Yaqinda endigina ellikka kirgan yaxshi bir akani tuproqqa qo‘ydik. Ichagida yarasi bor ekan. Shu ochilib ketibdi. Ammo bu odamni o‘ldiradigan dard emas. Harqalay, qoloq bo‘lsa ham meditsinamizning bunga aqli yetadi. Biroq marhum shifoxonaga bormagan. — Nega shifoxonaga olib bormadingizlar? — dedim hayron bo‘lib. Ayoli yerga qaraydi. Bolalari onasiga xo‘mrayadi. Bir amallab masalaning tagiga yetdim. Aka yaqinda nabirali bo‘libdi. To‘ng‘ich qizi o‘g‘illi bo‘lib, shunga beshik to‘yi olib borishi kerak ekan. “Beshik to‘yi”ning xarajati katta emish. “Agar men kasalxonaga tushib qolsam to‘y berolmay qolamiz”, deb ota sho‘rlik shifoxonaga bormagan va bir hafta davomida qon tuflab yuravergan. — Bir necha marta aytdim, lekin har safar: “Qudalarning oldida uyatli bo‘lib qolamiz, qizingning ko‘ngli o‘ksiydi”, deb bormadilar, — deydi ayoli. Xullas, shu odam o‘ldi. Bir tiyinga qimmat an’anani, bemavrid g‘ururni deb o‘lib ketdi.
Muhtaram o‘zbeklar, to‘ylar fojeasidan qachon qutiladi? Qachon es kiradi bizga? Biz qachon tonnalab guruch damlab to‘y qilishning fazilat emasligini tushunamiz? Ajabo, bir asr ilgari Behbudiy hazrat ham xuddi shunday nolib yozgan ekanlar. Oradan 100 yil o‘tibdi hamki, hamon o‘sha “qo‘shiq”!
Muallif: Alisher Nazar