Bilasizmi?

Tata kompaniyasining Jahongiri

Tatani kim tashkil qilgan va kimlar uni boshqarganini bilasizmi?

Tataning egasi hind mahorojalari singari javohirlar qadalgan ipak salla o‘rab, tilla taqinchoqli filda yurgan, deb xayol qilmang. U boyligining juda kam qismini o‘ziga sarflab, ulushning kattasini xayriyaga ajratgan.

Tata kompaniyasi boyligining beshdan to‘rt qismi xayriya tashkilotlariga o‘tkaziladi. Jumladan, ser Dorabja Tataning va Tata xonimning trest-memorialini (tibbiy tadqiqotlar, ijtimoiy yordam va hokazo) aytib o‘tish lozim.

Tata – kamtar boy

Bu ulkan mamlakatning eng badavlat odamini Tata deb chaqirishgan. Tata uning familiyasi, ismi Jahongir Ratanji Dadabxoy. U ayoli Telma bilan birgalikda kamtarona hayot kechirishda barchaga o‘rnakdir. Mumbayni u eskigina avtomobilida kezib yurgan. Yashaydigan uyi, albatta, ko‘pgina qulayliklarga ega, ammo mutlaqo qasrga o‘xshamagan.

Uning ikki-uchta qadimiy modadagi “Rolls-Roys”i bo‘lib, ammo hech minmagan. Sanoqli xizmatchilari va oddiy turmush tarzini ko‘rib, butun Hindiston sanoatining olti foizini tashkil etuvchi, uch mln nafar odam ishlaydigan imperiya egasi, deb hech kim o‘ylamagan.

Xayr-saxovat ehtiyoji

Jahongir behisob boylikni tasarruf etishiga qaramasdan kamtarona turmushi bilan barchadan ajralib turardi. Naboblar (Hindistondagi musulmon oqsuyaklari unvoni) orasida serhimmatligi bilan tanilgan. “Xalq mehnatining mahsuli xalqqa yetkazilishi zarur”, deb ta’kidlardi Tata. Uning o‘zi gapiga amal qilardi. Firma daromadlarini turli xayriya tashkilotlariga tez-tez o‘tkazar, o‘z xodimlariga yaratib bergan ish sharoiti va maoshlar oldida g‘arb kasaba uyushmasi yetakchilari ham yerga qarab qolardi. Bugun turli xayr-ehsonlarga kompaniyaning 81 foiz kapitali ajratiladi, agar bunga Hindiston hukumati soliqlarini ham qo‘shsak, Tata oilasiga 1,53 foizlik ulush tegmoqda. Ha, arzimas mablag‘.

Majburan boshliq

Darvoqe, Jahongir Ratanji Dadabxoy ulkan Tata imperiyasining asoschisi emas, unga qarindoshlaridan meros qolgan. U kompaniyani katta ishtiyoq bilan emas, miyasida boshqa g‘oyalar chuvalashib yotgan vaqtda qabul qilib olgan.

Hind va fransuzning farzandi bo‘lmish Dadabxoyning bolaligi Yevropada, xususan, Fransiyada o‘tgan. O‘smir aeronavtikaga qattiq qiziqqan, payti yetib osmon uchun emas, yer uchun texnika tayyorlashini xayoliga ham keltirmagandi. Shuning uchun qulog‘igacha ishga cho‘mgan otasi Yevropadan Bombeyga qaytib oilaviy korxona ishiga qo‘shilishni amr qilganda ta’bi xira bo‘lgan.

Amakidan jiyanga

“Tata Grup” asoschisi Jahongir Ratanji Dadabxoyning amakisi Jamshedjiy Nazarvanji Tata (1839-1904) edi. Dastavval, Tata nomli oddiy fabrika bo‘lgan. Daromadi o‘rtamiyona bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar qo‘llashga zo‘r bermagan. Chunki ishchi kuchi suv tekin edi.

So‘ngra Jamshedjiy Tataning ikki o‘g‘li uning ishini davom ettirgan, ammo merosxo‘rlari yo‘q edi. Pirovardida Jahongir Ratanji Dadabxoy korxona yetakchisiga aylangan.

Jamshedjiy Tataning avlodi korxonani boylik orttirish emas, qarzdorlik hissi tufayli rivojlantirdi. Vatanparvar tadbirkor Hindistonni Yevropa mamlakatlari darajasiga olib chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi. U po‘lat quyish sohasida keng faoliyat olib bordi, chunki qora metallurgiya har qanday sanoatning asosi ekanligini hisobga olgandi.

Kofe qoldig‘iga qarab

Jahongir Ratanji Dadabxoy o‘zining ishbilarmonlik qobiliyatini namoyish etib, oilaviy korxona boshqaruvini qo‘liga olganda atigi o‘ttiz to‘rt yoshda edi. U boshqaruvchilik mahoratini namoyish etdi. Amakisining ishini davom ettirib, o‘z atrofiga tashabbuskor, omilkor, bilimdon va g‘oyat intizomli odamlarni to‘pladi. Ular g‘arb universitetlarining bitiruvchilari va korxonani zamonaviy usulda boshqarishning sir-asrorlarini puxta egallagan injenerlar edi. G‘arbda tahsil olgan injenerlar boshqaruv usulini milliy manfaatlarga yo‘naltirdi. Bundan tashqari, Dadabxoy yoniga bashoratchilarni ham jalb qildi, ular birja kurslari va neft bahosini billur shar va kofe qoldig‘iga qarab oldindan aytib berishardi. Aytishlariga qaraganda, burjlarning omadli joylashuviga qaramasdan turib Tataning korxonasida biror qaror qabul qilinmagan.

Iqtisodchilar va karomatgo‘ylarning ko‘rsatmalari bois firma ko‘plab yo‘nalishlarda taraqqiy eta boshladi. Kimyoviy o‘g‘itlar, yuk avtomobillarini tozalash vositalari, temir yo‘l sanoati, elektr energetikasi, mehmonxona ishi, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda faoliyat olib bordi.

O‘tgan yillar mobaynida Tata saltanati tarmog‘i Hindiston sanoati bilan chambarchas bog‘landi.

Kompaniya bugun lokomotivlar, yuk avtomobillari, dastgohlar, qishloq xo‘jaligi mashinalari va burg‘ilovchi uskunalar ishlab chiqaradi. Tataning kimyoviy tarmog‘i esa natriy, magniy, kosmetik mahsulotlar, atir-upa va sovun chiqaradi.

Uchar milliarder

Sayyoramizning eng omadli biznesmenlaridan biriga aylangan Jahongir Ratanji Dadabxoy yoshlikdagi aeronavtikaga qiziqishini so‘ndirmagan. To‘g‘ri, endi u ucholmasdi, shu bois havo transportiga sohasini zabt etishga kirishgan.

U Vinsent Nevil ismli ingliz do‘sti bilan Hindistonda birinchi bo‘lib havoda yuk tashuvchi “Tata Eyrlayns” kompaniyasini tashkil etgan. Samolyotni birinchi bo‘lib shaxsan o‘zi boshqargan. Shundan ko‘ng Karachi, Bombey va Madras o‘rtasida pochta aloqasi yuzaga keldi. Bu tizim mustamlakachilarning o‘zini-o‘zi qoplamaydigan “British Imperial Eyr Servis” aviakompaniyasining o‘rniga paydo bo‘lgan. Darvoqe, kompaniya faoliyatini boshlaganda ikkita ikki motorli samolyoti va uch nafar uchuvchisi bor edi xolos. “Tata Eyrlayns”dan “Indian Eyrlayns” tug‘ildi va hind hukumati uni 1953 yilda natsionalizatsiya qildi.

Dunyo miqyosidan tan olingan

Hindlar 1953 yilda Jahongir Ratanji Dadabxoyni Amerika iqtisodiy nashrlari “Yil menejeri” deb tan olganini mamnuniyat bilan qabul qilishgan.

Reputation Institute har yili o‘tkazadigan tadqiqotida Tata Groupni jahonning eng nufuzli o‘n bir kompaniyasi safiga qo‘ydi (2009). Tadqiqotda olti yuzta xalqaro kompaniya ishtirok etgan.

Tata Group Hindistonda talay ilmiy ishlar, ta’lim markazlari va madaniyat institutlarini moliyalashtiradi. Tata daromadining 2/3 qismi Hindistondan tashqaridan keladi. Tata Group 2011 yilda bozor narxi bo‘yicha Hindistonning eng boy kompaniyasi nomini olgan.

Brand Finance xalqaro konsalting kompaniyasining reytingida Tata 68 mlrd dollarlik mulki bilan dunyoning 50ta eng qimmat brendidan biri bo‘lgan.

2008 yilning 26 martida Amerikaning Ford konserni Jaguar va Land Rover markalarini Tata kompaniyasiga 2,3 mlrd dollarga sotgan. Ingliz brendlari shundan beri hindlarniki sanaladi.

Tata saltanatining poytaxti

Bugun “Tata va uning o‘g‘illari” firmasida uch million nafar odam ishlaydi. Tata kompaniyasini hindistonliklarning har biri biladi. Tata oilasini ba’zan ekspansionizmda ayblashadi. Kompaniyaning g‘oyasi hind hukumati bilan qattiq bog‘langandir.

Tata nomi bilan shuhrat topgan ko‘p sonli korxonalar safiga Jamshedpur shahrini ham qo‘shsak bo‘ladi. Shahar Jamshedjiy Tata sharafiga nomlangan bo‘lib, Kalkuttadan 250 km g‘arbda joylashgan. Shahar ulkan metropoliyaning markazi, bir vaqtning o‘zida metallurgiya majmuasi bo‘lib xizmat qiladi va to‘laligicha firmaga qarashlidir. Uning besh yuz ming aholisi Tata yutuqlarining timsolidir. Shahar aholisiga kompaniya g‘amxo‘rlik qiladi. Tata ularni tibbiy xizmat, gaz va elektr bilan ta’minlaydi, buning uchun aholi arzimas haq to‘laydi.

Mana shuning uchun Tata saltanati fuqarolariga hindistonliklar havas qilishadi va imkon tug‘ilsa, uning tarkibiga kirishga harakat qilishadi.

www.centr-crm.ru asosida tayyorlandi