OOO “UAZ” O‘zbekistonda o‘z avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganib chiqmoqda. Ayni damda muzokaralar boshlang‘ich bosqichda, deb xabar qilmoqda RIA Novosti, UAZning MDH bo‘limi rahbari Aleksey Zabolotnovga asoslanib.
“Rejalarimizdan biri – avtomobillarimizni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. O‘zbekistonda avtomobil biznesi borasida juda yaxshi imkoniyatlar bor”, — dedi Zabolotnov Toshkentda bugun boshlangan Expo-Russia Uzbekistan 2018 ko‘rgazmasida.
Zabolotnov aytishiga qaraganda, ayni damda UAZ vakilari “O‘zavtosanoat” bilan yaqin hamkorlikda, ushbu loyihaning iqtisodiy asoslari o‘rganib chiqishmoqda. O‘zbekistonda UAZning Patriot, Pickup va Profi modellarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
“Ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, texnik xizmat ko‘rsatish borasida biz, an’anaviy ravishda, g‘arbiy brendlarga qaraganda mijozga yaqinroqmiz”, — dedi zavod vakili.
Sotuv rejalari borasida, 2018 yilda UAZ O‘zbekistonda sotilgan avtomobillar sonini 1000 taga yetkazmoqchi. 2017 yilda ushbu ko‘rsatgich 400 tani tashkil qilgan edi.