“Yosh innovatsiyachi” ko‘rik tanlovida ishtirok etgan ixtirochilarning yaratgan loyihalari va g‘oyalari bilan tanishtirishda davom etamiz.
Toshkent radiotexnika va avtomatika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Muhammadamin Umarov qator loyihalar muallifi hisoblanadi. “Yosh innovatsiyachi” ko‘rik tanlovida u yaratgan agrorobot va qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatiladigan dronlar barchada qiziqish uyg‘otdi.
– Biz yaratgan agrorobot o‘simliklarni tekshiradi, – deydi Muhammadamin Umarov. – Qaysi o‘simlik yaxshi rivojlanyapti, qaysi birining rivojlanishida kamchiliklar bor barchasi haqida ma’lumot yig‘ib kompyuterga yo‘naltiradi. Bu o‘z navbatida o‘simliklarning yaxshi rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Yosh ixtirochining ikkinchi loyihasi dronlar ham qishloq xo‘jaligi sohasida juda qo‘l keladi. Ushbu drondan qo‘l mehnatini ishlatmagan holda dori sepish va boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin. Ko‘rik tanlov ishtirokchisining shu va boshqa loyihalari haqida quyidagi videolavhada batafsil tanishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, “Yosh innovatsiyachi” tanlovi doirasida O‘zLiDeP bir yil davomida 42 yosh ixtirochiga stipendiya berishini ma’lum qilgan edi.