“Vaqf” xayriya jamoat fondi Ramazon hayiti kunlari operatsiya qilish kerak bo‘lgan og‘ir bemorlarga, moddiy yordamga muhtoj oilalarga, ko‘p bolali kam ta’minlangan oilalarga, farzandi yoki yaqini qamoqda bo‘lgan jami 43 oilaga fondning zakot, fitr, ushr, fidya hisob raqamidan 62 million 200 ming so‘mlik yordam ko‘rsatdi.
O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasining bildirishicha, fondning Farg‘ona, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo vakilliklari moddiy yordamga muhtoj hamda bemor bo‘lgan 80 dan ortiq oilaga oziq-ovqat va kiyim-kechak ulashdi.
“Zakot mablag‘larini o‘z egalariga yetkazish ishlari davom etmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.
Avvalroq 25 maydan 14 iyunga qadar fondga kelib tushgan mablag‘lar 525 million 563 ming 552 so‘mga yetgani xabar qilingan. Bu pulning 256 million 954 ming 390 so‘mi fond hisobiga aholi tomonidan 14 iyun-hayit arafasida o‘tkazilgan.
Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi "Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida tashkil etilgan "Vaqf" xayriya jamoat fondi masjidlarni, ziyoratgohlarni va boshqa ob’yektlarni ta’mirlash, diniy soha xodimlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi faoliyat bilan shug‘ullanadi.