Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum «C» guruhida ishtirok etib kelayotgan O‘zbekistonning Uzbek Tigers jamoasi guruhdagi 6-tur o‘yinlari natijasi qanday bo‘lishidan qat’inazar keyingi bosqich masalasini hal etdi. Kun.uz shu haqda yozmoqda.
Ma’lumki, Uzbek Tigers jamoasi «C» guruhida Astana Arlans, Patriot Boxing Team va China Dragons jamoalari bilan kuch sinashib kelmoqda. Shu paytga qadar, o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari Astana Arlans va China Dragons jamoalari bilan mehmon-mezbon uslubida kuch sinashib ulgurdi. Bu bahslar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston bokschilari mehmonda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, mezbonda ikki jamoadan ham revansh ola bildi.
Endilikda, Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasini qabul qilgan Uzbek Tigers 22 aprelda ushbu jamoa mehmoni bo‘ladi. Ayni shu o‘yin guruhda ikkinchi o‘rinni qaysi jamoa egallashiga oydinlik kiritadi. O‘zbekistonliklar mezbonda ko‘rsatgan natijani Rossiyada ham ko‘rsatib, g‘alaba qozonishning uddasidaan chiqishsa, guruhda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Agar rossiyaliklar qo‘li baland kelsa, ularning hisobidagi ochkolar soni 10taga yetadi va Uzbek Tigers 9 ochko bilan eng yaxshi natija bilan uchinchi o‘rinni egallagan ikkita jamoaning biri sifatida keyingi bosqichga chiqadi.
Umuman, WSB birinchiligida 12ta jamoa har biri 4 jamoadan 3ta guruhga bo‘lingan holda kurash olib bormoqda. Hozirda, guruh bosqichi deyarli poyoniga yetay deb qoldi. Faqatgina B guruhi A va S guruhidagilarga nisbatan bittadan o‘yin kam o‘tkazgan.
Quyida jamoalarning guruhlardagi joylashuvi bilan tanishib olishingiz mumkin.