O‘zbekistonning Uzbek Tigers boks klubi 4 mart kuni poytaxtdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida Jahon boks seriyasi (WSB) yettinchi mavsumi doirasida birinchi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasiga qarshi kechgan jang 5:0 hisobida yakunlandi, deb yozmoqda Gazeta.uz.
56 kg gacha vazn toifasida Abdulxay Shorahmatov Dmitriy Sharafuddinovga qarshi ringga ko‘tarildi (0−1). Jang yakuniga ko‘ra hakamlar bir ovozdan O‘zbekiston sportchisini g‘olib deb topdi.
64 kg gacha vazn toifasida Elnur Abduraimov Radmir Abduraxmanov bilan uchrashdi. Jang tomoshabinbop, ochiq va yaqin masofada kechdi. Besh raund yakuni bo‘yicha hakamlar Uzbek Tigers vakili g‘oliblikka loyiq deb topdi.
75 kg gacha o‘rta vaznda Isroil Madrimov (1−0) Rajab Rajabovga (0−2) qarshi debyutini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Jangda O‘zbekiston vakilining qo‘li ustun keldi.
91 kg gacha vazn toifasida Zuhriddin Mahkamov Islam Takeyev bilan kuch sinashdi. O‘zbekiston sportchilari yakuniy g‘alabani naqd qilib qo‘yganiga qaramasdan, Mahkamov bor imkoniyatini ishga solgan holda hakamlar tomonidan bir ovozdan g‘olib deb topilishiga muvaffaq bo‘ldi.
Kechaning asosiy jangida birinchi yengil vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov (13−0) Bator Sagaluyev (3−4) bilan bellashdi. Olimpiya chempioni WSB’dagi 12-g‘alabasini ishonchli ravishda qo‘lga kiritdi.
Uch turdan so‘ng O‘zbekiston uch ochko bilan «S» guruhida uchinchi o‘rinni band etib turibdi. Qozog‘istonning Astana Arlans klubi (9 ochko) guruhda peshkadamlik qilayotgan bo‘lsa, Rossiyaning Patriot Boxing Team klubi 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Eng yaxshi lahzalar videotalqinda
Foto
Uzbek Tigers WSB uchinchi uchrashuvida oldidan BUKA Boxing Sportswear kompaniyasi epirovkasida.