Bilasizmi?

Toshkentda azon musobaqasi o‘tkaziladi

Joriy yilning 8 iyun kuni soat 14:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida talabalar o‘rtasida “Najotga shoshilaylik” shiori ostida azon musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Musobaqa 2 shart bo‘yicha o‘tkaziladi:

Birinchi shartda ishtirokchilarning azonni mahorat bilan aytib berishi talab etiladi. Bunda hakamlar ovoz, tarannum va to‘g‘ri talaffuz me’yorlari bo‘yicha baho qo‘yadilar

Ikkinchi shartda ishtirokchilar bilet asosida azonga doir fiqhiy savollarga javob beradilar. Xabarda, hakamlar javoblarning to‘liq va mukammalligiga alohida e’tibor qaratishlari aytilgan.

Mazkur shartda ishtirokchilarga quyidagi fiqhiy savol va topshiriqlar beriladi:

- Azonning makruhlarini sanab bering - Azonning mustahablarini sanab bering - Azonning sunnatlarini sanab bering - Azonning shartlarini sanab bering - Iqomaning shartlarini sanab bering - Magnit tasmasi orqali azon aytish joizmi? -Dalili bilan aytib bering - Azonda tarji’ nima? Hukmini batafsil bayon qiling - Tasvib nima? Hukmini bayon qiling - Ayol kishi, majnun va mastning azonining hukmi qanday? - Betahorat kishining azon va iqomasining hukmini bayon qiling - Junub kishining azon va iqomasining hukmini bayon qiling - Bitta qazo namozining azon va iqomasi hukmini bayon qiling - Ko‘p qazo namozlariga azon va iqoma aytishning hukmini bayon qiling - Safarda va masjid jamoatida azonning hukmini bayon qiling - Azon duosini tarjimasi bilan aytib bering - Azonning joriy bo‘lish tarixini qisqacha bayon qiling (sanasi, voqeasi) - Abu Mahzuroning tarjimai hollari haqida ma’lumot bering - Azonning zikri kelgan ikki oyatni aytib bering - Azonning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini aytib bering - Farz va juma namozlariga azon aytish hukmini bayon qiling.

Mazkur musobaqani o‘tkazishda Vaqf xayriya jamoat fondi homiylik qilmoqda.