Bilasizmi?

Toshkentni yashil kamar bilan o‘rash taklif qilindi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Toshkent hokimiyati daraxt va yashil ekinzorlar himoyasini kuchaytirish, ularning noqonuniy kesilishiga qarshi kurash va ularni ishonchli himoya qilish tizimini yaratish to‘g‘risidagi qo‘shma qaror tafsilotlarini ma’lum qildi.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qayd etilishicha, 1 sentyabrdan kuchga kiruvchi hujjatda ayni paytda mavjud bo‘lsa ham amaliyotda qo‘llanilmayotgan sanitar kesish me’yorlari belgilab beriladi. Bundan tashqari, qaror bitta kesilgan o‘rniga eng kamida 10 tasini ekish majburiyatini ham yuklaydi.

Poytaxt hokimiyati huzuridagi Shahar obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida avval mavjud bo‘lgan O‘simliklarni himoya qilish stansiyasi faoliyati qayta tiklanadi.

1 sentyabrdan daraxtlarni kesish va ularga shakl berish bilan faqatgina shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi. Hozirgi vaqtda esa bu ish bilan «xususiy tadbirkor» ko‘rinishidagi daraxt kesuvchilar ham noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelmoqda.

Bundan tashqari, odobonlashtirish boshqarmasi oldindan mahalla qo‘mitasi va profilaktika inspektorlarini daraxtlarni kesish yoki ularga shakl berish rejasi haqida ogohlantiradi.

Hokimiyatdan qandaydir ob’yekt qurilish bo‘yicha ruxsat olgan tadbirkorlar har bir kesilgan daraxt uchun eng kamida 10 ta yangisini ekishlari lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, hokimiyat saytida daraxtlarning elektron ro‘yxati va ularni kesishga ruxsatnomalar joylashtiriladi.

Toshkent ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusov hokimiyat daraxtlarni kesishga ruxsat berishi, Davlat ekologiya qo‘mitasi esa faqatgina xulosa berishini aniqlashtirdi.

Joriy yilning birinchi yarmida Davlat ekologiya qo‘mitasiga O‘zbekiston bo‘yicha 4418 ta daraxtni kesish uchun 607 ta murojaat kelib tushgan. 2846 ta holatda ijobiy, 1572 holatda — salbiy xulosa berilgan. 95 holatda noqonuniy daraxt kesish qayd etilib, 17 mln so‘mlik jarimaga tortilgan (ayni paytda 62 holat bo‘yicha 10 mln so‘mlik jarimalar undirilgan).

Davlat ekologiya qo‘mitasi bo‘linmalari 86 holat bo‘yicha sudlarga 930 mln so‘mdan ziyod miqdordagi jarimalarni undirish to‘g‘risidagi da’volar kiritilgan. Masalan, Toshkentning Shayxontohur tumanida 21 iyun kuni uchta chinor, beshta shumtol va bitta olxo‘ri daraxti noqonuniy ravishda kesilgan. Tovon pulining jami miqdori 112 mln so‘mni tashkil etdi.

«Hozirda xulosa berishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Avvallari bir inspektor — Bioinspeksiya xodimi joyga borib xulosa bergan. Endi esa har bir holat bo‘yicha ikki nafar inspektor, jumlada Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimi joyga chiqadi. Bundan tashqari, xulosani rasmiylashtirishda mahalla qo‘mitasi yoki UJShU fikri hisobga olinadi. Bu mahalliy aholi xabardorligini oshiradi», — dedi Nodirjon Yunusov.

U Toshkentda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 44 nafar inspektor faoliyat ko‘rsatishi, kelgusida jamoat ekoinspektorlari dasturini amalga oshirish rejalashtirilayotganini ta’kidlab o‘tdi. «Mazkur institut hozirda mavjud, zarur qonunchilik aktlari qabul qilingan, biroq bugungi kunga qadar ushbu institut ishlamagan». — dedi boshqarma boshlig‘i.

Nodirjon Yunusov Toshkentda barcha daraxtlar inventarizatsiyadan o‘tkazilishi, kelgusi 2−5−10 yil uchun daraxtlar o‘tqazish rejasini qabul qilish va ko‘chatxonalar (plantatsiyalar) tashkil etish hamda kasal va kuchsizlangan daraxtlarni sog‘lomlashtirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Yaqinda Orol bo‘yicha qum bo‘ronlari bo‘lib o‘tgani haqida so‘zlar ekan, Nodirjon Yunusov Toshkent atrofiga yashil kamar tashkil etish imkoniyatlari to‘g‘risidagi g‘oyani o‘rtoqlashdi. Ushbu kamar shaharni changdan himoya qiladi va ekologik vaziyatni sog‘lomlashtiradi.

Dunyodagi eng yashil shahar — Islandiyaning Reykyavik shahri hisoblanadi. U yerda har bir fuqaroga 410 kv. m yashil hudud to‘g‘ri keladi. Har bir toshkentlikka esa bor-yo‘g‘i 60 kv. m yashillik to‘g‘ri keladi, dedi Nodirjon Yunusov. Poytaxt hokimiyati Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda mazkur ko‘rsatkichni yaxshilashni maqsad qilgan.

Daraxtlar kesilishiga moratoriy e’lon qilish masalasida u har bir holatda ham daraxtni asrab qolish imkonsiz ekanini, ba’zida kesish uni saqlab qolishdan ko‘proq foydali ekani bilan izohladi.

Toshkent hokimiyati huzuridagi jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov qo‘shma qarordagi daraxtlarni saqlab qolish va noqonuniy kesganlik uchun jarimalar miqdorini bir necha barobarga oshirishga aloqador qo‘shimcha bandlarini sanab o‘tdi.

Hikmat Abdurahmonov bahor yoki kuzda «Daraxtlar kuni"ni o‘tkazish, unda faol shaharliklar va jamoat tashkilotlarini jalb etgan holda daraxt ekishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Bundan tashqari, uning fikricha, to‘kilgan barg-xazonlarni qayta ishlash va ulardan qo‘shimcha mahsulotlar — o‘g‘it va briketlar tayyorlash lozim.