Bilasizmi?

Uinston Cherchillning 90 yillik hayoti qoidalari, tavsiya va mashhur fikrlari

Uinston Cherchill 1874 yilda Buyuk Britaniyada tug‘ilgan, oddiy askarlikdan tortib, deyarli 60 yil mobaynida mamlakatning nufuzli lavozimlarida, xususan Ichki ishlar vaziri, Mudofaa vaziri hamda Bosh vaziri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Cherchillning jahon urushlarida erishilgan g‘alabadagi hissasi muhim bo‘lgan.

Uinston Cherchill 1895 yilda Britaniya armiyasining 4-kavaleriya polkiga qabul qilinib, Hindiston va Sudandagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.

Umri ikkita jahon urushlari orasida o‘tgan Uinston Cherchill nafaqat mohir sarkarda, balki iste’dodli adib sifatida ham nom qozongan. U armiyadan turib The Pioneer hamda Daily Telegraph gazetalari uchun harbiy xabarlar yozib turgan.

Harbiylikdan ketib, muxbir bo‘lib ishlayotganida Afrikada asirga tushadi va 2 ming chaqirim masofani bosib o‘tib, asirlikdan omon chiqishga erishadi. Urush xotiralariga bag‘ishlangan "Malakaland maydonidagi zo‘ravonlik hikoyasi", "Urush daryosi" kitoblari uni adib sifatida mashhur qilgan.

Uinston Cherchillning hayot qoidalari:

Tarixni o‘rganing. Cherchill doimo "tarixni o‘rganing, jamiyatdagi barcha muammolarning yechimi tarixda mavjud," deyishdan charchamas edi. Bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha u tarix kitoblarini o‘qir ekan. "Men ko‘rgan va yozayotgan ayanchli tarixga chuqurroq nazar solish insoniyatni urushlardan saqlab qoladi," degan edi u.

Uning yana bir mashhur fikri: “Agar ortingga ham bir muddat qaray olganingda edi, bir oz oldinroqni ham ko‘rgan bo‘lar eding.”

Qahramon bo‘ling va jasorat ko‘rsating. Cherchill yozgan kitoblarda harbiylarga xos mardlik va qahramonliklar tasvirlanadi. Ularni o‘qir ekansiz, ilhomlanib odamlarga yaxshilik qilishga, og‘ir damlarda boshqalarga yordam berishga chog‘lanasiz.  Cherchill o‘z kitoblariga “inson zakovati – jasurligi haqidagi hikoyalar” deya ta’rif berar edi.

Ajdodlaringiz kim bo‘lganini unutmang. Cherchill ota-bobolarining hayotiga bag‘ishlangan bir qator tarjimai hollar yozgach, uning nufuzi xalq orasida yanada oshib ketgan. U doimo o‘tmishi bilan faxrlanib yashagan ekan.

Oilaga e’tiborli bo‘ling va rafiqangiz fikriga ham quloq tuting. Davlat arbobining turmush o‘rtog‘i bo‘lish oson emas. Klementina Cherchill eng mashaqqatli davrda ham erini qo‘llab-quvvatladi. O‘z navbatida, Uinsten Cherchill ham rafiqasiga nisbatan e’tiborli, hurmati yuqori bo‘lgan. Siyosatchi sifatida ham, oila boshlig‘i sifatida ham har masalada turmush o‘rtog‘i bilan maslahat qilishni unutmagan.

Munosib inson bo‘lishga qaror qilish – go‘zal taqdirning asosi. Uinston Cherchill doimo maqsad sari intilgan va muvaffaqiyatsizliklarni tan olmagan. Asirga tushganida ham 2 ming chaqirim masofa bosib, yashab qolish uchun, hayot uchun kurashgan.

"Bizning barchamiz yer chuvalchanglarimiz. Ammo men o‘zimning tillaqo‘ng‘iz ekanimni yaxshi bilaman," der edi davlat arbobi.

Buyuklik yo‘lida mashaqqatlarni yengishda donolikdan foydalaning. “Jamiki buyuk narsalar oddiy. Ularni yagona so‘zlar bilan ham ifodalash mumkin: ozodlik, adolat, g‘urur, burch, saxovat, umid,” degan edi janob Cherchill.

Hamkasblardan faqatgina eng yaxshisini talab qiling. Ikkinchi jahon urushida Cherchillning talabchanligi va qattiqqo‘lligi natijasida muhim janglarda g‘alaba qozonilgan. Uning uzoq yillar muvaffaqiyatli rahbarligining asosi ham atrofida iqtidorli xodimlarni jamlay olgani bilan izohlanadi.

O‘zingizga ishonsangiz ham, tavoze (kamtarinlik) bilan harakat qiling. 1953 yilda Cherchillga Nobel mukofoti berilganida u mukofotni turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda qabul qilib olgan. "Umid qilamanki, bu mukofotni menga berib xato qilmadingiz. O‘zimni bunga u qadar munosib ko‘rmasam ham, boshqa  nomzod yo‘qligi bois, uni olishga majburman," degan edi u minnatdorchilik nutqida.

(Tomas Mayerning “Sherlar o‘kirganda” kitobidan olindi)

Uinston Cherchillning mashhur fikrlari:

Tarixni g‘oliblar yozadi.

***

Kuch yoki aql emas, sa’y-harakatda qat’iy bo‘lish inson salohiyatini namoyon qiladi.

***

An’anasiz san’atning cho‘ponsiz qo‘ylar podasidan, ilg‘or g‘oyalardan mahrum san’atning o‘lik tanadan farqi yo‘q.

***

Xulq-atvor katta masalalarni hal qiluvchi kichkina omil.

***

O‘zgarish yuksalish degani. Takomillashish uchun esa tez-tez o‘zgarish kerak.

***

Agar o‘zingizni do‘zzaxda deb o‘ylasangiz, u yerda qolib ketmaslki uchun, yurishda davom eting.

***

O‘rnidan turish va so‘zlash jasorat, shu bilan birga o‘tirib, tinglash ham jasoratdir.

***

Pessimist har imkoniyatda mashaqqat ko‘radi, optimist har mashaqqatda imkoniyat ko‘radi.

***

Dushmanlaring bormi? Bu yaxshi. Bu hayotda nima uchundir kurashayotganingni anglatadi.

***

Yashash uchun nimadir olish kun ko‘rishni anglatadi. Ammo kimningdir yashashi uchun biror nima berish – munosib hayot sharti.

***

Hayotimdagi eng yorqin yutug‘im turmush o‘rtog‘imni menga turmushga chiqishga ko‘ndira olganimdir.

***

Harakatdan emas, harakatsizlikdan tashvishlanganman.

***

Barchamiz aytilmagan so‘zlarning sohibi, og‘zimizdan chiqqan so‘zlarning qulimiz.

***

Avvaliga biz binolarga shakl beramiz. Keyin esa binolar bizni shakllantirishadi.

***

Buyuklikning qadr-qimmati mas’uliyat bilan o‘lchanadi.

***

Modomiki, o‘tmish va hozir o‘rtasida nizo chiqar ekan, kelajakni boy beramiz.

***

Varrak shamol bilan birga emas, unga qarshi uchib samoga ko‘tariladi.

***

Kelajak ongga hukmdorlik qilganlarniki.

***

Buyuk va yaxshi odam o‘rtasidagi farq unchalik ham katta emas.

***

Inson har sohada kuchli bo‘ldi-yu, faqat o‘ziga kelganda oqsayapti.

***

Urush – qo‘pol xatolar ro‘yxati.

***

Muvaffaqiyat so‘nggi manzil yoki omadsizlik qismat degani emas. Ularning har ikkalasi jasorat bilan hisoblashadi.

***