Maktab paytida barchamiz jismoniy tarbiya darsida yugurish bo‘yicha yuklamalarni topshirganmiz. Tan olish kerakki, bu majburiy talab bo‘lgani uchun ham bizga uncha ma’qul mashg‘ulot emasdi. Ba’zan esa yaxshi baho olish uchun ham bu topshiriqni a’lo darajada bajarganmiz. Aslida esa bu sport turi odam organizmi uchun koni foyda. Shuningdek, fikrlashni ham rivojlantiradi, xotirjamlikni ta’minlaydi.
Tonggi yugurish—tanga butun kun uchun quvvat, kechki yugurish—miyaga dam berib, kun intihosida yengil charchoq beradi. Aytgancha, pleyer bunda sizga munosib yo‘ldosh bo‘lishi mumkin.
Albatta, siz sportdan yiroq bo‘lsangiz, buning foydasini birdaniga sezishingiz qiyin. Shuning uchun sizga yugurishni boshlashingiz uchun ba’zi bir tavsiyalar bermoqchimiz.
Mashqni dastlab yengil yugurish bilan boshlash talab etiladi. Belgilab olgan marrani birdaniga, tezlik bilan bosib o‘tishga urinmang, tana zo‘riqishi mumkin. Shuning uchun kuchni tejab, asta-sekin yuguring, burundan nafas olib, og‘izdan chiqaring. Ob-havo qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, yugurishga vaqt ajrating. Unutmang, bu birinchi galda sizning sog‘ligingizga foyda.
Yugurishga tayyorgarlik
Yugurishdan avval, albatta, tanani qizdiruvchi mashqlar talab etiladi. Bunda mushaklar qiziydi va qotib qolmaydi. Bunga e’tiborsiz bo‘lmang. Yugurishga kirishgan dastlabki kunlarda tanani qizdirish 10-15 daqiqa davom etadi. Keyinchalik bu vaqt qisqarib borishi mumkin. Qolaversa, bunda odam o‘z tanasiga “quloq tutishi” kerak. Chunki odam tanasi qizigan-qizimaganini o‘zi sezadi.
Yugurish chog‘ida nafas olish qoidasi
Yugurish paytida to‘g‘ri nafas olish juda muhim. Chunki noto‘g‘ri nafas olinganda kislorod yetishmasligi sababidan biqinda og‘riq turishi mumkin. Nafasni chuqur va bir me’yorda oling. Burunda nafas olib, og‘iz va burundan chiqarish kerak. Chuqur nafas olinganda kislorod organizmga yaxshi singadi va havo yetishmaslik bo‘lmaydi.
Yugurish paytidagi og‘riqlar
Biqinda og‘riq turganda yugurish tempini pasaytiring va chuqur nafas oling. Og‘riq bosilgan, bir tempda yugurishni davom ettirish mumkin. Yuqorida ta’kidlanganidek, og‘riq organizmda kislorod yetishmasligidan kelib chiqadi.
Yugurish uchun krossovkalar
Yugurish paytida oyoq kiyimning to‘g‘ri tanlovi muhim ahamiyatga ega. Sport oyoq kiyimlari savdo do‘koniga kirganingizda sotuvchiga yugurish joyini ayting. Chunki sport zalidagi yugurish yo‘lakchasidagi yugurish bilan asfaltda yugurishning farqi bor.
Sport oyoq kiyimidagi eng asosiy xususiyat — bu amortizatsiya. Oyoq kiyim qanchalik egiluvchan bo‘lsa, zarbni shuncha yaxshi qisqartiradi, turli jarohatlarning oldini oladi. Zamonaviy sport oyoq kiyimlarida turli amortizatsion materiallardan foydalaniladi. Yuguruvchining vazniga ko‘ra, uning qalinligi tanlanadi. Odam qanchalik katta vaznda bo‘lsa, oyoq kiyimning tag qismi ham shuncha qalin bo‘lishi kerak. Yoki buning aksi.
Yugurish uchun kiyimlar
Kiyimning farqi yo‘q. Eng muhimi, yugurishga qulay, egiluvchan va harakatga halaqit bermaydigan bo‘lsin. Keyin bunda maqsad ham ahamiyatga ega. Agar siz vazn tashlamoqchi bo‘lsangiz, unda maxsus kiyim kiyish talab etiladi. Masalan, ozish uchun shim yoki bridji. Ular yaxshi terlatadi va vazn kamayishi sabab bo‘ladi. Shuningdek, suvning rejimiga ham e’tibor qiling. Organizm chanqoq sezmasin!
Hammasi juda oddiy. Eng muhimi, erinmaslik va erta turib, yugurishni boshlab olish. Keyin bu o‘zingizga ham yoqib qoladi va odatga aylanadi. O‘qish va ish unumdorligi oshganini aniq sezasiz. Har tomonlama chiniqib borasiz. Bunga oilangiz, farzandlaringizni ham jalb qilsangiz, nur ustiga nur. Xo‘sh, ertadan yugurishni boshlaymizmi?!
Yugurishning foydasi: