Bilasizmi?

Vazirlar Mahkamasi qarzdorlarga bir qancha taqiqlar qo‘ydi

Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 21 mayda elektr energiyasi, tabiy gaz yetkazib berish, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari hamda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik tekshirilgandan sodir etiladigan yirik bitimlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida xabar qildi.

Endilikda quyidagi ro‘yxatga kiritilgan xizmatlar Majburiy ijro byurosi ma’lumotlar bazasida qarzorlik aniqlanmagan taqdirdagina ko‘rsatiladi:

—  ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash (oldi-sotdi, ijara, hadya, ishonchnoma berish, ishonchli boshqarish va shu kabilar);

—  avtotransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash (oldi-sotdi, ijara, lizing, hadya, ishonchnoma berish va shu kabilar);

—  yangi avtomotransport vositalarini, shu jumladan lizing shartnomalari bo‘yicha sotish;

—  ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi kadastr ishlarini tayyorlash;

—  avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish;

—  avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini berish va almashtirish.

Jismoniy va yuridik shaxslarda qarzdorlik aniqlangan taqdirda, bitimni amalga oshirayotgan yoki xizmatlar ko‘rsatayotgan tashkilotlar qarzdorga MIB ma’lumotlar bazasidan olingan tegishli ko‘chirma nusxani taqdim qilgan holda bitimni amalga oshirish va xizmatlar ko‘rsatishni rad etadi.

Yetkazib berilgan energiya resurslari, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlikni tekshirish jismoniy shaxslarga – ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga va qarzdor – ko‘chmas mulk mulkdorining turar joy manzili bo‘yicha doimiy propiska qilingan shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, MIBga jismoniy shaxslarning yetkazib berilgan energiya resurslari, suv chiqarish xizmatlari, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzlarni to‘lashning qo‘shimcha shakllari, fuqarolarning qarzdorlik mavjudligi va uni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan, shu jumladan, SMS xabarlar va USSD so‘rovlardan foydalangan holda to‘lash tartibi to‘g‘risida xabardor qilish shakllarini joriy etish huquqi berildi.