Erkak.uz'ning o‘quvchilaridan biri kech uylanishning salbiy oqibatlari haqida ma’lumot berishimizni so‘rab, tahririyatga murojaat qilgan edi. Biz mazkur murojaat yuzasidan quyidagi materialni tayyorladik. Maqolada keltirilgan barcha ma’lumot va tavsiyalar ilmiy isbotlangan va xorijning yetakchi nashrlarida e’lon qilingan.
Donishmand Suqrot atrofidagi yosh-yalang yigitlarga erkaklar hayotiga xos bilimlardan so‘zlar ekan, ularga uylanishni 30 yoshdan oshirmaslik kerakligini aytadi. Har narsaning me’yori yaxshi. Erta turmush qanchalar zararli bo‘lsa, kech turmush ham shu darajada xavfli.
Bugunga kelib ilm ham oilaviy rishtalarni bog‘lashga kechikkan yoshlar hayotda qator ijtimoiy, hissiy va jinsiy muammolarga duch kelishlari mumkinligini aytmoqda.
Kech uylanishning ta’sirlariga oid tadqiqot Virjiniya universitetining maxsus loyihasi davomida o‘rganib borildi. Xulosa shunday bo‘ldiki, erkaklar uchun turmush qurish uchun eng ma’qul yosh 28 va ayollar uchun turmushga chiqishning eng ma’qul yosh 26 ekan.
Uylanmagan ayol va erkaklarning turmush tarzi o‘rganilganida, ularning aksariyati ichkilikbozlik illati va tushkunlik girdobiga tushib qolgani, ular o‘zlarini turmush qurgan juftlarga qaraganda baxtsizroq his qilishi ma’lum bo‘lgan.
Uylanmagan, yoshi o‘tib borayotgan yigitlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilganida, ularning 90 foizi uylanmaslik sababini iqtisodiy mustaqil bo‘lish rejasi bilan bog‘lashgan. Ya’ni, ular uylangunlariga qadar uy-joyli, mustahkam ish va mashinali bo‘lishni istashar ekan.
Turmush qurishni kechiktirgan yollarni oiladan to‘sib qo‘yadigan bosh sabab – karera yoki kasbiy yuksalish bo‘lib, ular oiladan ko‘ra ishni afzal ko‘rishar ekan. Bu kabi ayollarning oila qurgan erkaklarga qaraganda ko‘proq daromad topishi ma’lum bo‘lgan.
AQShda kollejni tamomlagan, ish bilan mushg‘ul bo‘lib, so‘ng 30 yoshda turmushga chiqqan ayol 20 yoshida turmushga chiqqan ayolga qaraganda 15 ming AQSh dollari ko‘proq mablag‘ topar ekan. Kech turmush qurgan juftliklar daromadi ham erta qurilgan oilanikiga nisbatan 20 ming AQSh dollari ko‘p ekan. Ammo mustahkamlilik va farovonlik darajasi, salomatlik va sog‘lom turmush masalasida o‘z vaqtida qurilgan turmushning afzal ekanligi ma’lum bo‘ladi.
IHS Global Insight iqtisodiy bashoratlarni tahlil qiluvchi kompaniyasi 2012 yilda tadqiqot o‘tkazib, kollej va ta’lim muassasalarida o‘qish narxining qimmatlashib borayotgani ham yoshlarni uylanishga bo‘lgan qarorini kechiktirishlariga asosiy sabablaridan ekanini aniqlagan. Bu kabi bo‘ydoq yoshlarning aksari mas’uliyatdan qochishi, turmushi yaxshi kechmasligidan qo‘rqishi, ajrashib ketishdan cho‘chishi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, bugun rivojlangan davlatlarda turmush qurib, farzand ko‘rishni istamayotgan yosh oilalar soni ham oshib bormoqda. Xususan, AQShda o‘tkazilgan so‘rovda ishtirokchilar orasidan 35-44 yoshdagi ayollarning 13 foizida farzand o‘zlarining xohishlariga ko‘ra yo‘qligi, 30 yoshdagi ayollarning esa 40 foizi bu yoshda farzand ko‘rishni istamasligi ma’lum bo‘lgan.
Uylanishni kechiktirish oilaning farzand ko‘rish imkoniyatini qisqartirib yuboradi. Ya’ni, tadqiqotlar 35 yoshdan o‘tgan ayollarning 4 nafaridan biri homilador bo‘lish imkoniyatidan mahrum bo‘lishini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, turmush tarzi va erkakning o‘z salomatligiga bo‘lgan e’tiboridan kelib chiqib, kech uylanish erkakda sog‘lom urug‘ ishlab chiqarish imkonining qisqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Oilali insonlarning turmush tarzi yolg‘iz, ajrashgan odamlarnikiga qaraganda tartibli va chiroyli bo‘lishi bor gap. Oila xurjunining bo‘yinga tushishidan qochish asosan bo‘ydoqlarning ruhiy holatidagi jarayon bilan bog‘liq.
Tibbiy xulosa va ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bo‘ydoqlarda yurak urishining sekinligi bilan bog‘liq kasalliklar uchrashi, ularning saraton, insult, zotiljam, sil va jinsiy kasalliklar bilan og‘rishi ko‘p kuzatiladi.
Oilali erkaklar esa bardam-baquvvat, ruhan sog‘lom bo‘lib, ulardagi ruhiy zarbalardan himoyalanganlik ham yuqori darajada bo‘ladi.
Buning asosiy sababi esa, oilada hissiy va ijtimoiy munosabatlar, juftlarning bir-birlarini jismoniy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashlari, sog‘liklaridan ko‘z-quloq bo‘lib turishlari ekan.
AQShda o‘tkazilgan “Knot Yet” tadqiqot loyihasi natijalariga ko‘ra, 24-26 yoshlarida turmush qurgan ayol va erkaklar o‘z turmushlarini "juda baxtiyor" deb hisoblashar ekan. Bu davrda insonda ruhiy sog‘lomlik va tuyg‘ularida barqarorlik kuzatiladi.
Ota-bobolarimiz ham ruhiy sog‘lom bo‘lish, zino yo‘liga kirmaslik, hayotni risoladagidek tartibga solish uchun o‘z vaqtida uylanishni tavsiya qilishgan.