“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning “Maxsus aviatsiya ishlari” aviakompaniyasi turoperatorlar, agentliklar va barcha xohlovchilarga O‘zbekistonning go‘zal go‘shalariga vertolyotda sayr hilish xizmatidan foydalanishni taklif qildi. “Maxsus aviatsiya ishlari” aviakompaniyasi xodimi Jamshid Abdullayevning aytishicha, sayr qilishning dastlabki bahosi soatiga 18 million 200 ming so‘m deb belgilangan.
Poytaxtdan Zarafshon tog‘ tizmalariga parvoz qilish va qaytish 5 soat davom etadi. Vertolyotga ko‘pi bilan 16 sayyoh olinishi mumkin. Demak, sayohatchilar guruhi dastavval 91 million so‘m yig‘ishi lozim bo‘ladi, deb yozadi "Zarafshon" gazetasi.
Shuningdek, aviakompaniya aerodromdan foydalangani uchun 431 768 so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Demak, guruh Toshkent va Zarafshondagi aerodromlar uchun jami yana 863 536 ming so‘m berishlari kerak bo‘ladi.
Hisob-kitobga ko‘ra, sayohat bahosi jami 91 million 863 ming 536 so‘mni tashkil etadi. Guruhda 1 kishidan 16 (ayrim vertolyotda 20) kishigacha bo‘lishi mumkin.
Yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, bu – dastlabki narxlar. Agar siz turfirma yoki sayyohlik agentliklari orqali sayr qilmoqchi bo‘lsangiz, ularning ham xizmat haqqini to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.
Narxlar mahalliy sayohlar va xorijliklar uchun farq qilmaydi.