Bilasizmi?

Useyn Bolt: Rio-2016'ning "tabassum qiroli"

Rio-2016 Olimpiadasi qahramonlaridan biri 30 yoshli Useyn Bolt nafaqat so‘nggi 100 yillikning eng chopag‘on odami, balki Rio-2016 XXXI Yozgi Olimpiada o‘yinlarining "tabassum qiroli" hamdir. Useyn 15 avgust oqshomida o‘tgan 100 metrga yugurish musobaqalari jarayonida yugurib turib avstraliyalik fotosuratchi -- Kameron Spenserga tuhfa etgan tabassumi u finishga g‘olib sifatida, 9.81 sekund ichida yetib kelib ulgurmasidanoq ommalashib ketdi. Uning tabassum holati aks etgan surat shu kuni 3-marotaba olgan Olimpiada medali bilan tushgan suratidan ham mashhur bo‘lib ketdi.

Усэйн Болт

Qisqa masofada yugurish bo‘yicha 7 karra Olimpiada, 11 karra jahon chempioni, faoliyati davomida bu yo‘nalishda 8 karra jahon rekordini yangilagan sportchining sirli tabassumi ortida xotirjamlik, kayfiyat yoki raqiblariga ruhiy zarba berish maqsadi yotibdimi, buni hech kim bilmaydi. U chopayotganda jahonning boshqa eng kuchli chopag‘onlari ham uning oldida yurayotgandek, go‘yo.

Peshqadam yengil atletikachining musobaqalar jarayonidagi ijobiy kayfiyati boshqa raqiblarini ham tabassumga boshlamoqda. 17 avgust kuni o‘tgan 200 metrga yugurish bo‘yicha musobaqalarning yarim finalida Useyn Bolt o‘zining raqibi, kanadalik Andre De Grassni ham muxlislarga shunday tabassum hadya etishga majbur qildi. Finish sari chopayotgan jahonning eng tez kishisi uning o‘ng tomonida yugurayotgan De Grassga o‘zining olamshumul jilmayishi bilan murojaat qilgan va raqib ham unga xuddi shu uslubda javob qaytargan.

Yamaykalik Huseyn Bolt finishga 19.78 sekundda yetib kelgan bo‘lsa, kanadalik sportchi finish chizig‘ini undan 0.02 sekund farq bilan ikkinchi bo‘lib bosib o‘tdi.

Bugun bo‘lib o‘tishi kutilayotgan 200 metrga yugurish bo‘yicha musobaqaning finalida ham Huseyn Boltning tillarda doston tabassumini tarixga muhrlash uchun yuzlab fotosuratchilar shay turishgan bo‘lsa ajab emas.