Salomatlik

Uzoq yashashning 10 yo‘li

Sizning hayot tarzingiz sog‘ligingiz hamda uzoq umr ko‘rishingizga ulkan ta’sir ko‘rsatadi. Yaxshi fazilatlarni, sog‘lom turmush tarzini qabul qilish hayot davomiyligining oshishiga, mazmunan boyishiga xizmat qiladi. Bunday hayotni boshlashning erta-kechi yo‘q. Boisi umr yillar bilan emas, mohiyati bilan o‘lchanadi.

Quyidagi 10 qoida samarali va sog‘lom turmush tarzi sari to‘g‘ri yo‘ldir

  1. Me’yorida va sog‘lom ovqatlanish salomatlikning bosh garovi. Taomnomangizda asosan, don-dundan hamda sabzavotlardan tayyorlanadigan ovqatlarning bo‘lishi maqsadga muvofiq. Mevalarni ham kanda qilmang. Tarkibida yog‘-moy yuqori, oqsilga boy bo‘lgan sut va go‘sht mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilishdan tiyiling.

  1. Badantarbiya va parhez yordamida tana vazningizni me’yorida saqlang. Agar vazningiz keragidan og‘irlashib ketsa, sizda qon bosimi, qandli diabet, yurak xastaliklari bilan og‘rish ehtimoli ham oshadi.

 

  1. Har kuni kamida 30 daqiqa mashq qiling. Kundalik uy yumushlarida yordamlashish ham mashq qilish bilan barobar. Yurganingizda tez va chaqqon qadam tashlang, avtomobilingizni yuving, xonangizni changlardan tozalab, tartibga keltiring yoki farzandlaringiz bilan quvlashmachoq o‘ynang. Mashqlar ro‘yxatingizdagi mashg‘ulotlar sonini oshiring.

  1. Yaxshi dam sog‘likka hamdam. Kattalar uyqusining 7 soatdan 9 soatgacha bo‘lishi tavsiya qilinadi. To‘yib uxlamaslik nafaqat diqqatingizni jamlay olmaslik, xotira susayishi hamda holsizlikka olib keladi, shu bilan birga, u ruhiy tushkunlik va qandli diabet singari surunkali kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.

  1. Tishingizni hech bo‘lmaganda kun davomida ikki marotaba ftorid (tish pastasi tanlashga alohida e’tibor qarating) moddasiga boy tish pastasida cho‘tkalab turing. Tadqiqotchilarning fikricha, tish kasalliklari yurak xastaligiga ham sabab bo‘ladi. Og‘iz bo‘shlig‘ini sog‘lom tutish chiroyli tabassum va salomatligingizni kafolatlaydi.

  1. Avtomobilga o‘tirganingizda o‘rindiq kamarlarini taqib olishni unutmang. Hamrohlaringizga ham buni maslahat bering.

  1. Spirtli ichimliklarni ichmaganingiz ma’qul. Hech bo‘lmaganda, holingizga qarab ish tuting. Zamonaviy tibbiyotda bir kunda 340 grammdan ortiq pivo, 141.75 grammdan ortiq vino, 28.35 grammdan ortiq aroq ichish tana uchun zararli ekani isbotini topgan. Ichkilik saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Homilador ayollarga esa ichish umuman mumkin emas.

8. Chekishdan voz keching. Agar cheksangiz, hozir buni to‘xtatishning ayni payti. Tamaki tananing deyarli barcha a’zolarini zaharlaydi. Chekuvchilar chekmaydigan insonlardan o‘rtacha 14-15 yil kam umr ko‘rishadi. Hayot shundoq ham qisqa ekanligini o‘ylang.

  1. Tananing kasallikka qarshi kurash tizimini mustahkamlab boring. Zarur emlashlarni olishni unutmang. Kattalarni emlash ularning yoshi, salomatlik ko‘rsatkichi, kasallik tarixi va boshqa omillarga ko‘ra belgilanadi. Shifokoringiz bilan aloqani uzmang.

  1. Ruhiy tushkunlikdan xalos bo‘lib, hayotingizni mazmunli o‘tkazish uchun o‘zingiz sevgan ish bilan shug‘ullaning. Sog‘lomlashtirish klublariga, jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarda ishtirok etish, sevimli mashg‘ulot tanlash kayfiyatingiz yuqoriligini ta’minlaydi. Kitob o‘qish orqali ruhni ma’nan to‘yintirish mumkin. Ruhiy xotirjamlik idrok va zehn tiniqligiga xizmat qiladi va tanangiz sizga uzoq vaqt xizmat qiladi.

Umringiz uzoq bo‘lsin!