Salomatlik

Umringizni yoqib yubormang! (2 qism)

Sigareta chekish Yevropa mamlakatlari orasida ayniqsa, Buyuk Britaniyada keng tarqalgan. Og‘zidagi trubkani barmoqlari orasida qisib, jinoiy ishlar iziga tushgan, aqlu zakovati bilan Angliyada mashhur bo‘lgan badiiy qahramon – Sherlok Xolms ham tamaki ixlosmandi sifatida tasvirlanadi. Tamaki yoki sigaretaning xalq sevgan qahramonlarning ramziga aylanishi ma’lum ma’noda og‘uning mamlakat bo‘ylab tarqalishiga xizmat qildi. Bugungi kunda bu balo o‘rtacha har kun 300, yiliga 100 ming nafar britaniyalikning boshiga yetmoqda. Ularning deyarli 42,800 nafari saraton kasalligi, 30,600 nafari yurak qon-tomir xastaliklari, 29,100 nafari to‘qimalarning kengayishi va unda havo to‘planishi oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.

Ayni kunga kelib tamaki mahsulotlari iste’moli bois yuzaga keluvchi saraton kasalligining turli xildagi ko‘rinishlari bilan og‘rigan bemorlarga to‘lib-toshgan G‘arb mamlakatlari “ko‘rinmas ajal”ga qarshi beayov kurashmoqda. Xususan, jamoat joyida, yosh bolali mashinada yoki ta’qiqlangan boshqa joylarda chekkani uchun fuqarolar 500 AQSh dollarigacha jarima to‘lamoqdalar. Ularning aybi – chekkani emas. Aslida ular har bir sigareta evaziga 12 daqiqalik umrlaridan voz kechayotganliklari bois jazolanmoqdalar.

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar jahon bo‘ylab o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, tamaki nazorati bo‘yicha imzolangan bitimdan so‘ng tashkilotga a’zo aksariyat davlatlarda jamoat joylarida chekishni ta’qiqlash va tamaki va sigareta chekishni reklamalar orqali targ‘ibot qilishni cheklashga erishildi. Do‘konlarda tamaki mahsulotlarini peshtaxtalarda namoyishkorona reklama qilinishiga chek qo‘yildi. Bu kabi tadbirlar o‘zining samarali natijalarini bermoqda. Agar o‘tgan asrning 80-yillarida G‘arb aholisining 60%i sigareta chekkan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich ko‘pchilik mamlakatlarda 21 %ni tashkil etmoqda. Ayni kunda Yevropa davlatlari orasida Rossiya Federatsiyasi Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan ashaddiy “chekuvchi” davlatlar qatoriga kiritilgan. Tashkilotning ma’lumotlariga ko‘ra, sigareta chekuvchilar mamlakat aholisining 50%ini tashkil etadi. Aholini sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilish, kashandalar miqdorini qisqartirish bilan bog‘liq muammolar Rossiya Federatsiyasi hukumatini jiddiy tashvishga solmoqda.

Sigareta chekish – bu shaxsiy tanlov. Insonlar kashandalik “kasali”ga asosan taqlid qilish, noxush hissiyotlardan forig‘ bo‘lish, asablarini tinchlantirish va dam olish, biror guruhdan ajralib qolmaslik yoki aksincha boshqalardan ajralib turish maqsadida yo‘liqadilar. Ammo muammolarni hal qilish yoki diqqatni jamlashda sigareta hech qaysi muhim vazifani bajarmaydi. Aksincha, ruhshunoslarning olib borgan ilmiy izlanishlari tamaki mahsulotlarini iste’mol qiluvchi kishilarning boshqalarga nisbatan tezroq tushkunlikka tushishlarini, boshqalarga nisbatan asabiy ekanliklarini isbotlagan.

Bir necha daqiqalik chekish bir umrlik azobning ibtidosidir. Sigareta tarkibida 4000 dan ziyod kimyoviy birikmalar, eng kamida 400 turdagi zaharli unsurlar mavjud. Bedavo dardlardan biri hisoblangan saraton kasalligi aynan kashandalarda ko‘p uchrayotgani uning salomatligimiz uchun naqadar xavfli ekanini ko‘rsatadi. Bugun yurak xastaligi sababli hayotdan ko‘z yumayotgan har 4 nafar o‘smirning uchtasi sigareta chekish oqibatida bu kasallikka mubtalo bo‘lgan.

Har kuni o‘rtacha 10-15 dona sigareta tutatayotgan insonlarning aksariyati 50 yoshdan so‘ng saraton kasalligiga chalinmoqdalar. Sigareta o‘pkaning chirishi, og‘iz va tomoq bo‘shlig‘idagi hujayra to‘qimalarining ishdan chiqishi, jinsiy zaiflik, tishlarning to‘kilishi, ko‘rish qobiliyatining pasayib ketishi, yurak qon-tomir tizimidagi shikastlanishlar, tug‘ruq jarayonidagi qiyinchiliklar, oshqozon-ichak kasalliklari, qandli diabet xastaligiga chalinish xavfining ortishi va boshqa xastaliklarning “muallifi”dir.

Hayot muqaddas bo‘lgani bois, e’tiqodimizga ko‘ra insonning o‘z joniga suiqasd qilishi og‘ir gunoh hisoblanadi. Bugun kayfiyatimizni ko‘targandek, asabimizni tinchlantirgandek tuyulgan sigareta evaziga o‘z jonimizga qasd qilamiz, bir muddat o‘tib dahshatli dardlar girdobiga tushib qolamiz.