rioya qilganlargina vazirlikda qoladi, tayyor emaslar bilan esa xayrlashamiz», — dedi vazir.
Sherzod Shermatov 20 iyun kuni xalq ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi. Sarvar Boboxo‘jayev, Otabek Nazirov, Alisher Umarov va Alisher Sa’dullayev esa uning o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
21 iyun kuni bosh vazir Abdulla Aripov videoselektor yig‘ilishida XTVning yangi rahbariyati oldiga qator vazifalarni qo‘ydi. Jumladan, maktablar endilikda hokimiyatlarga bo‘ysunmaydi va jamiyatda o‘qituvchilarning obro‘si oshiriladi.