Bilasizmi?

Urush faxriylariga, sobiq asirlarga va qamalda bo‘lganlarga bepul oziq-ovqat va kiyim beriladi

Ikkinchi jahon urushi faxriylari, fashistlar konslagerlarining sobiq balog‘atga yetmagan asirlari va Leningrad qamalini boshdan kechirgan O‘zbekiston fuqarolariga bundan buyon oy sayin oziq-ovqat mahsulotlari va har mavsumda kiyim-kechaklar bepul beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi o‘tgan haftaning oxirida qaror qabul qildi.

Qarorga asosan, har oyning 15-kunida har bir odamga 3 kilo un, 1 kilo gurunch, 500 gramm grechka, 500 gramm makaron, 1 kilo suyaksiz mol go‘shti, 1 kilo parranda go‘shti, 200 gram saryog‘, 15ta tuxum, 1 kilo shakar, 1 litr kungaboqar moyi, 200 gramm choy, 100 gram sovun, 200 gram kir sovun, 150 gramm kir yuvish poroshogi va 8ta pampersdan iborat paket bepul beriladi.

Bundan tashqari har yili kuz mavsumida erkaklarga kostyum, qishki va yozgi oyoq kiyim, issiq ich kiyim, sviter, ko‘ylak, ich kiyim (2 dona), paypoq (4 dona), ayollarga esa issiq ko‘ylak, issiq ich kiyim, qishqi va yozgi poyabzal, yozgi ko‘ylak, sviter, ich kiyim (2 dona) va chulki (4 dona) bepul beriladi.

Qarorda ikki yilda bir marta erkaklarga kurtka va bosh kiyim, ayollarga palto, yozgi va qishki ro‘mol berilishi ham nazarda tutilgan.

16 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga joriy yilda 5 million so‘mdan bir martalik mukofot puli berish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.

Mazkur qaror 9 may- Xotira va Qadrlash kunini nishonlash va fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 73 yilligi munosabati bilan qabul qilindi.

Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistonda yashagan 6,5 million aholining 1,5 millioni frontga ketgan, ulardan 420 mingi qaytib kelmagan, 640 mingi yaralangan.

Urush yillarida xavfli hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 million odam, jumladan, 300 ming yetim qolgan bolani O‘zbekiston ochlik va o‘limdan saqlab qolgan.