Bilasizmi?

Toshkent viloyatida turistlar uchun axborot markazi ochiladi

Toshkent viloyatida beshta turistlar axborot markazi ochiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi O‘zA.

Xususan, Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron—Angren tog‘ klasterlarida va Yuqorichirchiq tumanida innovatsion «Turistlar axborot markazlari» barpo etish rejalashtirilgan. Rejaga muvofiq Bo‘stonliq tumanining Hojikent hududida, Ohangaron—Angren tog‘ klasteri hududida, Angren—Yangiobod yo‘lida namunaviy, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega «Turistlar axborot markazi» qurilish ishlari tugatildi.

Ushbu innovatsion mobil axborot punktlari orqali turistlarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish, onlayn avia va temir yo‘l chiptalarini sotib olish, mehmonxona bron qilish, taksi chaqirish, umumiy ovqatlanish shahobchalari va boshqa ob’yektlar to‘g‘risida ma’lumot bilan ta’minlash nazarda tutiladi.

Birinchi mobil axborot punkti Angren—Yangiobod yo‘lida yaqin kunlarda ishga tushiriladi. Markazda zaruriy mebel va anjomlar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda. Markaz atrofida infratuzilma rivojlangan bo‘lib, turistlarga turli xil xizmatlar taklif etiladi. Yil oxirigacha yana uchta ana shunday markaz Bo‘stonliq va Parkent tumanlarida ochilishi rejalashtirilgan.