Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi «To‘qimachilik sanoati korxonalarini yanada rag‘batlantirish va ularning raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 664-son qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat ichida paxta tolasini sotishga monopoliya bekor qilingan. «O‘zpaxtasanoat» AJ, paxta-to‘qimachilik ishlab-chiqarishlar va klasterlar, shuningdek ichki bozorda sotish uchun import paxta tolasini olib keladigan import qiluvchi tashkilotlar uni birja savdolari orqali sotishadi.
Ichki bozorda paxta tolasini sotish mexanizmida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Buning ustiga ular ham mahalliy to‘qimachilik korxonalariga (xaridorlar), ham «O‘zpaxtasanoat» AJ tarkibiga kiradigan paxta tozalash korxonalariga (yetkazib beruvchilar) daxl qildi.
Birinchidan, umumiy qoidaga ko‘ra, paxta tolasini birjada so‘mga xarid qilgan holda xaridorlar 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirishlari kerak. Biroq, hujjat 2017−2018 yilgi paxta tolasi hosilini sotishning alohida shartlarini joriy qildi:
2017 yilgi xosil uchun — narxining 15 foizini oldindan to‘lash, qolgan 85 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish;
2018 yilgi hosil uchun — narxining 35 foizini oldindan to‘lash, qolgan 65 foiziga bank kafolati berish va yakuniy hisob-kitobni 90 kun mobaynida amalga oshirish.
Ikkinchidan, paxta tolasiga jahon narxlari QQSni hisobga olganda ulgurji preyskurant narxlardan past narxlarda shakllangan taqdirda respublika tashkilotlariga uni sotishda yetkazib beruvchilar QQSni hisoblab chiqaradigan formula o‘zgardi. Agar ilgari asos uchun 10 foiz chegirma bilan jahon narxlari (QQS = jahon narxlari 10 foiz chegirma bilan x 20/120) olingan bo‘lsa, endi haqiqiy sotish narxi olinadi:
QQS = haqiqiy sotish narxi x 20/120.